Jamiyat | 20:35 / 28.06.2019
22778
12 daqiqa o‘qiladi

«Uyim yondi, mas'ullar menga ajratilgan mablag‘ni o‘zlashtirib yuborishdi» - jizzaxlik ayolning hasrati o‘rinlimi?

Tahririyatimizga murojaat qilgan, hasratidan o‘t chiquvchi ayolning xati birinchi o‘qishdayoq kishini o‘yga toldiradi:

«Men Zokirova Manzura, Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani «Nurafshon MFY»da 5 nafar farzandim bilan yashab kelayotgan edim. Yolg‘iz onaman. Mening 5 nafar farzandim boquvchisini yo‘qotgan. 2017 yil 18 dekabr kuni yashab turgan uyim yonib ketdi. Men o‘sha kuni ishda edim. Xullas, mahalla fuqarolar yig‘ini, tuman va viloyat hokimligi barcha tashkilotlar bundan xabardor bo‘lishdi. Ammo hech qanday natija bo‘lmadi. Shundan so‘ng Prezident virtual qabulxonasiga murojaat qildim. Shundan so‘ng 2018 yil sentabr oyida Sharof Rashidov tumani hokimi S.Ismoilovning sa'y-harakati bilan avval 10 million, 2 noyabr kuni 25 million mablag‘ni o‘zimning shaxsiy plastik kartochkamga yonib ketgan uyimni ta'mirlash uchun tashlab berishdi. Hammasi shundan so‘ng boshlandi. Menga uy ta'miri uchun berilgan mablag‘ hokimiyatdagi qurilish bo‘limidagilar tomonidan ishlatib yuborildi. Uyimni chala ta'mirlab ketishgan. Ayni damda besh nafar farzandim bilan ijarama-ijara yashab yuribman. Haqiqat yuzaga chiqishida yordamingizni ayamang».

Tahririyatdan ko‘mak so‘rab murojaat qilgan Manzura Zokirovani yo‘qlab borganimizda haqiqatdan ham Sharof Rashidov tumani «Nurafshon» MFYdan emas, balki shahardagi 1/3 mittitumaniga qarashli ko‘p qavatli uylardan topdik. Murojaatchining ta'kidlashicha, uning o‘z uyi yashash uchun mutlaqo yaroqsiz, shu bois u bugungi kunda 300 000 ming so‘m ijara haqi to‘lab, farzandlari bilan ijarada ko‘p qavatli uylardan birida yashashga majbur bo‘lmoqda.

Manzura Zokirova nimadan norozi?

— Shaxsiy plastik kartochkamga pul kelib tushgach, uni Sharof Rashidov tuman hokimligi qurilish bo‘limi muovini Jamshid Rustamovga berdim. Chunki u menga telefon qilib, «plastigingizga tushgan pulni bizga olib kelib bering, ta'mirlash ishlari uchun ishlatamiz», dedi. Men u aytgan joyga plastik kartochkani olib borib berdim.

Natija shu bo‘ldiki, uyimni xo‘jako‘rsinga ta'mirlab berishdi. Hanuz uyimning tom qismi suvalmagan. Yomg‘irlar uyimning ichini yuvib ketdi. Men bu uyda qanday yashayman? Tuman hokimligidan ishchi guruh kelib bu ayolga yordam beramiz, qolganlarini ham ta'mirlab beramiz, deyishdi. 2019 yil 10 fevral kuni qurilish inspeksiyasidan kelib, o‘zimning ishtirokimda uyimning ahvolini o‘rganishdi va to‘g‘ri xulosa yozib berishdi.

Men hanuz 5 nafar farzandim bilan kvartirada ijarada yashab kelmoqdaman. Hech qayerda ishlamayman, hozirda choyxonada idish yuvuvchiman, bir kunda 20 ming so‘m pul topaman. Mehnat vazirligiga yozib ham ish topolmadim. Yongan uyimni chala holatda ta'mirlab ketishgan. Yashashga yaroqli emas. Shuncha odam kelib ko‘rdi. Kim bu haqiqatni yuzaga chiqaradi? Hokimiyatdagilarning va'dalari va aldovi qachongacha davom etadi?

O‘g‘lim ayni paytda kollejni bitirib, Toshkentda mavsumiy ishlarda ishlab yuribdi. To‘ng‘ich qizim kollejni bitiradi. Shunday bo‘lsa-da, kechasi nonvoyxonada ishlaydi. O‘g‘limga kam foizli kredit beramiz, deb aldashdi. Kreditdan ham darak yo‘q. Uyimning ta'miri uchun 35 million so‘m sarflanmagan, menga ajratilgan pullarni kim va nima maqsadda sarflagan bo‘lsa, joyiga qaytarishini talab qilaman.

Besh bolani yedirib-ichirish, kiydirish osonmi? Ustiga-ustak, kitob-daftari-yu boshqa maktab xarajatlariyam bor. Menga achinishmasa ham farzandlarimga rahmi kelmaydimi ularning? Mahalla yordam bermasa, yozgan shikoyatlarimga mahalla raisi «bu oila bizning mahallada yashamaydi», deb javob bersa! Dodimni kimga aytay? Rossiyaga ishlagani ketsammi, deb turibman. Adolat yo‘q ekan-da», — deydi Manzura Zokirova.

«Mahalla» nima deydi?

«MFYga yaqinda rais bo‘ldim. Lekin mahallaga begona emasman. Manzura Zokirovaning shikoyatlaridan xabarim bor. Siz murojaatchining hovlisiga bordingizmi? E'tibor bergan bo‘lsangiz, hovli juda katta, tomorqasi bor. Ekin-tikin qilsa, binoyidek daromad topadi. Ammo shikoyatbozlik qilib, idorama-idora yurishdan vaqt orttirib, yerga qaramaydi. Farzandlari ham kap-katta, ularni yoniga olib, mehnatga o‘rgatsa bo‘ladi-ku?! Yo‘q, u ijarada turishni afzal bildi. Men shu ayolga «Har bir oila tadbirkor» dasturi doirasida kredit olishni tavsiya qildim. Hovlida issiqxona qurish mumkinligini, qurilish ishlarini ta'minotchilarning o‘zi kelib qilib berishini aytdim. Afsuski, Manzura Zokirova taklifimizni rad etdi. Unga ko‘ra, 35 mln so‘mni tuman hokimligidagi mutasaddilar o‘z ehtiyojlari uchun ishlatishgan. Shu pulni undirib olish harakatida yuribdi. Manzura Zokirovaning xonadoni qaytadan ta'mirlab berildi. Xonadonni mukammal ta'mirlangan deya ayta olmaymiz, ammo bu uyda sira yashab bo‘lmaydi, degani emas-ku? Men shunday xonadonlarni bilaman, tomidan chakka o‘tsa-da uy bitishi uchun hovlida bir xonani nari-beri bitirib, ham ishlab, kechga loy qorib, farzandlari bilan g‘isht terib, hovlini chamanzorga aylantirishgan. Insonning boshida boshpanasi, vatani bo‘lsin. Uysiz, sarson-u sargardon qancha oilalar bor, bir hovlida ikki-uch oila yashab, 4 sotix yer olish ilinjida tun-u kun mehnat qilayotganlar bor. Insof qilib ayting-chi, Manzura Zokirovaning uyida yashab bo‘lmaydimi?! Har oy ijaraga sarflayotgan 300 000 ming so‘mni shu hovlidagi kamchiliklarni tuzatishga sarflash o‘rinli emasmi? Tandirxona, og‘ilxonasigacha bor. Yana qanday sharoit kerak? Biz mahalla tomonidan qanday yordam kerak bo‘lsa, barchasini qilganmiz. Noshukrlik yaxshi emas. Shu holat yuz berganida hammamiz qo‘limizdan kelganicha yordam berdik. Manzura Zokirova marhum turmush o‘rtog‘ining oilasidagilar kelib yordam taklif qilishganida ularning barchasini quvib soldi. Gapiraman desam, gap ko‘p. Shikoyatni ham chegarasi bor», — deydi Sharof Rashidov tumanidagi «Nurafshon» mahallasi raisi G‘ulom Norboyev.

Manzura Zokirova «noshukr»mi ?

Vaziyatga izoh olish maqsadida Sharof Rashidov tumani hokimligining qaysi bo‘limiga kirmaylik u yerdagi mutaxassisu ma'sul xodimlar bir ovozdan Manzura Zokirovani noshukrchilikda ayblashdi. «Haqiqatni yoritinglar-da , sizning nazdingizda hokimiyat yomon, hokimiyatdagilar yebto‘ymas, aynan shu ayolga imkoniyat darajasida yordam qilganmiz, beva ayolning pulini yebketar darajada noinsof emasmiz...», qabilidagi e'tirozlarni ham eshitdik.

«»Manzura Zokirovaning xonadoni yong‘indan so‘ng Sharof Rashidov tumani hokimligining sa'y-harakati bilan qaytadan ta'mirlab berildi. Bu ayolning murojaatini o‘rganish uchun borganimizda u 35 millon so‘m pul mablag‘i qayerga sarflanganini bilishni istayotganini bildirdi. Uning talabi va turli huquq-tartibot idoralariga yozgan ariza va shikoyatlariga ko‘ra, maxsus komissiya tuzilib o‘rganib chiqildi va yong‘in sodir bo‘lgan xonadonning qurilish-ta'mirlash ishlariga ketgan sarf-xarajatlar birma-bir hisob-kitob qilib berildi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, qurilish va ta'mirlash ishlariga ketgan xarajat o‘tkazilgan mablag‘dan 700 000 so‘m ortig‘i bilan chiqdi. Derazalarga «Akfa» romlari o‘rnatilgan. Hovli atrofi g‘isht bilan o‘ralgan. Bozorda 1 kg sement 700 so‘m turadi. Tomga shifer qoqildi. O‘rnatilgan darvozaning o‘zi esa 5 mln so‘m atrofida. Murojaatchi Manzura Zokirovaning xonadonini «Jizzaxta'mirloyiha» MChJ quruvchilari ta'mirlagan. Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasining xodimlari tomonidan berilgan xulosa va dalolatnomalarda barchasi batafsil keltirilgan, bilmadim bu boqimandalikning yangicha ko‘rinishimi, yo mehnat qilmasdan pul topishmi? Qanday ta'rif berishni bilmadim rosti... Albatta, biz murojaatchiga oson tutmaymiz, ammo qo‘limizdan kelganicha yordam qilishga harakat qildik», — deydi tuman hokimligi bosh mutaxassisi Shokir Hoshimov.

«Birni ko‘rib shukr qil, birni ko‘rib fikr qil»

O‘rganishlarimiz natijasida bilganimiz shuki, Manzura Zokirovaning xonadonida qurilish va ta'mirlash ishlari haqiqatdan ham talab darajasida mukammal olib borilmagan. Misol uchun, tom yopishda bolor to‘sinlar issiq sovuqdan himoya qiluvchi materiallar bilan berkitilmagan, devorlar shuvog‘i ko‘ngildagidek emas, uy shiftiga qoqilgan plastik omonat turibdi. Poldagi DSP faneri shishib chiqqan. Xullas, kamchiliklar bor, buni inkor etib bo‘lmaydi.

Nafsilamrini aytganda, yo‘l-yo‘lakay to‘g‘rilab ketiladigan kamchiliklar uchun «bir dunyo qog‘oz» ko‘tarib turli idoralar eshigida sarson bo‘lish va shu harakatlarga ketgan vaqtni boshqa xayrliroq ishlarga sarflash o‘rinli emasmi? Vaqt tutqich bermay o‘tib ketmoqda. Manzura Zokirova kimlardandir nimalarnidir undirish payida yursa, uning besh farzandi taqdiri nima bo‘ladi? Aynan shu holatda mahalla fuqarolar yig‘ini faollari kayvoni-yu oqsoqollarimizning o‘rni qani, degan haqli savol tug‘iladi. Ko‘rsatilgan kamchiliklarni hashar yo‘li bilan ham to‘g‘rilash mumkin. Buning uchun falon so‘mdagi mablag‘ sarflash shart emas.

Yig‘lamsirab, bot-bot uzr so‘rab ko‘z yoshlarini artayotgan ayolni tinglar ekansiz unga chindan ham achinib ketasiz. Lekin Manzura Zokirovaning yonib ketgan uyiga birga kirib borganimizda murojaatchi tasvirlaganiga ko‘ra tasavvurimizdagi «xarob uy» o‘rnida darvozasi hashamatli uyni ko‘rib, ochig‘i, biroz hayratlandik.

Manzura Zokirovaning ta'biri bilan aytganda, «uy yashash uchun mutlaqo yaroqsiz»dir. Ammo hovlidagi 6 sotixcha tomorqa qarovsiz tashlab qo‘yilgani biroz erish tuyuldi. Ochig‘i, hovlidagi yerga to‘kilib isrof bo‘layotgan mevalar terib olinsa va o‘t bosgan tomorqaga nimadir ekilsa, bozorga chiqarishmasa ham ro‘zg‘orga asqotadi-ku?! Chindan ham mahalla raisi aytganidek ijara haqini to‘lolmayapman, deya noliyotgan ayol farzandlarini yoniga olib tomorqadan unumli foydalansa o‘rinli emasmi?

«Qo‘ldan berganga qush to‘ymas», deydi dono xalqimiz. Shukr va sabrda hikmat ko‘p. Shukr qilishni ham o‘rganaylik.

Gulchehra ShARIPOVA,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid