O‘zbekiston | 18:25 / 13.08.2019
4338
3 daqiqa o‘qiladi

SSV: Gemodializ bo‘yicha har bir bemorga bittadan dializator darajasiga yetamiz

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Bugun, 13 avgust kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar Agentligida Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari ishtirokida brifing va jurnalistlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Tibbiyot sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish mavzusida tashkil etilgan matbuot anjumanida sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Bahodir Nizomov va Li Dong Uklar ishtirok etdilar.

Prezidentning 2019 yil 16 apreldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda 2019 yil 10 maydagi “Davlat xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra sog‘liqni saqlash sohasida DXSh loyihalari davlat va xususiy sherik o‘rtasida jamoat infratuzilmasini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, yaratish, jihozlash, modernizatsiya qilish, moliyalashtirish, foydalanish va xizmat ko‘rsatish kabi shakllarni birlashtirish orqali amalga oshirilishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan.

— Bu loyihalarni amalga oshirish doirasida sog‘liqni saqlash sohasiga investitsiya kiritadigan investorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan imtiyozli kreditlash ko‘zda tutilgan, — dedi sog‘liqni saqlash vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Kamolxo‘ja Eshnazarov. — Unga ko‘ra, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish tijorat banklari tomonidan 200 million AQSh dollariga teng bo‘lgan imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Kun.uz muxbirining “tibbiyotning qaysi sohalarida DXSh loyihalari ko‘proq rivojlanmoqda?” degan savoliga K. Eshnazarov shunday javob berdi:

– Ustuvor yo‘nalishlarni tanlab olishda biz bir necha mezonlarga e'tibor berganmiz. O‘lim ko‘rsatkichi yuqori, moliyaviy xarajatlari katta, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan kasalliklarga qarshi kurashda bu tizimni ko‘proq qo‘llashimiz kerak.

Masalan, gemodializ bilan ta'minlash juda og‘riqli muammo bo‘lgan. O‘zbekistonda bunday muolajaga muhtoj bemorlarning o‘rtacha umri 5 yilga yetmagan, holbuki rivojlangan mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 10 yildan ortiqni tashkil etadi.

Mavzu yuzasidan qo‘shimcha qilarkan, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Bahodir Nizomov shunday dedi:

– Tan olishimiz kerak, gemodializ bilan ta'minlashda juda murakkab holatga tushib qolgandik. Xursandchilik bilan aytamanki, aynan mana shu sohaga to‘rt barobar ko‘p mablag‘ ajratildi. Hozir yana bir qancha uskunalarimiz yetib kelish arafasida. Harakatimiz har bir bemorga bir dializator darajasiga chiqib olish.

Аброр Зоҳидов
Tayyorlagan Аброр Зоҳидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid