O‘zbekiston | 14:05 / 21.09.2019
4202
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi tashkil etiladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekistonda raqs san'ati sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabini O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasiga aylantirish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanishi mumkin.

Akademiya Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Yusuf Xos Hojib ko‘chasi 103-uyda joylashtiriladi.

Quyidagilar O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining asosiy vazifalari etib belgilanadi:

raqs san'ati bo‘yicha yuqori malakali bakalavr va magistrlarni, shuningdek, ushbu sohada chuqur tadqiqotlar olib boruvchi ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash;

yoshlarning raqs san'atiga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish hamda iste'dodini yuzaga chiqarish;

raqs san'ati sohasidagi dolzarb mavzular bo‘yicha xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazish hamda xorijiy mamlakatlarda bo‘lib o‘tadigan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlarda ishtirok etish;

kadrlar tayyorlash jarayoniga sohaning yetuk va malakali mutaxassislarni jalb qilish orqali ilm-fan va ta'limning o‘zaro integratsiyasini chuqurlashtirish;

ilmiy-tadqiqotlar natijalari bo‘yicha ma'naviy-ma'rifiy va ilmiy-ommabop adabiyotlarni tayyorlash va nashr qilish;

talaba-yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mahalliy fondlar va xalqaro grantlar asosida ularning xorijda ta'lim olishi, ilmiy-ijodiy ishlar olib borishini samarali yo‘lga qo‘yish, hamkorlikdagi konsert dasturlarini tashkil etish;

kadrlar ilmiy salohiyatini oshirish, ilmiy-ijodiy faoliyatni yanada rivojlantirish, professor-o‘qituvchilarning ilmiy-ijodiy faoliyati samaradorligi va natijadorligini oshirish, iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy-ijodiy faoliyat bilan ko‘proq shug‘ullanishga keng jalb etish;

har bir yo‘nalish va mutaxassisliklarda tegishli fanlarni xorijiy tajriba, metod va innovatsion yondashuvlar asosida o‘qitishni izchil yo‘lga qo‘yish orqali bitiruvchilarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini ta'minlash;

soha mutaxassislarini xorijiy turdosh oliy ta'lim muassasalarida malakasini oshirish, stajirovka va qayta tayyorlash tizimini tashkil etish;

Fanlar akademiyasi va ilmiy tadqiqot institutlari bazalarida, shuningdek, xorijiy mamlakatlarning yetakchi muassasalarida magistratura talabalarining stajirovkalar o‘tashini amaliyotda keng qo‘llash;

axborot bazalarini modernizatsiyalash, faoliyat sohasida konsalting, marketing, moliyaviy, axborot va ta'lim xizmatlarini ko‘rsatish orqali ilmiy-tadqiqot ishlari va innovatsion faoliyatni hamda tijoratlashtirish ishlarini zamon talablari darajasida tashkiliy-texnik qo‘llab-quvvatlash;

talabalarning sohalar bo‘yicha bilimlarini oshirish hamda ularda ijrochilik ko‘nikmalarini kuchaytirish maqsadida tizimli ravishda xorijiy mamlakatlarga qisqa va uzoq muddatli amaliyotlarga yuborish.

Akademiya faoliyatini moliyalashtirish quyidagi manbalar hisobidan amalga oshiriladi:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;

Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida bajariladigan ilmiy loyihalarni moliyalashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar;

to‘lov-kontrakt asosida talabalar o‘qishidan tushadigan mablag‘lar;

xo‘jalik faoliyatidan va shartnoma asosida ko‘rsatilgan xizmatlardan tushadigan mablag‘lar;

ta'lim xizmatlari ko‘rsatish, ilmiy-o‘quv, o‘quv-metodik, ilmiy va axborot-tahliliy mahsulotlarni ishlab chiqish va boshqa faoliyat turlaridan olingan daromadlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya institutlari, xorijiy va donor tashkilotlarning grantlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Toshkent shahar hokimligi, Toshkent viloyati hokimligi, Madaniyat vazirligi bilan kelishgan holda:

Akademiya va uning huzuridagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarini professor-o‘qituvchilari va talabalarining ijodiy faolligini yanada oshirish, ta'til davomida ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil qilish maqsadida Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanida zamon talablari asosida sihatgoh tashkil qiladi va 2021 yil 1 aprelga qadar foydalanishga topshirish choralarini ko‘radi.

  O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi tarkibidagi Respublika xoreografiyaga ixtisoslashtirilgan maktabni O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi huzuridagi M.Turg‘unboyeva nomidagi yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Respublika xoreografiyaga ixtisoslashtirilgan maktab-internatga aylantirish to‘g‘risidagi taklifi inobatga olinishi mumkin.

O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi huzuridagi M.Turg‘unboyeva nomidagi Respublika xoreografiyaga ixtisoslashtirilgan maktab-internati Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Yusuf Xos Hojib ko‘chasi 31-uyda joylashtiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Buxoro, Sirdaryo, Farg‘ona, Xorazm, Qashqadaryo viloyati hokimliklarining 2021/2022 o‘quv yilidan Buxoro, Sirdaryo, Farg‘ona, Xorazm, Qashqadaryo viloyatlari markazida Akademiya huzuridagi ixtisoslashtirilgan boshlang‘ich raqs san'ati maktab-internatlarini tashkil etish;

raqs maktab-internatlari uchun 150 o‘rinli 2 tadan o‘quv binosi, 1 tadan 200 o‘rinli konsert zal, 120 o‘rinli yotoqxona va oshxona binolarini qurish bo‘yicha takliflari ma'qullanadi.

Quyidagilar raqs maktab-internatlarining asosiy vazifalari etib belgilanadi:

o‘quvchilarning raqs ijrochiligi yo‘nalishida o‘qitishning zamonaviy ilg‘or pedagogik usullaridan keng foydalanish, yangi informatsion-pedagogik texnologiyalarni tatbiq etish;

o‘quv-tarbiyaviy ishlarning asosi puxta o‘ylangan o‘quv materialini tanlash – o‘quvchilarning raqs san'atiga iqtidorini har tomonlama rivojlantirish;

ta'lim jarayoniga zamonaviy pedagogik va innovatsion texnologiyalarni, madaniyat va san'at sohasida ilm-fan bo‘yicha erishilgan ilg‘or yutuqlarni tatbiq etish.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid