Tehronda boshlangan namoyishlarda oyatulloh Xominaiydan iste'fo talab qilinmoqda
11 yanvar kuni Tehrondagi Amir Kabir nomidagi universitet yaqinida yuzlab kishilar norozilik namoyishiga chiqishdi va mamlakat oliy diniy rahnamosi oyatulloh Ali Xominaiyning ketishini ham talab qilishdi.
«Bosh qo‘mondon, yo‘qol!», deya hayqirishgan Ukraina yo‘lovchi samolyoti eronlik harbiylar xatosi bilan urib tushirilganidan g‘azablangan namoyishchilar.
Shanba kuni Eron hukumati «Ukraina xalqaro avialiniyalari»ning «Boing» rusumli yo‘lovchi samolyoti Islom inqilobi muhofizlari korpusi harbiylarining xatolik bilan berilgan zarbasi tufayli urib tushirilganini tan oldi.
Aviahalokat oqibatida halok bo‘lgan 176 kishining 83 nafari Eron fuqarolari edi, shuningdek halok bo‘lgan 60 nafardan ortiq Kanada fuqarolari ham kelib chiqishiga ko‘ra eronlik edi.
Asosan talabalar va marhumlarning yaqinlari bo‘lgan namoyishchilar marhumlar xotirasi uchun shamlar yoqqan, hukumatga qarshi shiorlar aytishgan.
Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videolardan birida olomon shunday hayqiradi: «Iste'fo yetarli emas, sud kerak!»
Mamlakatdagi eng nufuzli universitet binosi oldida to‘qnashuvlar yuz bergan, politsiya yorug‘lik-shovqinli granatalardan foydalangan.
Erondagi ikkita asosiy yangilik agentliklari - IRNA va ISNA agentliklari ham namoyishlar to‘g‘risida xabar bergan.
Britan elchisining qo‘lga olinishi
Tehrondagi namoyishlarda qatnashgan Buyuk Britaniyaning Erondagi elchisi Robert Makeyr bir necha soatni hibsda o‘tkazdi.
Tasnim agentligining yozishicha, Makeyr miting vaqtida «radikal harakatlarga boshchilik qilgan».
«Elchimiz Tehronda qo‘lga olinishi asossizmi yoki asoslimi, bu xalqaro huquqning qo‘pol darajada buzilishi hisoblanadi. Ayni paytda Eron hukumati uchun hal qiluvchi pallalar. Ular o‘zining siyosiy va iqtisodiy jihatdan yakkalanish sari marshini davom etishi mumkin, yoki diplomatik yo‘l sari qadam tashlab, oldinga yurishi mumkin», degan Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Dominik Raab.
Ma'lumot uchun, aviahalokatda qurbon bo‘lganlarning 4 nafari Buyuk Britaniya fuqarolari edi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi reaksiya
Eronlik internet foydalanuvchilari tvitterda (undan foydalanish Eronda taqiqlangan) va instagramda Eron hukumatining larzaga soluvchi bayonotidan keyingi g‘azablarini to‘kib sochishmoqda.
«Sizning xato bexosdan sodir bo‘ldi. Lekin sizning yolg‘oningiz qasddan aytildi. Odamlarni aldash kerak emas», deyiladi shunday tvitlardan birida.
Eronlik politolog, muqaddam Tehrondagi universitetlardan birida dars bergan professor Zadex Zibakalam endi hukumat so‘nggi uch kundagi yolg‘onlari uchun o‘zini oqlash ilojsiz ekanini aytib o‘tdi.
Hukumat reaksiyasi
Hukumatning IRNA agentligi xabariga ko‘ra, oyatulloh Xominaiy samolyot halokatiga sabab bo‘lgan beparvolik bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishga ko‘rsatma bergan.
U xatoga yo‘l qo‘yilgani isbotini topganini ma'lum qilgan va bunday holat boshqa qaytarilmasligi uchun choralar ko‘rishga chaqirgan.
Eron parlamenti yakshanba kuni aviahalokat tafsilotlari ochiq majlisda ko‘rib chiqilishini e'lon qildi.
Eron prezidenti Hasan Ruhoniy Eron hukumati hodisadan chuqur qayg‘uda ekanini aytdi va aybdorlar jazolanishiga va'da berdi.
Eronning Buyuk Britaniyadagi elchisi avvalgi yolg‘on bayonotlari uchun uzr so‘radi. U bayonotlarida: Eron bu samolyotga raketa zarba bermaganiga ishonchi komilligini ta'kidlagandi.
AQSh prezidenti Donald Tramp tvitterdagi sahifasida fors tilida namoyishchilarni qo‘llab-quvvatladi.
«Anchadan beri jafo chekayotgan, biroq jasur eronliklarga: Men prezidentligimning boshidan siz bilan birgaman va mening ma'muriyatim ham siz bilan birga bo‘lib qoladi. Biz sizning noroziligingiz ortidan sinchkov kuzatmoqdamiz va mardligingizdan ilhomlanmoqdamiz.
Tinch namoyishchilarga qarshi navbatdagi qirg‘in, internetdan uzib qo‘yish boshqa bo‘lishi kerak emas. Dunyo kuzatmoqda», deya yozdi Tramp.
G‘azab, shok, ishonchsizlik
Bi-bi-sining Fors xizmati muxbiri Rana Rahimpur:
G‘azab, shok holati va bo‘lib o‘tgan voqealarga ishonchsizlik. Hozir eronliklar samolyot halokati bo‘yicha munosabatlarini bildirishda shu so‘zlardan foydalanishmoqda.
Islom inqilobi muhofizlari korpusi uch kun davomida aslida nima bo‘lganini rad etib kelgach, ularga hech kim ishonmay qo‘ydi.
Bugun oqshom Eronda odamlar Tehron markazida yig‘ilib, marhumlarni xotirlashdi va «Diktatorga o‘lim!» deya hayqirishdi.
Ular armiya bosh qo‘mondoni hisoblanadigan oyatulloh Xominaiy iste'foga chiqishini talab qilishmoqda.
Ko‘pchilikning fikricha, agar boshqa davlatlar hukumatlari tomonidan bosim bo‘lmaganida, Eron hukumati xatoni hech qachon tan olmagan bo‘lardi.
Hozircha bir muhim savol ochiq qolmoqda: nima uchun Tehron Amerikaning Iroqdagi harbiy bazalariga hujum boshlanishidan oldin Eron havo kengliklari yopilmagan?
Mavzuga oid
09:26 / 06.11.2024
Tehron: GFR fuqaroligiga ega eronlik o‘lim jazosidan oldin vafot etdi
10:50 / 23.10.2024
Tehron: qo‘shnilar o‘z yerlaridan Eronga qarshi foydalanishga yo‘l qo‘ymasligini kafolatladi
17:46 / 08.09.2024
Eron prezidenti poytaxtni mamlakat janubiga ko‘chirish zarurligini ma’lum qildi
15:32 / 26.06.2024