O‘zbekiston | 19:54 / 04.11.2019
8502
2 daqiqa o‘qiladi

«Mushtarak fikrlarga egamiz» - Imom va pastor do‘stligi

Bugun, 4 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida «Qonun ustuvorligi va din» mavzusida xalqaro seminar ish boshladi. Tadbirda turli davlatlardan, har xil soha va din vakillari ishtirok etishdi.

Ko‘pchilikning diqqatini minbarga birgalikda so‘zga chiqqan imom va pastor tortdi. Ular navbat bilan, bir-birlarini hurmat qilgan holda bir narsani ta'kidlashdi.

«Biz do‘stim bilan turli din vakillari bo‘lsak-da, mushtarak fikrlarga egamiz. Hamkorlikda qator loyihalarni yuritamiz, jumladan, shifoxona faoliyatini olib boramiz, xayriya ishlarini nazorat qilamiz», – dedi imom Muhammad Majid.

«Muhammad mening eng yaqin do‘stlarimdan biri. To‘g‘ri, biz turli din vakillarimiz va e'tiqodimizda katta farqlar mavjud. Ammo qator umumiyliklar ham bor – bu bag‘rikenglik va ezgulik. Biror din yo‘qki bu jihatlarni targ‘ib qilmasa» – deydi pastor Bob Robers.

Tadbirni boshqargan moderator, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne'matov bu holatni dinlararo hamjihatlikning yorqin namunasi deya baholadi.

Mavzuga oid