Jamiyat | 02:08 / 29.12.2019
34992
5 daqiqa o‘qiladi

«Iltimos, odamlar chiqindi tashlamasin...». Obodonlashtirish xizmati xodimlari quvonchi, hayrati, o‘tinchi Kun.uz obektivida

Yo‘l bo‘yiga hafsalasizlik bilan uloqtirilgan pista po‘chog‘ining egasi orom uyquda bo‘lgan tong saharda boshqa birov uni tozalash bilan ovora...

Shahar hali uyg‘onmagan bir paytda, obodonlashtirish xodimlari allaqachon o‘z ishlarini boshlab yuborishga ulgurishadi. Tong nechada otishidan, ob-havo qanday kelishidan, ish yoki bayram kuni bo‘lishdan qat'iy nazar ular uchun ish vaqti aniq, qilinadigan ish tayin. Rejimdan chekinish yo‘q. Maqsad shaharni orasta qilish.

Ammo biz har doim ham sariq nimchali tozalik jonkuyarlari mehnatini ilg‘amaymiz. Oqlangan daraxtlar, yig‘ib olingan xazonlar, supurilgan yo‘laklar xuddi o‘z-o‘zidan bo‘lib qolayotgandek, doim shunday bo‘lish kerakdek.

Ko‘ngillilik asosida birlashgan “Baxt ulash” yoshlar guruhi bu insonlarning ko‘nglini ko‘tarish, ularning mehnati har birimiz uchun, jamiyat uchun qadrli ekanligini ko‘rsatish maqsadida savobli ishga qo‘l urishdi. Ro‘zg‘or uchun kerakli mahsulotlar ─ guruch, yog‘; termos idish, shirinliklar, qo‘lqop, paypoq kabilarni yig‘ib, obodonlashtirish xodimlariga tarqatishdi. Shahar tozaligi yo‘lida qilayotgan mehnatlari uchun tashakkur bildirishdi.

“Sariq nimchalilar” bu e'tiborni katta mamnuniyat va quvonch bilan qabul qilishdi. Chuqur minnatdorlik, ko‘zlarda mamnunlik, samimiy duolar va tilaklar...

Bunga quyidagi viderolikda o‘zingiz guvoh bo‘lishingiz mumkin:

O‘z minnatdorligini bildirar ekan, obodonlashtirish xodimlari butun aholiga iltimos bilan chiqishdi:

“Iltimos odamlardan, “musor”larni ko‘chaga tashlashmasin. Urnalar qo‘yilgan, shunga tashlashsin. Lotoklarning ichi “musor”ga to‘lib ketgan, metroga suv o‘tyapti. “Dom”lardan, kafelardan rosa “musor” chiqadi. Ayniqsa, “Chilonzor” metrosining “musor”ini tashlashmasin. Bularga biron narsa desangiz, oyligingni oylyapsan-ku, deydi. Domkomga, uchastkovoyga qancha gapirganmiz, pisand ham qilgani yo‘q”, ─ deydi sariq nimchali onaxon.

Kimlar uchundir suvdan bo‘shagan baklajka, pista po‘chog‘ini yo‘l bo‘yiga tashlab ketishning hech bir g‘ayritabiiy jihati yo‘q. “Chiqindi qutilari kam, har falon metrda bitta qo‘yilgan”, degan e'tiroz ham o‘rinli. Bu ham asta-sekin hal bo‘ladigan masala. Lekin shu arzimas chiqindini sumkaga solib qo‘yish muammo emas, boshqalar mehnatini qadrlash kerak xolos.

Onaxon ba'zi hollarda obodonlashtirish xodimlariga odamlar yomon munosabatda bo‘lishini gapirib berdi.

“Hojatxonalarga kirgizmasa, kafelarga kirgizmasa, rosa ham xafa bo‘lib ketamiz. Joylarimiz yo‘q, ko‘chada sovuqlarda turamiz...”

Bu holat eshitayotgan quloq uchun yangilik emas. Obodonlashtirish xodimlarining o‘z vazifalarini bajarishlari uchun noqulaylik tug‘diradigan bunday holatlardan tegishli idoralarning ham xabardorligiga shubha yo‘q. Bu masala Kun.uz’da avval ham ko‘tarilgan. Lekin yechim...

Ma'lumot uchun, “Baxt ulash” ko‘ngilli yoshlar guruhi doimiy ravishda turli xayriya tadbirlarini amalga oshiradi. Mehribonlik uyi, jismoniy hamda ruhiy imkoniyati cheklangan shaxslar, moddiy qiyinchilikdagi insonlar uchun kerakli yordamni imkon darajasida berish, ularni xursand qilish maqsadida kichik bayram shodiyonalarini tashkillashtirish guruhning asosiy maqsadidir.

Sovg‘alar va pul mablag‘larini jamlashdan tortib, ularni tarqatishgacha bo‘lgan ishlarning barchasi hech bir manfaatsiz, faqatgina ko‘ngillilik va ixtiyoriylik asosida amalga oshiriladi. Hech qanday tijoriy va moddiy maqsad mavjud emas.

Jamoaga qo‘shilmoqchi bo‘lganlar @Baxt_ulash_chat manzilini izlab ko‘rishi mumkin.

Siz ham yaxshilik qiling, baxt ulashing. Xoh yaqin insoningizga bo‘lsin, xoh yo‘ldagi o‘tkinchiga. Ozgina mehr va e'tibor ko‘ngillarni tog‘dek qilishi mumkin. Siz bunga qodirsiz!...

Saodat Abdurahmonova, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi: Muhammadjon G‘aniyev

Mavzuga oid