O‘zbekiston | 17:50 / 01.01.2020
39520
2 daqiqa o‘qiladi

Pompeoning O‘zbekistonga tashrifi qoldirildi

AQSh davlat kotibi Maykl Pompeoning O‘zbekistonga yanvar oyi boshida o‘tkazilishi rejalashtirilgan tashrifi qoldirildi.

© AP Photo/Matt Rourke

«O‘zaro kelishuvga binoan, 2020 yil 5—6 yanvar kunlariga rejalashtirilgan AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi va Toshkent shahridagi «Markaziy Osiyo—AQSh» (C5+1) formatidagi vazirlar uchrashuvi boshqa sanaga qoldirildi.

Aniq sanalar diplomatik kanallar orqali kelishiladi», — deyiladi O‘zbekiston TIV xabarida.

Biroz avvalroq Pompeo Fox News uchun bergan intervyusida Iroqdagi voqealar tufayli rejalariga o‘zgartirishlar kiritishi mumkinligini istisno qilmagandi.

«Umid qilamanki, men baribir bu rejalarni bajaraman. Ukrainaga, keyin Markaziy Osiyoga boraman, u yerdan Kiprga qaytaman.

Ammo men Davlat departamenti xodimlari, Yaqin Sharqdagi amerikaliklar xavfsizligini ta'minlash uchun qayerda bo‘lishim kerak bo‘lsa o‘sha yerda bo‘laman. Buning uchun safarimni o‘zgartirishga yoki kechiktirishga to‘g‘ri kelsa bu ishni qilaman», degan Pompeo.

30 dekabr kuni AQSh harbiylari Iroqda eronparast shialarning pozitsiyalarini o‘qqa tutgan, bunga javoban 31 dekabr kuni Bag‘dodda namoyishchilar AQSh elchixonasiga hujum qilgandi.

AQSh Davlat departamenti rahbari Maykl Pompeo 29 dekabr kuni tvitterida yanvarning ilk dekadasida Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoga turne uyushtirishi, 3 yanvar kuni Ukrainadan boshlanadigan safar 7 yanvar kuni Kiprda yakunlanishi haqida xabar bergandi. Safar doirasida u 5-6 yanvar kunlari Toshkentga kelishi, prezident Shavkat Mirziyoyevning qabulida bo‘lishi, shuningdek, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazishi ko‘zda tutilgan edi.

Mavzuga oid