Jamiyat | 21:15 / 21.08.2019
21984
5 daqiqa o‘qiladi

Qarshi shahri markazidagi «barak uylar» egalari holat yaxshilanishidan umidvor. Muammoga yechim bormi?

Kun.uz tahririyatiga Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahridagi «Mustaqillik» mahallasining bir guruh aholisidan murojaat yo‘llandi. Murojaatda fuqarolar o‘zlarining yashash sharoiti og‘irligi, istiqomat qilayotgan xonadonlari abgor holatdaligini bayon etishgan.

Ushbu murojaatni joyida o‘rganish maqsadida Qarshi shahrida bo‘ldik va fuqarolar bilan suhbatlashib, ularning e'tirozlarini tingladik.

«Uylarimiz «snos»ga tushgani haqida ikki-uch yil avval ogohlantirish xati olgandik. Mahallamizda faqat o‘n-o‘n beshta xonadon buzilmadi. Atrofda yangi ko‘p qavatli uylar qurilgan. O‘rtada bizning xonadonlar qolib ketdi. Juda eski va xarob uylar. Buzib, o‘rniga yangi uylar quramiz, desak, qo‘limizda «snos»ga tushgani haqida ogohlantirish xati bor. Bir necha yildan buyon na buzishadi, na bir tayinli gap aytishadi. Eski uylar nurab boryapti, tom qismi butkul yaroqsiz ahvolga kelgan. Farzandlarimiz ulg‘ayib qolishgan. To‘y-ma'rakalarni bu uylarda o‘tkazishning ham imkoni yo‘q. Sharoit og‘ir, nima qilishga hayronmiz. Shu masalada yordam berishingizni so‘raymiz», – deydi Islom Qobilov.

Shundan so‘ng yana bir necha fuqaro o‘z e'tirozlarini bildirishdi. Uylar eskiligi, devorlari nurab borayotgani, xonadonlar ichida yashash uchun sharoit abgorligi va yana bir necha holatlarni sanab o‘tishdi.

Ushbu e'tirozlar asosida xonadonlarni ko‘zdan kechirdik. Xalq tilida «barak uylar» nomini olgan xonadonlarda haqiqatan ham ahvol birmuncha achinarli. Eski uylar, devorlari nuragan va ichki tomondan yorilib ketgan. Uylarning tom qismi ham talabga javob bermaydi. Kanalizatsiya tizimi yo‘q. Xonadonlar eshiklarining shundoqqina yonida hojatxonalar qurilgan. Badbuy hid xonadonlar bo‘ylab tarqalgan. Xonalari ichma-ich joylashgan, oshxona, yotoqxonalar aralashib ketgan. Gaz va gaz ballonlari ham sharoitga qarab moslashtirilgan va xavfli ko‘rinish olgan.

Ma'lum bo‘lishicha, 2017 yilda bu xonadonlarda yashayotganlarga uylari buzilishi haqida ogohlantirish xati berilgan. Ushbu xatda Qarshi shahar hokimligi tomonidan noturar va turar joylar buzilishi bildirilgan.

Ammo shu vaqtga qadar ogohlantirish xatida bildirilgan ishlar amalga oshirilmay qolib ketgan. «Barak uylar»dagi fuqarolar esa arosatda qolgan. Uylarini ta'mirlayin desa, ertaga buzilishidan hadik qilishadi. Ta'mirlamasa, ahvol abgor.

Mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar hokimining qurilish masalalariga mas'ul o‘rinbosari Ulug‘bek Avazov bilan suhbatlashdik.

«Bu uylarning atrofiga ko‘p qavatli uylar qurildi. Men ushbu lavozimga kelgunimga qadar bu yerdagi xonadonlar buzilishga tushgan. Ammo vaziyat bo‘yicha ma'lumot beradigan bo‘lsam, uylar buzilmay qolib ketishiga bu yerdan ko‘pqavatli uy qurishga tadbirkor topilmagan. Shuning uchun haligacha buzilmagan. Agar bu uylarni baholab, xonadon egalarini rozi qilib, qurilishni amalga oshiradigan tadbirkor topilsa, uylar buziladi va uy egalari ko‘chiriladi. Uylarning ahvoli va fuqarolarning yashash sharoitiga kelsak, har bir xonadon sohibi uyini ta'mirlashni va sharoitini yaxshilashni o‘zlari amalga oshirishi kerak. Hokimiyat ularga bu borada yordam berishga mas'ul emas», – deydi hokim o‘rinbosari.

Shundan keyin xonadonlardagi holatni biz bilan birga ko‘zdan kechirgan hokimlik mutasaddisi shu joyning o‘ziga tadbirkorni jalb etdi. Holat yuzasidan tushuntirish berib, xonadon egalarini rozi qilsa, uylar o‘rnidagi yer unga ajratib berilishini bildirdi.

Bunday eski uylar va abgor sharoitda yashayotgan aholi uylari buzilishiga va o‘rniga uy yoki kompensatsiya to‘lab berilishiga qarshi emas. Faqat shahar hokimligi bu borada zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishi zarur.

«Barak uylar» atrofida yangi, ko‘p qavatli uylar qurilgan. O‘rtada shu eski uylar qolib ketgan, xolos.

Kun.uz ushbu muammo yuzasidan Qarshi shahar hokimligi zarur choralarni ko‘rishga ishonch bildiradi va lozim bo‘lsa, bu mavzuga yana qaytadi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid