2019 yilda xorijda O‘zbekiston fuqarolari 1511ta jinoiy ish bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilgan
Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti birinchi kotibi Rustam G‘oziyevning qayd etishicha, vazirlik tomonidan 2019 yil davomida 1511ta jinoiy ish bo‘yicha O‘zbekiston fuqarolari jinoiy javobgarlikka tortilgani qayd etilgan. U bu haqda 23 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qildi.
«O‘zbekiston Respublikasining konsullik ustaviga binoan, O‘zbekiston fuqarolarining chet eldagi huquq-manfaatlari O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan himoya qilinadi. Ya'ni bu konsullik tashrifi deyiladi, qamoqxonalarga bizning xodimlarimiz belgilangan vaqtda borib turishadi. Tashrif davomida fuqarolarimizning qanday holatda saqlanayotgani haqida ma'lumot olinadi, nimadandir qoniqishmasa, qamoqxonada saqlanayotgan o‘zbekistonliklarning huquq-manfaatlarini tiklash maqsadida qamoqxona ma'muriyatiga kerakli tavsiyalarni berishadi», deydi TIV mas'uli.
Rustam G‘oziyev ayrim davlatlar, xususan, Rossiya, Qozog‘iston davlatlarida O‘zbekiston fuqarolarining soni juda ko‘pligi, konsullik muassasalaridagi xodimlar soni cheklangani sababli ular ushbu mamlakatlardagi qamoqxona yoki tergov izolyatorlariga tez-tez bora olmayotganini ham aytib o‘tdi.
«Konsullik faoliyati juda keng qamrovli. Xorijdagi fuqarolarimizga notarius, FHDYo xizmatlari, ya'ni nikohni, tug‘ilishni, o‘limni qayd etish, O‘zbekistonda bo‘lgani kabi barcha hujjatlarni rasmiylashtirish konsullik xodimlarining zimmasida.
Ish hajmi juda katta bo‘lgani sababli fuqarolar soni ko‘p davlatlarda mas'ul xodimlarning qamoqxonalarga tashrifi muddati kechikishi mumkin. Fuqarolar kam davlatlarda biror o‘zbekistonlik qamoqqa tushgan taqdirda 1 yo 2 kunda vakillarimiz qamoqxonaga yetib borishadi. Rossiya misolida oladigan bo‘lsak, bu yerda 5ta konsulxona tashkil etilgan bo‘lib, konsul ushbu mamlakatdagi qamoqxonalarda saqlanayotgan fuqarolar holidan xabar olish uchun bir yilda kamida ikki marta qamoqxonalarga tashrif buyurishi kerak», deydi u.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i Baxtiyor Tursunovga ko‘ra, bir yilda o‘rta hisobda 3000-4000 nafar o‘zbekistonlik Rossiyada migratsiya qonunchiligini buzgani uchun Xorij fuqarolarini vaqtinchalik saqlash markazlariga tushadi.
«Boshqa davlat hududida, xususan, Rossiyada migratsiya qonunchiligini buzgan migrantlarimiz Xorij fuqarolarini vaqtinchalik saqlash markazlarida saqlanadi. Albatta, bu – rejimli obekt. Ammo uni to‘laqonli qamoqxona deb bo‘lmaydi. Bu kabi markazlarda saqlanayotgan fuqarolarimiz soni bir yilda o‘rta hisobda 3000-4000 nafarni tashkil etadi. Bu markazlarda faqat O‘zbekistonning emas, boshqa davlatlarning migratsiya qonunchiligini buzgan fuqarolari ham saqlanadi. Vaqtinchalik saqlash markazlarida tutib turilgan o‘zbekistonliklarning qanchasi jinoiy javobgarlikka tortilgani haqida ma'lumotga ega emasmiz», deydi u.
Mavzuga oid
20:54 / 19.11.2024
Ispaniya har yili 300 ming migrantni qonuniylashtirish niyatida
21:54 / 18.11.2024
Tramp noqonuniy migrantlarni ommaviy deportatsiya qilish rejasi borligini tasdiqladi
18:08 / 18.11.2024
Rossiya Davlat Dumasi hukumatdan migratsiya parametrlarini belgilashni so‘radi
17:29 / 18.11.2024