O‘zbekiston | 10:55 / 27.06.2019
6040
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 800ta yangi arzon uy-joylarga quyosh panellari o‘rnatiladi

2019 yilda qurilayotgan 13000 ta uydan 800 tasi, xususan, Samarqand viloyatida 176ta, Buxoro viloyatida 121ta, Xorazm viloyatida 112ta, Surxondaryo viloyatida 185ta hamda Farg‘ona viloyatida 206ta yangi namunadagi arzon uylarga muqobil energiya manbalari – quyosh fotoelektr stansiyalari o‘rnatiladi. Bu haqda «Qishloqqurilishinvest» tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi, deb xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri.

Ta'kidlanishicha, bu ishlar Qurilish vazirligining BMT Taraqqiyot dasturi va Global ekologik fond bilan hamkorlikda “O‘zbekiston Respublikasining qishloq joylarida energiya jihatdan samarali uy-joylar qurilishini rivojlantirishga ko‘maklashish” qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.

Unga ko‘ra, 2019-2021 yillarda energiya jihatdan samarali arzon uy-joylar qurilishi uchun 3 mln AQSh dollari miqdorida maqsadli grantlar ajratilishi nazarda tutilgan. Bu mablag‘lar energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlarni qoplashga yo‘naltiriladi. Loyihaga muvofiq, yangi arzon uy-joylar qayta tiklanadigan energiya manbalarini hosil qiluvchi fotoelektr stansiyalar bilan ta'minlanishi rejalashtirilgan.

Tadbirda qayd etildiki, qishloq joylarda quriladigan uylarga energiya tejaydigan qurilish materiallari va jihozlarini qo‘llash kelgusi yillarda ham davom ettiriladi, xalqaro tajribalarni qo‘llagan holda takomillashtirilgan loyihalar ishlab chiqiladi.

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid