Jamiyat | 18:40 / 26.06.2019
65599
4 daqiqa o‘qiladi

SamDU rektori: «Tamagirlik qilayotgan o‘qituvchini ishdan bo‘shata olmayman, tizim shunaqa»

Foto: Xalqaro press-klub

O‘zbekistonda oliy ta'limni rivojlantirish borasidagi barcha harakatlar aynan sifatga qaratilgan bo‘lishi kerak. Chunki o‘tgan 30-40 yilda o‘tkazilgan islohotlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, ko‘rilgan choralar kutilgan sifatni ta'minlab bera olmadi.

Bugun, 26 iyun kuni Xalqaro press-klub sessiyasida so‘z olgan Samarqand davlat universiteti rektori – texnika fanlari doktori, professor Rustam Xolmurodov ana shunday fikr bildirdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, SamDU rahbari ta'lim sifatini oshirishga to‘siq bo‘layotgan ikki asosiy muammoga to‘xtalib o‘tgan.

«Mening o‘zimning bu masalada dunyoqarashim bor. Aytaylik, bir poyezd bor. Biz 30-40 yildan beri poyezdning har bitta vagonini itarib, tortmoqchi bo‘lyapmiz. Lokomotivi esa turibdi. Nazarimda, ikkita asosiy lokomotiv bor. Ularni siljitish og‘ir. Balki shuning uchun ularga qo‘l urmayotgandirmiz.

Birinchi lokomotiv – talabani mustaqil bilim olishga undaydigan mexanizm kiritilishi kerak. Bu degani imtihon tizimi mustaqil, adolatli va shaffof bo‘lishi kerak, biz berayotgan vazifalar bilan talaba kutubxonaga, internetga murojaat qilishi, bilim kavlaydigan darajaga kelishi kerak. Ya'ni talabani faollashtirishimiz kerak.

Barrikadaning ikkinchi tomonida o‘qituvchi turibdi. Hozirgacha mavjud o‘qituvchini ishga qabul qilish va bo‘shatish, uning ish muddatini uzaytirish tizimi uning faolligini ta'minlamaydi. 40-50 yillik tajriba shuni ko‘rsatyapti. Bu kecha boshlangan jarayon emas, o‘rtoqlar.

Tamagirlik bilan shug‘ullanayotgan, darsining sifati bo‘lmagan muallimdan men rektor sifatida qutula olmayman. Rasman olganda, qo‘limda qoidalar bor. Lekin bu qoida, kechirasiz-u, sichqonni o‘ldirish uchun og‘ziga dori solish kerak, urib o‘ldirish kerak, deganga o‘xshagan tizim bor, o‘rtoqlar.

Rektor 2-3ta bo‘lmag‘ur muallimdan qutulish uchun yarim umrini sarflashi kerak.

Bu masalada, o‘ylaymanki, shartnoma tizimini joriy etish kerak. O‘qituvchini bir yilga ishga olamanmi, uch yilgami, muallim bilishi kerak – yil yakuni bo‘yicha yoki uch yil yakuni bo‘yicha uni faoliyat sifatlari talabga javob bermasa, shubhasiz, sudga bermay, portalga murojaat qilmay, kasaba uyushmasiga bermay, ketishi kerak.

O‘shandagina muallimda mas'uliyat paydo bo‘ladi. Xudoga shukr, hozir maoshlar oshdi. Endi so‘rasak bo‘ladi. 1 sentyabrdan professorim 9 mln oladi, pensioneri 11 mln oladi», – dedi Rustam Xolmurodov.

«Shu ikkita lokomotivni ishlata olsak, keyin asta-sekin xalqaro Bolonya jarayoni deymizmi, boshqa narsalar deymizmi... Bizda sifatni ko‘tarishning oddiy, jaydari muammosi turibdi. Yuqori materiyaga hali ancha yo‘limiz bor, o‘rtoqlar», – deya ta'kidladi SamDU rektori.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov O‘zbekiston OTMlarida rektorlarni saylash tizimini joriy etish kerakligini ta'kidlagani xabar qilingan edi.

Mavzuga oid