Sport | 16:36 / 24.05.2019
5664
2 daqiqa o‘qiladi

Lippi Xitoy milliy jamoasiga qaytdi

Foto: Getty Images

To‘rt oy oldin Xitoy milliy jamoasi bosh murabbiyligidan ketgan Marchello Lippi ushbu lavozimga qaytdi. Bu haqda mamlakat futbol assotsiatsiyasi rasmiy saytida darak berilgan.

Ma'lum qilinishicha, italiyalik tajribali mutaxassis oldiga Xitoy milliy jamoasini JCh-2022 final bosqichiga olib chiqish vazifasi qo‘yilgan.

Avvalroq Xitoy matbuoti tomonlar o‘rtasidagi kelishuv ikki qismdan iborat bo‘lishini xabar qilgandi: birinchisi JCh-2022 saralashidan o‘tishni, ikkinchisi Osiyo kubogi – 2023 yarimfinaliga chiqishni ko‘zda tutadi.

Marchello Lippi 2016 yil oktyabridan xitoyliklar termasiga ustozlik qilib, joriy yil boshidagi Osiyo kubogidan so‘ng muddati tugagan shartnomasini uzaytirmagan edi. Uning o‘rniga hamyurti Fabio Kannavaro ikkita o‘yinda Xitoyni bosh murabbiy sifatida boshlab tushdi.

Eslatib o‘tamiz, 71 yoshli mutaxassis 2006 yilda Italiya milliy jamoasini jahon chempionligi sari boshlab borgan. U «skuadra adzurra» boshqaruvida eng uzoq – 31ta o‘yinlik mag‘lubiyatsiz seriya qayd etgan murabbiy sanaladi.

Lippi, shuningdek, «Yuventus» bilan A Seriyada besh marta g‘olib chiqqan, 1996 yilda Chempionlar ligasida chempion bo‘lgan.

Mavzuga oid