Sport | 14:00 / 14.11.2019
20136
8 daqiqa o‘qiladi

O‘yin oldidan. «Mirjalol Qosimov yo‘li»

Bugun navbatdagi jahon chempionatiga saralash o‘yinlari uchun eng muhim o‘yinda maydonga tushamiz. Yangi terma jamoamiz dastlabki haqiqiy sinovga duch keladi. O‘yinning muhimligi shundaki, gap faqat ochkolar yoki turnir jadvalida emas, aynan shu o‘yin, uning natijasi nafaqat bu, balki keyingi bosqich uchun ham katta ahamiyat kasb etadi. Sababi, kuchli jamoalarga qarshi qanday o‘ynashimiz keyingi bosqichdagi raqiblarimizga qarshi o‘yinlar uchun o‘ziga xos poydevor, ishonch vazifasini bajaradi.

JCh-2014 saralash o‘yinlarida biz tariximizdagi eng ko‘p ochkoni to‘plaganmiz va yo‘llanma uchun juda yaqin kelgandik. Esingizda bo‘lsa, o‘shanda saralashning dastlabki bosqichlarida Yaponiya bizga raqib bo‘lgan, ularga qarshi ikki o‘yinda 4 ochko olishga muvaffaq bo‘lgandik. O‘sha o‘yinlar futbolchilarimizga har qanday raqibga qarshi o‘ynay olishimizni, har qanday kuchli jamoani yengishga qodir ekanimizni ko‘rsatgan. Mana shu jihatdan Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yindagi g‘alaba, asosiysi, bu o‘yinda biz tashabbuskor taraf sifatida bo‘lishimiz, o‘yinni nazorat qilishimiz futbolchilarimiz uchun juda ham muhim. O‘ziga va belgilangan vazifani bajarilishiga ishongan futbolchilar bilan keyin bosh murabbiyga ham osonroq bo‘ladi.

Odatda o‘yin oldidan, barcha tayyorgarliklar amalga oshirilib, endi qo‘shimcha kuch olish kerak bo‘lganda, murabbiylar motivatsion nutq qilishadi. Bu futbolning ajralmas qismiga aylangan, qaysidir tarixiy g‘alabalar oldidan murabbiylar nimalar deganlari haqida afsonalar yuradi, muxlislar uchun juda qiziq mavzu. Men ham shunaqa motivatsion biror narsa aytmoqchiman va bu uchun Yevropa futbolidan, chet eldan biror misol keltirishim shartmas. Misollar shu yerda, atrofimizda. Masalan, Mirjalol Qosimov hikoyasi. U hech qachon jahon chempionatiga chiqa olmagan bo‘lsa-da, doim shunga loyiq o‘yin ko‘rsatgan, zero natijaga ko‘pincha biz javobgar emasmiz – «bizga yutish emas, kurashish buyurilgan». Ya'ni qoida doim o‘zgarmaydi, natija uchun bor imkoniyatni ishga sol, qolgani bilan ishing bo‘lmasin. Sen mana shu harakating uchun mas'ulsan.

Mirjalol Qosimov istiqlol yillarida shubhasiz, mamlakatimizning eng yaxshi futbolchisi. Futbolimiz tarixida ham uning o‘z o‘rni bor va ancha yuqorida. Abduraimov, Krasnitskiy, Fedorov, Anlar bilan bir qatorda. Lekin bilasizmi, Mirjalol bir jihati bilan bu ruyxatda ustunlik qiladiki, buni ta'kidlash juda ham zarur.

Muxlislar o‘rtasida ham, matbuotda ham juda ko‘p eshitib qolamiz, bizda yulduz futbolchilar uchun sharoit yo‘q, yangi Qosimovlarni boy beryapmiz va hokazo. Sherzod Karimov yangi Qosimov bo‘lishi mumkin edi, biz uni yo‘qotdik. Chirkin futbolimiz falonchiyevga to‘sqinlik qildi va u o‘rtamiyona bo‘lib qoldi. Maxsitaliyevni saqlab qolishimiz kerak edi va hokazo. Yangi Qosimovlar taksistlik qilyapti, deyishadi!

O‘ylab qolaman, Qosimov taksichi bo‘lishi mumkinmidi? Yo‘q!.. Hech qachon!

Unga hammasi osmondan tushib qolganmidi? Ha, o‘smirlik chog‘idayoq hammaning e'tirofiga sazovor bo‘ldi. Keyinchi? Uni momiq paxtadek «papalab», undan terma jamoa sardorini «yasaganmidik»? Unaqa emas-ku?

Abduraimov ham, An ham, umuman 60-80-yillardagi yulduzlarimizning hammasidan talab qilinadigan asosiy talab futbol o‘ynash edi, xolos. Insondan hech qanday muhim tanlov talab qilinmaydigan turg‘unlik yillari edi, futbolchilar o‘zlari sevgan va qo‘llaridan keladigan mashg‘ulot – futbol bilan shug‘ullanishgan. To‘g‘ri, ba'zida boyroq va kuchliroq hisoblangan Moskva va Kiyev jamoalari takliflarini rad qilib, o‘z vatanparvarliklarini namoyish etib turishgan, buni inkor qilib bo‘lmaydi, ularning xizmatini kamsitish niyatim ham yo‘q edi, aslo.

Mirjalolning sinovlari og‘irroq bo‘lgan. U ayni o‘sishi kerak, o‘zini ko‘rsatishi kerak bo‘lgan paytda sobiq ittifoq chempionati parchalanib ketdi. 21 yoshidayoq, hali futbolga bo‘lgan munosabat to‘g‘ri shakllanmagan, futbol o‘n ikkinchi darajali bo‘lgan sharoitlarda to‘p surishga majbur bo‘ldi. Rossiya terma jamoasi safida jahon chempionatida qatnashish taklifi berildi. Rad qildi. Keyin O‘zbekistonga qaytdi. Ma'lum sabablarga ko‘ra futboldan chetda yurishga majbur bo‘ldi. Yana qaytdi. Yana ketdi. Xirosimada chempion bo‘ldi. Rossiyada chempion bo‘ldi. Jarohatlar. Tiklandi. Yana jarohatlar. Unga ham oson emasdi. Lekin bilasizmi, bizda hech qachon Qosimov boy berilgani haqida tuyg‘u bo‘lmagan. Uning jarohatlaridan, uning muammolaridan u emas, terma jamoamiz yutqazardi doim. U esa baribir professional edi. Futbol yulduzi edi. Haqiqiy yulduz bo‘lish bu faqat to‘p tepishni o‘rganish emas, ikkita to‘g‘ri qarordan to‘g‘rirog‘ini tanlash va buni doimo bajarish kerakligini his qilish. Bu juda qiyin va futbolchining ichki jarayoni, ishoning!

Mana shu jarayon futbol shaxsiyatini tarbiyalaydi. Futbol yulduzi bo‘lish uchun iqtidorning o‘zi kifoya qilar, ammo shaxsiyat bo‘lish oson emas. Messi maydonda hech kim eplay olmaydigan ishlarni qilar, lekin u shaxsiyat emas futbolda. 

Argentinadan biror iste'dod chiqib qolsa Maradonaga qiyoslashadi va albatta «yangi Maradona shu» deyishadi. Ortega, Rikelme, Aymar, Teves, Saviola... Messi... Yana ko‘p, eslaganlarim shular. Lekin ularning birortasi ham Maradona bo‘la olmadi. 18-20 yoshida ular Maradonadan iste'dodsizroq edilarmi? Buni o‘lchash qiyin, lekin kuzatuvchilar ham ahmoq emas, Maradona bo‘lish uchun nimasidir bor edi ularning. Xo‘sh, nega ulardan Maradona chiqmadi? Tizimmi?.. Taqdirmi?..

Mana shu yerda yana mavzuga qaytib qolaveramiz. Maradonani Maradona qilgan, Maxsitaliyev Qosimovga aylanishiga to‘siq bo‘lgan, Qosimovning taksichiga aylanishiga yo‘l qo‘ymagan omil – dribling, tezlik, jarima zarbalari, gol urish, dispetcherlik mahorati va hokazolar emasligini endi isbotlashim shart emasdir, to‘g‘rimi?

Bir yerda Qosimovdan «yangi Qosimovlar qachon chiqadi?» deb so‘rashganida, u Pelega o‘xshatib, hazil tariqasida «Buni otamdan so‘rash kerak» deb javob bergandi. Go‘yoki maqtanchoqlikdek tuyulgan bu javob, aslida kamtarlik – Mirjalol bu gap bilan barchasi xudo tomonidan berilgan iste'dod mevasi ekaniga urg‘u berib, o‘z mehnatini, futboldagi ibratlarga to‘la hayot yo‘lini inkor qilayotgandek.

Lekin biz inkor qilmaymiz. Mirjalol «Paxtakor» va terma jamoamiz safida o‘ynab, bizga juda muhim gollar va g‘alabalar taqdim etgani bilan birga, bo‘lajak yulduzlar uchun o‘ziga xos maktab, ibrat yarata oldi. Qosimov bo‘lmoqchimisiz, marhamat... Hammasi o‘z qo‘lingizda.

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid