Jamiyat | 14:10 / 17.06.2019
18828
4 daqiqa o‘qiladi

Sessiya tabiat uchun zararli(mi)?

Ayni kunlarda respublika oliy ta'lim muassasalarida o‘tgan semestr bo‘yicha yakuniy nazoratlar sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Lekin hozir gap bu sessiyalardagi adolatsizlik, xo‘jachilik va poraxo‘rlik haqida emas.

Baholar hisob-kitob qilinadigan bu «mavsum»da barcha talaba va o‘qituvchilar uchun tanish jarayon takrorlanadi: semestr davomida o‘zlashtirilgan fanlar bo‘yicha qoniqarli baho olish uchun o‘qituvchi talabadan mustaqil ishlarni (referat, portfolio, taqdimot va hokazo) talab qiladi. Darsning murakkabligi, o‘qituvchining talabchanlik va qattiqqo‘llik darajasi, talabaning qoldirgan darslari va yuqori bahoga da'vogarligi kabi omillar ta'sirida bu mustaqil ishlarning hajmi va rang-barangligi ham oshib boradi.

O‘qituvchilarning ta'kidlashicha, mustaqil ish talaba bilimini baholashning mezonlaridan biri hisoblanadi. Semestr davomida to‘planishi kerak bo‘lgan maksimum 100 ballning 10 bali mustaqil ish uchun ajratilgan. Shuningdek, talaba dars qoldirganda («nb»ni «otrabotka» qilish) yoki seminar va amaliy mashg‘ulotlar uchun qo‘shimcha ravishda ham mustaqil ish talab etiladi.

Gap shundaki, bu mustaqil ishlar elektron tarzda topshirish uchun barcha imkoniyatlar bo‘lgani holda, qog‘ozga chiqarib topshirilishi talab etiladi. Sabab sifatida esa «tekshirish kelib qolganda baho uchun isbot» sifatida ko‘rsatilishi ro‘kach qilinadi.

Endi bir hisoblab ko‘raylik. Davlat statistika qo‘mitasi hisobotiga asosan, 2017 yil holatiga ko‘ra respublika bo‘yicha 288,471 nafar talaba mavjud. Ularning har biri bir semestr davomida o‘rtacha 8ta fanni o‘qiydi. Har bir fandan eng kamida o‘rtacha 10 sahifaga ega bitta mustaqil ish talab qilinsa, demak, bitta talaba bir semestrda 80 dona, respublikadagi barcha talabalar esa 23,077,680 dona A4 formatdagi qog‘ozni sarflaydi.

Endi yana bir arifmetika. Internet ma'lumotlariga ko‘ra, bitta o‘rtacha kattalikdagi daraxtdan 11,855 dona A4 formatidagi qog‘oz hosil bo‘ladi. Demak, mustaqil ishlarga sarflanadigan 23,077,60 dona qog‘ozni tayyorlash uchun 1946ta daraxt talab etiladi. Bu faqatgina bir o‘quv semestriga ketadigan xarajat. Ustiga-ustak, har biri 20-30 bet keladigan kurs ishlari va har biri 60 betdan kam bo‘lmagan diplom ishlarini, o‘qituvchilar tomonidan yuritiladigan hujjatlarni hisoblaganimiz yo‘q.

Xorijda talabalar o‘qituvchilarning topshirig‘ini elektron formatda tayyorlab, elektron pochta orqali jo‘natishadi. Biz esa hali «texnikaga ishonch yo‘q» fikridan nari ketolmayapmiz chog‘i. O‘qituvchilarning o‘zlari ham qabul qilinayotgan mustaqil ishlar behuda makulaturadan boshqa narsa emasligini, ammo «yuqoridan kelganlar» qog‘oz talab qilishini ta'kidlaydi.

An'anaviy qog‘ozbozlik usulidan elektron formatga o‘tish vaqti kelgandir?! Har holda, shusiz ham ancha-muncha daraxtlarni kallaklab, tabiatga yetarlicha zarar yetkazyapmiz...

Saodat Abdurahmonova

Mavzuga oid