Samarqandda turkiyalik va o‘zbekistonlik ishchilar o‘rtasida ommaviy mushtlashuv sodir bo‘ldi
Ijtimoiy tarmoqda Samarqand shahridagi qurilish hududida turkiyalik va mahalliy ishchilar o‘rtasida ommaviy mushtlashuv kelib chiqqani tasvirlangan video tarqaldi.
Videoda ushbu hodisa Qorasuv massivida bo‘lib o‘tganini ko‘rish mumkin. Xalq tilida Motrid deb ataladigan bu hududda ayni vaqtda ko‘p qavatli uylar qurilmoqda. Qurilish ishlarida esa turkiyalik quruvchi va muhandislar ham bevosita qatnashmoqda.
Video muallifi o‘zbekistonlik quruvchilar turkiyalik ustalarni uyga qamab urayotgani, keyinchalik mushtlashuv ikkinchi qavatda davom etgani haqida gapirgan.
Samarqand viloyat prokuraturasi ushbu voqea yuzasidan rasmiy ma'lumot berdi.
«2019 yil 6 noyabr kuni Samarqand shahar Qorasuv massivi «Obod Maskan» mahallasi hududida qurilayotgan ko‘p qavatli uylarning qurilish maydonida qurilish-montaj ishlarini olib borayotgan Turkiya va O‘zbekiston fuqarolari qurilish maydoni hovlisida o‘zaro kelib chiqqan kelishmovchilik sabab janjallashgan.
Oqibatda Turkiyaning 3 nafar va O‘zbekistonning 1 nafar fuqarosi tan jarohati olgan. Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 277-moddasi 2-qismi «b» bandi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda»,— deyiladi ma'lumotda.
Ijtimoiy tarmoqda bu voqeadan so‘ng Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi Samarqandga kelgani haqida xabar ham tarqaldi. Ammo Turkiya elchixonasi bu ma'lumotni tasdiqlamadi.
Tasdiqlanmagan ma'lumotlarga ko‘ra, turkiyalik quruvchilar tomonidan qurilayotgan uylarda ishlayotgan mahalliy quruvchilardan 5 nafari is gazidan zaharlanib og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgani ushbu janjalga sabab bo‘lgan.
Avvalroq Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov «4 noyabrdan 5 noyabrga o‘tar kechasi soat taxminan 23:30da Samarqand shahar Qorasuv massivi «Obod maskan» mahallasi hududida qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joy qurilishida ishlayotgan 5 nafar usta yotoqxona sifatida foydalanilayotgan xonani isitish maqsadida temir idishda o‘tin cho‘g‘ini xonaga olib kirib uxlagani natijasida, ular is gazidan zaharlanib, shifoxonaga yotqizilgani, mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotganini ma'lum qilgan edi.
Samarqand viloyati IIB ham 6 noyabr kuni Samarqand shahridagi Qorasuv massivi, «Obod Maskan» mahallasi hududida «Agromir Bilding» korxonasi tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli uylarning qurilish maydonida qurilish-montaj ishlarini olib borayotgan ishchilar o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik oqibatida janjal kelib chiqqani yuzasidan ma'lumot berdi..
«Mazkur holat oqibatida to‘rt nafar fuqaro RShTYoIM Samarqand filialiga turli darajadagi tan jarohatlari bilan murojaat qilishgan.
Hozir ushbu holat yuzasidan Samarqand shahar IIB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi, 2-qismi, «b» bandi bilan (bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan bezorilik) jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergovoldi harakatlar olib borilmoqda.
Fuqarolarimizdan, mazkur holatning barcha tafsilotlari aniqlanib, tergov yakuniga ko‘ra to‘liq axborot berilishiga qadar, ijtimoiy tarmoqlarda aylanayotgan video tasvirlarga nomaqbul izohlar berishlaridan o‘zlarini tiyishlarini so‘raymiz, — deyiladi IIV Axborot xizmati ma'lumotida.
Mavzuga oid
09:28 / 08.11.2024
Samarqandga 100 ta elektrobus olib kelinadi
10:53 / 07.11.2024
Misr Samarqand viloyati tuman va shaharlarida suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilishi mumkin
21:44 / 01.11.2024
Samarqandda avtobus salonini ayollar va erkaklar uchun ajratgan haydovchiga chora ko‘rildi
11:44 / 31.10.2024