O‘zbekiston | 21:03 / 22.06.2019
105825
16 daqiqa o‘qiladi

Qurol to‘g‘risidagi qonun: har bir fuqaro bu haqida nimalarni bilishi kerak?

Xabaringiz bor, kecha, ya'ni 21 iyun kuni Oliy Majlis Senatining XX yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasining «Qurol to‘g‘risida»gi qonuni loyihasi ma'qullandi.

Ushbu qonunning Senat tomonidan ma'qullanishi keng jamoatchilik, ayniqsa ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining turli bahs va munozaralariga sabab bo‘ldi.

Quyidagi fikrlarimiz orqali ushbu qonunning ayrim jihatlariga to‘xtalmoqchimiz.

Qonunning maqsadi qurol va uning o‘q-dorilari muomalasi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish hamda fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini, mulkni himoya qilishga va jamoat xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan.

Qurolning qanday turlari mavjud?

Qurol mo‘ljallanilgan maqsadi hamda asosiy parametrlari va tavsiflariga ko‘ra uchta turga bo‘linadi:

·       fuqaroviy qurol;

·       xizmat quroli;

·       jangovar qurol.

Fuqaroviy qurol — ov va sport bilan shug‘ullanish uchun, shuningdek o‘zini o‘zi himoya qilish maqsadida foydalanish uchun mo‘ljallangan qurol. Fuqaroviy qurol ov, sport va o‘zini o‘zi himoya qilish qurollariga bo‘linadi:

O‘zini o‘zi himoya qilish quroli:

·       gazli qurol – ko‘zdan yosh oqizadigan yoki achishtiradigan moddalar bilan to‘ldirilgan gazli ballonchalar, mexanik purkagichlar, aerozolli qurilmalar va boshqa qurilmalar;

·       elektroshok qurilmalari, uchqun chiqargichlar va shikast yetkazuvchi ta'siri elektr energiyasidan foydalanishga asoslangan boshqa qurilmalar.

Fuqaroviy o‘qotar qurol qatorasiga o‘q uzishni istisno etishi va o‘qdon (baraban) sig‘imi o‘n dona patrondan ortiq bo‘lmasligi kerak.

Xizmat quroli — fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini, mol-mulkni himoya qilishga, tabiatni va tabiiy resurslarni, qimmatbaho va xavfli yuklarni, maxsus xat-xabarlarni muhofaza qilishga doir vazifalarni bajarish chog‘ida yuridik shaxslarning xodimlari (bundan buyon matnda maxsus xizmat vazifalariga ega yuridik shaxslar deb yuritiladi) tomonidan, shuningdek davlat organlarining mansabdor shaxslari tomonidan shaxsiy xavfsizlikni ta'minlash maqsadida foydalanish uchun mo‘ljallangan qurol.

Xizmat quroli qatorasiga o‘q uzishni istisno etishi, o‘qdon (baraban) sig‘imi o‘n dona patrondan ortiq bo‘lmasligi, kalibri silliq stvolli qurol uchun yigirma besh millimetrdan va og‘iz qismidagi quvvat uch yuz ellik joulgacha bo‘lgan soyli kalta stvolli qurol uchun to‘qqiz millimetrdan oshmasligi kerak.

Maxsus xizmat vazifalariga ega yuridik shaxslarning va xizmat qurolini saqlash, olib yurish, undan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan davlat organlari mansabdor shaxslarining ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Jangovar qurol — O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti xavfsizligi davlat xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligining, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining harbiy tuzilmalari qurollantirilgan, jangovar harakatlarni olib borish hamda xizmat vazifalarini bajarish uchun mo‘ljallangan qurol jangovar qurol jumlasiga kiradi.

Jangovar qurolni va uning o‘q-dorilarini olish, saqlash va ulardan foydalanish faqat maxsus organlar va harbiy tuzilmalar tomonidan amalga oshiriladi.

Jangovar qurolning va uning o‘q-dorilarining muomalasi tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.

Kimlar quroldan foydalanish huquqiga ega?

O‘zbekiston Respublikasi hududida qurolni va uning o‘q-dorilarini olish huquqiga quyidagilar ega:

·       maxsus organlar va harbiy tuzilmalar;

·       maxsus xizmat vazifalariga ega yuridik shaxslar;

·       qurol ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar;

·       qurolni realizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar;

·       ovchilik va otish sporti sohasidagi faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar;

·       qurolni kolleksiyalash yoki ko‘rgazmaga qo‘yish bilan shug‘ullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar;

·       O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari;

·       chet el fuqarolari;

·       O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar.

Fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning o‘q-dorilarini olish va ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi qanday?

Qurolni olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlarining amal qilish muddati uch oylik bo‘lgan ruxsatnomalari asosida fuqaroviy va xizmat qurolini olish huquqiga ega bo‘ladilar.

Fuqaroviy va xizmat qurolini olishga doir ruxsatnoma unda ko‘rsatilgan qurolni hamda uning o‘q-dorilarini olish, Milliy gvardiya organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilguniga qadar ularni tashish va saqlash huquqini beradi.

Fuqaroviy va xizmat qurolini olishga doir ruxsatnoma qurolni hamda uning o‘q-dorilarini olib yurish va qo‘llash huquqini bermaydi.

Ayrim turdagi qurol va uning o‘q-dorilarini olish tegishli ruxsatnomasiz amalga oshirilishi mumkin:

·       signal beruvchi qurolni va tig‘li sovuq ov qurolini – maxsus xizmat vazifalariga ega yuridik shaxslar hamda ovchilik sohasidagi faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar tomonidan olish;

·       signal beruvchi qurolni, tig‘li sovuq va uloqtirish ov qurolini hamda tig‘li sovuq va uloqtirish sport qurolini – qurolni realizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar tomonidan olish;

·       tig‘li sovuq va uloqtirish sport qurolini – otish sporti sohasidagi faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar tomonidan olish;

·       tig‘li sovuq ov qurolini, o‘qotar ov qurolining va og‘iz qismidagi quvvat 7,5 jouldan yuqori hamda kalibri 4,5 millimetrdan ortiq bo‘lgan pnevmatik qurolning o‘q-dorilarini – O‘zbekiston Respublikasining ov qilish huquqi berilgan fuqarolari tomonidan olish;

·       og‘iz qismidagi quvvat 7,5 jouldan kam va kalibri 4,5 millimetrga qadar bo‘lgan pnevmatik ov qurolini hamda og‘iz qismidagi quvvat 3 jouldan kam bo‘lgan pnevmatik sport qurolini olish.

Fuqaroviy va xizmat quroli olingan kundan e'tiboran o‘n kunlik muddatda Milliy gvardiya organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari fuqaroviy qurolni va uning o‘q-dorilarini qanday oladi?

Yigirma bir yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari fuqaroviy ov qurolini va uning o‘q-dorilarini olish huquqiga ega.

O‘n sakkiz yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari fuqaroviy sport qurolini va o‘zini o‘zi himoya qilish qurolini olish huquqiga ega.

Ov quroli va uning o‘q-dorilari ov qilish huquqi berilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan olinishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi olgan, uning egaligida turgan soyli stvolli ov o‘qotar qurolining umumiy soni – uchtadan, silliq stvolli o‘qotar qurolning umumiy soni – beshtadan oshmasligi kerak, bundan mazkur qurol turlari kolleksiyalash yoki ko‘rgazmaga qo‘yish obektlari bo‘lgan hollar mustasno.

Qurol va uning o‘q-dorilari qayerda sotiladi?

Fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning o‘q-dorilarini realizatsiya qilish litsenziya talab qilinadigan faoliyat turiga kiritiladi. Ushbu toifadagi qurol hamda uning o‘q-dorilarini realizatsiya qiluvchi tashkilot qurol hamda uning o‘q-dorilarining but saqlanishini, ularni saqlash xavfsizligini ta'minlaydi, xaridordan muayyan qurol turini olishga doir ruxsatnomani ko‘rsatishini talab qiladi.

Muayyan qurol turini olishga doir ruxsatnomani taqdim etmagan jismoniy va yuridik shaxslarga fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning o‘q-dorilarini, shuningdek raqami va ishlab chiqaruvchining tamg‘asi mavjud bo‘lmagan qurolni realizatsiya qilish taqiqlanadi.

Fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning erkin olib yurish mumkinmi?

Fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning o‘q-dorilarini olib yurish muayyan turdagi, xildagi va modeldagi qurolni olib yurish, saqlash hamda olib yurish uchun Milliy gvardiya organlari tomonidan berilgan ruxsatnomalar asosida quyidagi hollarda amalga oshiriladi:

·       maxsus xizmat vazifalariga ega yuridik shaxslarning xodimlari tomonidan – xizmat majburiyatlarini bajarishi chog‘ida;

·       O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan – ov qilinadigan, sport tadbirlari yoki otish mashqlari o‘tkaziladigan joylarda, o‘quv maqsadida, o‘zini o‘zi himoya qilish maqsadida.

O‘zbekiston Respublikasi hududida vaqtincha turgan chet el fuqarolari o‘zlariga tegishli fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning o‘q-dorilarini ov yoki sport tadbirlari o‘tkaziladigan joylarda olib yurishi mumkin.

Uzun stvolli o‘qotar qurolni olib yurish g‘ilofidan olingan holatda, himoyalagichga qo‘yilgan o‘qlangan o‘qdon (baraban) bilan, kalta stvolli o‘qotar qurolni olib yurish esa shunday turdagi g‘ilofda amalga oshiriladi.

Patronni o‘qdonga yuborishga faqat qurolni qo‘llash zarurati bo‘lganda yoxud zaruriy mudofaa holatida yoki oxirgi zarurat holatida fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i hamda mol-mulkini, shuningdek yuridik shaxslarning mol-mulkini himoya qilish uchun ruxsat etiladi.

Yaroqlilik, saqlash yoki foydalanish muddati o‘tgan texnik jihatdan nosoz fuqaroviy va xizmat qurolidan hamda uning o‘q-dorilaridan, shu jumladan ko‘zdan yosh oqizadigan va achishtiradigan moddalar solingan gaz ballonchalari, mexanik purkagichlar, aerozolli qurilmalardan hamda boshqa qurilmalardan foydalanish taqiqlanadi, bundan tadqiqot ishlarini va sinovlarni o‘tkazish yoxud qurolning hamda uning o‘q-dorilarining texnik holatini tekshirish hollari mustasno.

Jismoniy shaxslar ov vaqtida ov qurolini va uning o‘q-dorilarini olib yurganda shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, ovchilar jamoat birlashmasi tomonidan berilgan ovchilik guvohnomasini, ov qilish huquqiga doir hujjatlarni, qurolni saqlash va olib yurishga doir ruxsatnomani yonida olib yurishi shart.

Fuqaroviy va xizmat qurolini saqlash hamda olib yurish huquqiga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar ulardan xavfsiz foydalanishga doir belgilangan qoidalarni bajarishi shart.

Qanday hollarda qurolni qo‘llash mumkin?

Fuqaroviy va xizmat qurolini saqlash hamda olib yurish huquqiga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar zaruriy mudofaa holatida yoki o‘ta zarur holatda o‘z hayoti va sog‘lig‘ini, boshqa fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini hamda mol-mulkni himoya qilish uchun qurolni qo‘llashi mumkin. Fuqaroviy va xizmat quroli qo‘llanilishidan avval bu haqda o‘ziga qarshi qurol qo‘llanilayotgan shaxs aniq ifodalangan tarzda ogohlantirilishi kerak, bundan shunday ogohlantirishning imkoni bo‘lmagan yoxud qurolning qo‘llanilishini kechiktirish fuqarolarning va qurol egasining hayotiga bevosita xavf tug‘diradigan yoki boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan hollar mustasno. Bunda zaruriy mudofaa holatida qurolning qo‘llanilishi uchinchi shaxslarga zarar yetkazmasligi kerak.

Homiladorlik belgilari ko‘rinib turgan ayollarga, nogironlik belgilari ko‘rinib turgan shaxslarga, yoshi aniq ko‘rinib turgan yoki ma'lum bo‘lgan voyaga yetmaganlarga nisbatan fuqaroviy va xizmat qurolini qo‘llash taqiqlanadi, bundan ularning qurolli qarshilik ko‘rsatganligi, fuqarolarning yoxud qurolni qo‘llayotgan shaxsning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid etib hujum qilganligi hollari mustasno.

Fuqaroviy va xizmat quroli qo‘llanilgan, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazilishiga olib kelgan har bir holat to‘g‘risida qurol egasi qurol qo‘llanilgan joydagi ichki ishlar organiga darhol xabar qilishi shart.

Fuqaroviy va xizmat quroli qo‘llanilganligi natijasida fuqarolarning sog‘lig‘iga zarar yetkazilgan taqdirda, mazkur qurol egasi badaniga shikast yetgan fuqarolarga birinchi yordam ko‘rsatishi, shuningdek ularga imkon qadar qisqa muddatda birinchi tibbiy yordam berilishi choralarini ko‘rishi shart.

Fuqaroviy va xizmat quroli qo‘llanilganligi natijasida fuqarolarning hayotiga, sog‘lig‘iga hamda mol-mulkiga zarar yetkazilgan har bir holat to‘g‘risida ichki ishlar organlari darhol prokurorga xabar qiladi.

Kim nazorat qiladi?

O‘zbekiston Respublikasi hududida fuqaroviy va xizmat quroli hamda uning o‘q-dorilari muomalasi ustidan davlat nazorati Milliy gvardiya organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Qachondan boshlab qurol olib yurish mumkin?

Loyihaga ko‘ra, ushbu qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran olti oy o‘tgach kuchga kiradi. Shuni unutmaslik lozimki, ushbu qonun hozircha parlamentning yuqori palatasi tomonidan ma'qullandi. Endi u prezident tomonidan imzolanishi va rasmiy e'lon qilinishi lozim.

Mavzuga oid