Jahon | 03:16 / 03.07.2019
32019
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning 14 dengizchi halok bo‘lgan suvosti apparati haqida nimalar ma'lum?

Foto: TASS

1. Rossiya hududiy suvlarida 14 nafar suvosti-dengizchisi halok bo‘ldi

Voqea 1 iyul, dushanba kuni yuz berdi. Halokatga suvosti apparati bortida kelib chiqqan yong‘in sabab bo‘ldi, deb xabar berdi Rossiya mudofaa vazirligi.
«O‘n to‘rt nafar suvosti-dengizchisi yong‘in paytidagi tutun natijasida halok bo‘ldi», — deyiladi vazirlik xabarida.

2. Suvosti apparati mudofaa vazirligi manfaatlari yuzasidan okeanni o‘rganish bilan shug‘ullangan 

«1 iyul kuni Rossiya hududiy suvlarida Rossiya harbiy-dengiz floti manfaatlari yuzasidan Jahon okeani tubini o‘rganishga mo‘ljallangan ilmiy-tadqiqot suvosti apparatida batimetrik o‘lchovlar olib borish chog‘ida yong‘in kelib chiqdi», — deb xabar berdi mudofaa vazirligi.

3. Yong‘inni o‘chirishga muvaffaq bo‘lishgan 

«Jamoaning sa'y-harakatlari bilan yong‘in o‘chog‘i bartaraf etildi. Suvosti apparati Severomorsk harbiy-dengiz bazasida saqlanmoqda», — deya iqtibos keltiradi TASS mudofaa vazirligidan.

4. Suvosti apparatida tirik qolganlar borligi aniqlandi

Jabrlanganlar mudofaa vazirligining Severomorskdagi harbiy-dengiz klinik gospitaliga keltirilgan. Halok bo‘lgan 14 dengizchining jasadlari ham shu yerga olib kelingan.
Baza Telegram-kanalining xabariga ko‘ra, 4-5 kishi tirik qolgan. 

5. Yong‘in kelib chiqishi sababi hozircha noma'lum 

Suvosti apparatida yong‘in kelib chiqishi va 14 dengizchining halok bo‘lishi yuzasidan tergov ishlarini Rossiya harbiy-dengiz floti qo‘mondoni Nikolay Yevmenov boshqarmoqda. 
Rossiya tergov qo‘mitasi dengizchilarning o‘limi yuzasidan tekshiruv boshladi. 

6. Apparat atom suvosti kemasi bo‘lishi mumkin 

RBK manbasining ma'lumotiga ko‘ra, u suvosti ilmiy-tadqiqot apparati emas, balki «Losharik» nomi bilan mashhur o‘ta maxfiy atom suvosti kemasidir.

U «Losharik» nomini 1971 yildagi sovet multfilmi qahramoni bo‘lmish shishiriladigan sharlardan yasalgan toychoqdan olgan. AS-12 atom suvosti kemasi bir-biri bilan bog‘langan bir qancha titan sferalardan iborat.

AS-12 kemasining texnik ma'lumotlari maxfiylashtirilgan. Taxminlarga ko‘ra, uning uzunligi 70 metrni, eni esa 7 metrni, to‘la suv sig‘imi 2 ming tonnani tashkil qiladi. Kema 6 ming metr chuqurlikkacha tushadi va suv ostida 30 uzel tezlikda harakatlanadi.

«Losharik»da qurollar yo‘q. Stansiya manipulyatorlar, draga, telegreyfer va gidrostatik ququr deb nomlanuvchi qurilmalardan iborat. Ekipaj tarkibida 25 nafar ofitser bo‘ladi. 

«Losharik»dan tashqari bir necha kilometr chuqurlikda faqat «Mir» suvosti stansiyalari ishlashi mumkin, ammo ular suv ostida uzoq yurishga moslashmagan. «Mir» stansiyasining akkumulyator batareyalari quvvati 72 soatga yetadi. «Losharik» esa atom qurilmasi hisobiga suv ostida bir necha oy yurishi mumkin.

7. Bu keyingi 11 yil davomida suvosti dengizchilari bilan yuz bergan ilk halokatdir 

TASS ma'lumotlariga ko‘ra, Rossiya suvosti kemasi bilan avvalgi halokat 2008 yil 8 noyabrda Tinch okeani flotining Yapon dengizidagi poligonida sodir bo‘lgan. K-152 «Nerpa» atom suvosti kemasining zavod sinovlari paytida yong‘in o‘chirish avtomatlashgan tizimi o‘z-o‘zidan ishlab ketgan. Oqibatda uch harbiy va 17 nafar mutaxassis halok bo‘lgan, 40dan ortiq kishi zaharlangan.

Mavzuga oid