Sport | 15:06 / 21.09.2019
21419
15 daqiqa o‘qiladi

Hafta o‘yinlari anonsi: «Liverpul» Londonda mehmon, Zidan yana bir sinov qarshisida

Yevrokuboklarning ilk turlari nihoyasiga yetishi bilan, ertasiga, milliy chempionatlarning navbatdagi turiga start berildi. Zerikish yo‘q, bugundan o‘yinlar davom ettiriladi, yaqindagina biz Yevropa maydonlarida ko‘rgan klublar navbatdagi sinovda saf tortishadi. Biz esa, an'anamizga sodiq holda, dam olish kunlari uchun anonsni taqdim etamiz.

LeSTeR - TOTTeNHEM (21 sentabr, 16:30)

Premer Ligadagi bugungi futbol oqshomi juda qiziqarli uchrashuv bilan boshlanadi. Yangi mavsumda ancha sifatli o‘yin ko‘rsatayotgan ikki jamoa o‘zaro to‘qnash keladi. 5 turdan so‘ng, har ikki jamoa bir xil - 8tadan ochko to‘plashgan.

Mutaxassislar, Brendan Rojyersning jamoasiga katta baho berishmoqda va hatto o‘yin sifatida bo‘yicha, top-6 darajasiga yaqin deyishmoqda. Buni natijalar ham ko‘rsatib turibdi. Ayniqsa, aynan oltilikdagi jamoalarga qarshi safarda to‘p surganiga qaramasdan, «Lester» raqibdan ustunroq harakat qildi. «Stemford»da durang qayd etilgan bo‘lsa, «Old Trafford»da faqat penaltidan urilgan gol evaziga mezbonlar g‘alaba qozonishdi. Bu o‘yinlarda «Lester» to‘pni nazorat qilish, vaziyatlar yaratish borasida grandlardan ustun keldi.

«Tottenhem» biroz yomon kayfiyatda bo‘lishi mumkin. Sababi, londonliklar Chempionlar Ligasi guruh bosqichinin birinchi turida «Olimpiakos»ga qarshi uchrashuvda 2 gol farqi bilan oldinda borayotib, g‘alabani qo‘ldan chiqardi. Darvoqe, «shporlar»ning hafta o‘rtasida yevrokuboklarda maydonga tushgani ham «tulkilar» uchun qo‘l kelishi mumkin.

Tarkiblar borasida «Lester» safida hali ham Metyu Jyeyms sheriklariga yordam bera olmaydi. Mehmonlardan esa, Jovanni Lo Chelsoning safga qaytishiga bir oy bor. Ammo boshqa bir yangi futbolchi - Rayan Sessenon mashg‘ulotlarga kirishgani jamoa muxlislari uchun yaxshi xabar bo‘lishi mumkin.

MILAN - INTeR (21 sentabr, 23:45)

Milan derbisi. Italiya chempionati ixlosmandlari uchun ortiqcha ta'rifning hojati yo‘q. Lekin har ikki jamoaning mavsumni yaxshi boshlashgani, ya'ni turnir jadvalidagi muvozanat nuqtai nazaridan ham har bir ochkoning muhimligi o‘yinga qo‘shimcha keskinlik taqdim etishi shubhasiz.

Ayniqsa, «Inter» alohida e'tiborda bo‘lib turibdi, chunki ko‘pchilik ularni nihoyat «Yuventus» qarshiligini sindirishi mumkin bo‘lgan jamoa sifatida ko‘rishmoqda. Sababi, Antonio Konte Italiya futboli uchun juda katta shaxs, uning tajribasi mavsumni bir maromda o‘tkazishda qo‘l kelishi turgan gap. Tarkibga jalb etilgan yulduz futbolchilar esa, ikkinchi sabab. Hatto buni Marotta ham e'tirof etdi va Konte bir paytda Italiyada tengsiz jamoaga aylantirgan «Yuventus» tarkib borasida bugungi «Inter»dan kuchsizroq bo‘lganini ta'kidladi. Lekin boshqa tarafdan, u paytlarda «Yuventus»ning raqiblari ham hozirgi «Inter» raqobatchilaridan kuchsizroq bo‘lganini tan olish kerak.

Italiyada yuz foizlik natija bilan borayotgan «Inter»ni oddiy «Slaviya» to‘xtatib qola oldi. YeChL startidagi bu durang «Inter» hali shakllanish jarayonidaligi va muammolar yetarli ekanini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, milanliklarning so‘nggi daqiqalargacha kurashib, o‘yinni qutqarib qolganliklarini e'tirof qilish kerak.

«Milan» esa, hozircha sirli tulpor bo‘lib turibdi. Jamoaning A Seriyadagi uch o‘yinining barchasida bir xil hisoblar qayd etildi. Udinedagi 0:1 hisobidagi mag‘lubiyatdan so‘ng, «Breshiya» va «Verona» klublari minimal hisoblarda mag‘lub etildi. Veronadagi o‘yinda yagona gol penaltidan urilgani va mezbonlar deyarli butun uchrashuv bir kishi kam bo‘lib o‘ynagani ham hozircha milanliklarga aniq baho berishga xalaqit beradi. Xullas, derbi «Milan»ning mavsumdagi ilk jiddiy sinovi bo‘lib, Jampaolo jamoasi salohiyatini ochib berishda muhim rol o‘ynaydi.

O‘zaro o‘yinlarda har jabhada tenglik aks etgan so‘nggi yillarda. Oxirgi 24 o‘yinning 9tasida «Inter», shunchasida «Milan» g‘alaba qozongan ekan. Ammo A Seriyadagi oxirgi 7 derbida «Milan» g‘alaba nimaligini bilmay keldi. «Milan» «Inter»ni chempionatda so‘nggi marta 2016 yilning fevralida mag‘lub etgan. O‘z navbatida, 2017 yilda mamlakat kubogida yengib, turnirdan chiqarib yuborgan ham.  

PSV - AYaKS (22 sentabr, 19:45)

Erediviziyada nafaqat turning balki mavsumning eng markaziy o‘yinlaridan biri bo‘lib o‘tadi. Turnir g‘olibligi uchun asosiy ikki da'vogar orani ochiq qiladi. Besh turdan keyin har ikki jamoada ham bir xil - to‘rttadan g‘alaba va bittadan durang bor. Demak bu o‘yin natijasi turnirning yakka peshqadamini aniqlab beradi va bu peshqadamlik uzoq vaqt davom etishi mumkinligini ham taxmin qilish oson. Jamoalarning sport formasi ham tahsinga sazovor - PSV barcha musobaqalar qo‘shib hisoblanganda ketma-ket olti o‘yindan g‘alaba qozonmoqda, «Ayaks»ning muvaffaqiyatli seriyasi 4 o‘yindan iborat. 

Jamoalar yevrokubok o‘yinlarida qatnashishdi. «Ayaks» YeChLda «Lill» ustidan yirik g‘alabaga erishgan bo‘lsa, PSV Yevropa Ligasida «Sporting»ni 3:2 hisobida mag‘lub etdi. Amsterdamliklar o‘z o‘yinlarini raqibidan ikki kun oldin o‘tkazganini e'tiborga olsak, «Ayaks»ning imkoniyatlari oshadi. Ammo o‘yin PSV maydonida bo‘lmoqda. Demak vaziyat yana teng. O‘zaro o‘yinlarda so‘nggi ikki uchrashuv «Ayaks» foydasiga hal bo‘lgan, lekin ushbu stadiondagi oxirgi ikki to‘qnashuvda bir xil - 3:0 hisobida mezbonlarning qo‘li baland kelgan ekan.

Tarkiblar borasida, jamoalardan bittadan asosiy futbolchini tilga olish mumkin. Ular sheriklariga yordam bera olishmaydi. Mezbonlardan Gaston Pereyro, mehmonlardan Donni van de Bek maydonga tusha olmaydi. Har ikki futbolchi ham jamoa o‘yinida muhim ahamiyat kasb etishardi. To‘g‘ri, van de Bek hozirda mashg‘ulotlarni boshladi va balki, kerak bo‘lganda o‘yinda qatnashishi ham mumkin.

CheLSI - LIVeRPUL (22 sentabr, 20:30)

Nafaqat Angliya, balki Yevropaning klassik to‘qnashuvlaridan biri, ayniqsa, o‘n yillar oldin bu jamoalarning Chempionlar Ligasidagi o‘zaro o‘yinlari butun Yevropani televizor qarshisiga mixlardi.

Hozir esa, klublar rivojlanishning turli bosqichlarida turishibdi. Klopp jamoasida har tomonlama muammo yo‘q, muxlislar nihoyat «Liverpul»dan barcha musobaqalarda g‘oliblik uchun kurashni talab qilishga haqli. «Chelsi»da vaziyat boshqacharoq, murabbiyning almashishi, Azarning ketishi, shuningdek, transfer taqiqlari natijasida Lempard yangi jamoa shakklantirishi va buni tarkibda mavjud bo‘lgan yoshlardan tuzishi shart. Dastlabki mevalar terib olindi - Abraham gollari bilan APLning to‘purarlari safida bo‘lsa, Meyson Maunt bir oylik o‘yini bilan hatto terma jamoa murabbiyi e'tiboriga sazovor bo‘ldi. Lekin aynan terma jamoa yig‘inlarida yosh futbolchi jarohat oldi va bu o‘yinda qatnashishi so‘roq ostida.

«Liverpul» hozircha yuz foizlik natijani qayd etayotgan bo‘lsa-da, Neapoldagi mag‘lubiyat jamoa kayfiyatiga ta'sir qilishi turgan gap. Anchelotti qatorasiga ikkinchi bor «Liverpul»ni umuman imkonsiz qoldirdi va uning darslarini shogirdi Lempard ham o‘zlashtirgan bo‘lishi ehtimol. Ya'ni endi liverpulliklar o‘yinlarni mukammal jamoa sifatida boshlamaydi. O‘z navbatida «Chelsi» futbolchilarining ham muxlislari oldida qarzlari bor. O‘sha «Liverpul» Neapolda hech narsa qila olmayotgan oqshomda, «Chelsi» o‘z maydonida «Valensiya» qarshiligini sindira olmayotgandi - 0:1.

«Chelsi» safida yuqorida nomi tilga olingan Mauntdan tashqari, Emerson va Kantening maydonga tushishi so‘roq ostida. Lekin har ikkisi ham mashg‘ulotlarni boshlagan. Mehmonlardan esa, hali ham Alison Beker darvozani qo‘riqlay olmaydi. Nabi Keyta shug‘ullanishni boshladi, Origi kelasi oy o‘rtalarida safga qaytadi.

Jamoalar yaqinda, Yevropa Superkubogi doirasida ham to‘qnashgandi. Asosiy va qo‘shimcha vaqtlar durang bilan tugagach, penaltilar seriyasida «Liverpul»ning qo‘li baland keldi. O‘tgan mavsumdagi o‘zaro o‘yinlarda ham «Liverpul» ustunlik qilgan - Londonda durang qayd etilgan bo‘lsa, «Enfild»da mezbonlar javobsiz ikki gol urishga muvaffaq bo‘lishgan.  

SeVILYa - ReAL (22 sentabr, 23:55)

«Real» yana o‘sha salobatli, tarkib borasida, qog‘ozda hammadan kuchli bo‘lib turib, buni maydonda isbotlay olmayotgan «Real». Ispaniya chempionatidagi nursiz o‘yinlar to‘planayotgan ochkolar bilan xaspo‘shlanayotgan bir paytda Parijdagi mag‘lubiyat o‘tib tushdi. «Real» o‘sha o‘yinda har jabhada raqibiga imkoniyatni boy berdi, «Qirollik klubi» yana tanqidlar ostida qoldi.

Bunday vaziyatlarda biror o‘rtacha jamoa bilan ishonchli o‘yin ko‘rsatib, vaziyatni o‘nglash mumkin edi, lekin orqasidan «Sevilya» raqib bo‘lib turibdi. «Sevilya» hozir turnir jadvalini boshqarib turibdi va olti o‘yindan beri mag‘lubiyat nimaligini bilgani yo‘q. Agar bu safar ham ishonchsiz o‘yin davom etsa, hatto Zidanning iste'fosi haqida ham gaplar boshlanish ehtimoli bor. To‘g‘ri, jamoa yangilanmoqda, buning ustiga jarohatlar girdobida qoldi ham. Lekin bugun maydonga tushayotgan futbolchilar ham juda yuqori saviyadagi ijrochilar ekanini unutmaslik kerak. Shu bilan birga, stakanning yarmi to‘la - «Real» bu o‘yinda g‘alaba qozonsa, birinchidan, kuchli qarshilikni sindirib, rostan ham Parijdagi natija tasodifligini isbotlashi, ikkinchidan esa, hatto turnir jadvalida peshqadamga aylanib olishi mumkin.

«Sevilya» raqib sifatida, ayniqsa, «Estadio Sanches Pisxuan»da «Real» uchun o‘ta noqulay raqibdir. Bu yerdagi so‘nggi besh o‘yinning to‘rttasida mezbonlar ustun kelgan, bir o‘yinda durang qayd etilgan. «Real»ning so‘nggi g‘alabasi 2015 yilga to‘g‘ri keladi, o‘shanda ham, 3:2 hisobi qayd etilgandi. Xullas, 2011 yildan beri «Real» atigi bir marta, mana shu eslangan o‘yinda g‘alaba qozonishning uddasidan chiqqan, xolos. Hatto «Kamp Nou»dagi ko‘rsatkichlar ham «Real» uchun ijobiyroq. O‘tgan mavsumda Andalusiyadagi o‘yin 3:0 hisobida «Sevilya» foydasiga hal bo‘lgandi.

«Real»da hamon Isko, Modrich, Marselo jamoaga yordam bera olishmaydi, Ramosning o‘ynashi so‘roq ostida, Dias mashg‘ulotlarga qo‘shildi. «Sevilya»da yo‘qotish atigi bir nafar bo‘lsa ham ta'siri katta - so‘nggi o‘yinlarda Nolito sevilyaliklar o‘yinida muhim rol bajarayotgandi. 

LION - PSJ

Fransiyada «PSJ»ning oldiga tushadigan, sovrin uchun ular bilan kurasha oladigan biror jamoa bo‘lmasa-da, alohida o‘yinlarda munosib qarshilik ko‘rsatadigan «Lion» bor. Faqat «Lion» parijliklardan qo‘rqmasligi va bemalol hujumkor o‘yin taklif qilishi mumkin. Bu samarali bo‘lib kelyapti ham, Lionda bo‘lib o‘tgan so‘nggi ikki uchrashuvda mezbonlar 2:1 hisobida g‘alaba qozonishgan. Umuman, so‘nggi besh yilda eng ko‘p marta «PSJ»ni yutgan jamoa ham aynan «Lion» hisoblanadi - 4 marta.

Chempionatda lionliklarning o‘yini biroz beqaror ko‘rinayotgan bo‘lsa-da, sermahsullik borasida hatto «PSJ»ni ham ortda qoldirishmoqda. Jamoa besh o‘yinda 12 gol urishning uddasidan chiqqan. Depay, Dembele va Traorening har biri raqib darvozasiga xavf solishi mumkin. Ammo Chempionlar Ligasida «Lion»ning omadi biroz yurishmadi. «Zenit»ga qarshi o‘yin 1:1 hisobida yakunlandi. Shu o‘rinda, «Lion» o‘z o‘yinini «PSJ»ga nisbatan bir kun oldin o‘tkazganini, ya'ni ushbu o‘yinga tayyorgarlik uchun bir kun ustunlikka ega ekanini ham ta'kidlash joiz.

Tarkiblar borasida mezbonlarda yo‘qotishlar yo‘q. «PSJ»da jarohatlanganlar yetarli, lekin «Real» bilan o‘yindan so‘ng, biror bir futbolchining yo‘qligi Tuxelga muammo tug‘dirishi mumkin deb o‘ylashning o‘zi noto‘g‘ri. O‘sha YeChL o‘yiniga nisbatan «PSJ»ga Neymar ham yordam bera oladi. O‘tgan turda ajoyib gol urib, so‘nggi daqiqalarda jamoaga g‘alaba olib bergan braziliyalik futbolchi to‘liq tiklanib ulgurgan, faqat diskvalifikatsiya tufayli «Real» bilan o‘yinni o‘tkazib yuborgandi.

BOShQA O‘YINLAR

21 sentabr. BAVARIYa - Kyoln (18:30), MANCheSTeR SITI - Uotford (19:00), YuVeNTUS - Verona (21:00), ATLeTIKO - Selta (21:30), Granada - BARSeLONA (23:55)

22 sentabr. Vest Hem - MANCheSTeR YuNAYTeD (18:00), ARSeNAL - Aston Villa (20:30), Ayntraxt - BORUSSIYa (21:00).

Mavzuga oid