Sport | 18:59 / 21.06.2019
18358
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonlik sportchilardan qaytarib olingan oltin medallar o‘zbekistonlik gimnastikachilarga topshirildi

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati

Tailandning Pattayya shahrida badiiy gimnastika bo‘yicha Osiyo chempionati start oldi. 

O‘zbekiston Milliy Olimpiya Qo‘mitasi xabariga ko‘ra, musobaqa boshlanishidan oldin, 2017 yilgi qit'a birinchiligining jamoaviy bahslaridagi oltin medallar o‘zbekistonlik gimnastikachilarga topshirilgan.

Gap shundaki, o‘sha paytda Qozog‘iston terma jamoasi g‘alaba qozongan, O‘zbekiston esa ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edi. Biroq Qozog‘iston terma jamoasi gimnastikachilari qon tahlilidan olingan doping namunalari salbiy natija ko‘rsatgach, ularning natijalari bekor qilindi va oltin medallar o‘zbekistonlik sportchilar – Anastasiya Serdyukova, Sabina Tashkenbayeva, Nuriniso Usmonova va Anora Davlatovaga topshirilishi haqida qaror qabul qilindi. Oltin medallarni O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Ruslan Mustayev qabul qilib oldi.

Bundan tashqari, musobaqada to‘pda mashq qilish bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinda qolib ketgan Anastasiya Serdyukova ham qozog‘istonlik raqibining chetlatilishi hisobiga bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Bu yilgi qit'a birinchiligida O‘zbekiston terma jamoasi sharafini yakkalik bahslarida Sabina Tashkenbayeva, Nurinisso Usmonova va Yekaterina Fetisova, guruh bahslarida Nilufar Shomurodova, Dinara Ravshanbekova, Sofiyabonu Kasimova, Kamola Ernazarova, Kseniya Aleksandrova va Sevara Safoyeva himoya qilishmoqda.

Osiyo chempionati 23 iyungacha davom etadi.

Mavzuga oid