O‘zbekiston | 14:55 / 15.08.2019
222563
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston uchun «eng katta xavf»ni aytdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 14 avgust kuni mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 2019 yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlarni muhokama qilish hamda 9 oy va yil yakuni bo‘yicha belgilangan prognoz parametrlariga erishishni ta'minlaydigan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.

«Nima uchun bunday ko‘p qarorlar chiqyapti? Biz hammamiz izlanishdamiz. Mana shunday og‘ir sharoitda 33 yarim million xalqni boqib, ularni rozi qilib, ertangi olgan katta-katta rejalarimizni amalga oshira olamizmi yoki yo‘qmi, degan savol hammangizni qiynashi kerak. 

Yil yakuni bo‘yicha to‘rt yarim oy qoldi. Meni eng katta xavf nimada, degan savol qiynaydi. Eng katta xavf - kadrlar saviyasi, bilimi, ilmi va fidoyiligida. Ming afsuski, eng og‘ir masala shu. Nima uchun men bugun sizlarni yig‘dim? Bugungi ish uslubimiz bugungi darajamizga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Agar sizlar o‘zgarmas ekansizlar, vaziyat ham o‘zgarmaydi. Bugun majlis emas, bugun vijdonimiz oldida hisobot - biz shunga munosibmi yoki yo‘q. Imkoniyat o‘z qo‘limizda, shundan to‘g‘ri xulosa qilib foydalana olamizmi yoki yo‘qmi. 

Suv yo‘qligi, gaz yo‘qligi, elektr energiyasi yo‘qligi bizga alam qilmaydimi?! Hamma sohalarda yangi O‘zbekistonni tuzayapmiz. Demokratik davlat, oldimizda turgan katta sinovlar nuqtai nazaridan, aqlimiz, bilimimiz, sadoqatimiz bilan odamlarni ishontira olamizmi yoki yo‘qmi?» - dedi Shavkat Mirziyoyev yig‘ilish davomida.

Bundan oldin, Prezident inflatsiya o‘sishining oldini olish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish vazifasini topshirgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid