Jahon | 08:07 / 27.12.2019
174192
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda yo‘lovchi samolyoti halokatga uchradi. Bortda 100 kishi bo‘lgan

Qozog‘istonda Bek Air aviakompaniyasiga tegishli yo‘lovchi samolyot halokatga uchrashi natijasida o‘nlab kishilar halok bo‘ldi. Olmaota aeroportidan ma'lum qilishlaricha, samolyot halokatidan 60 kishi omon qolgan.

Qozog‘iston hukumati bergan ma'lumotga ko‘ra, avariya Olmaota aeroportidan ko‘tarilishda ro‘y bergan: poytaxt Nur-Sultonga yo‘l olgan Fokker rusumli samolyoti havoga ko‘tarilish vaqtida balandlikni yo‘qotib, beton to‘siqni buzib o‘tgan va ikki qavatli imoratga borib urilgan, shundan so‘ng aholi turar joylari hududiga qulagan.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, bortda 95 yo‘lovchi va ekipajning 5 a'zosi bo‘lgan.

Qozog‘iston IIV ma'lumotiga ko‘ra, halokat joyidagi qutqaruv ishlariga 976 kishi va 70ta texnika, shuningdek 33ta tez tibbiy yordam brigadasi jalb qilingan.

Jarohatlangan 66 kishi shifoxonaga olib borilgan, shundan 50 kishi shifoxonaga yotqizilgan. Ayni vaqtda ularning 12 nafari og‘ir ahvolda qolmoqda.

Xabar qilinishicha, samolyotda halokatdan keyin yong‘in chiqmagan, lekin Reyter agentligi muxbiri hodisa joyi quyuq tuman paydo bo‘lganini xabar qilgan.

Qozog‘iston bosh vazirining topshirig‘iga ko‘ra, bosh vazir o‘rinbosari boshchiligida hukumat komissiyasi tuzildi.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev halokat qurbonlarining yaqinlariga hamdardlik bildirgan va barcha aybdorlar qat'iy jazolanishini ma'lum qilgan.

Bek Air aviakompaniyasi parkidagi Fokker 100 rusumli samolyotlar Niderlandiyada ishlab chiqarilgan. Halokatdan keyin Qozog‘iston hukumati bu tipdagi laynerlar parvozi to‘xtatilganini e'lon qildi. Shuningdek, Bek Air aviakompaniyasi faoliyati ham to‘xtatildi.

Fokker 100 samolyoti 107 nafargacha yo‘lovchi sig‘dira oladi, u Fokker F28 samolyoti asosida qurilgan. Fokker 100 samolyoti ilk bor 1986 yilning 30 noyabrida parvozga chiqqan.

Bu rusumli samolyotdan jami 283ta ishlab chiqarilgan, samolyot ishlab chiqaruvchisi 1996 yilda bankrotga uchragan.

Bu tipdagi samolyotlardan ko‘plab yirik aviakompaniyalar, jumladan Alitalia, Lufthansa, KLM, Swiss va boshqalar ham foydalanadi.

Bugun qulab tushgan samolyotning birinchi parvozi 1996 yilning aprelida amalga oshirilgandi, u 23,5 yil oldin ishlab chiqarilgan.

  

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid