Fan-texnika | 22:19 / 12.02.2020
18177
3 daqiqa o‘qiladi

Samsung 108 Mpli kameraga ega va bukiluvchi ekranli yangi smartfonlarini taqdim qildi

Samsung 11 fevralda bukiluvchi displeyli Galaxy Z Flip va Galaxy S20 qatoriga kiruvchi S20, S20+ va S20 Ultra smartfonlarini taqdim qildi.   

Foto : Future

Yangi S20’lar 2019 yilda chiqarilgan Galaxy S10 qurilmalari o‘rnini egallaydi.

S20, S20+ va S20 Ultra smartfonlari mos ravishda 6,2, 6,7 va 6,9 dyuymli, 3200*1440 pikselli AMOLED-ekranlar olgan. Uchala smartfon ham simsiz quvvatlagichni qo‘llab-quvvatlaydi, ekrandagi barmoq izi skaneri va IP68 standarti bo‘yicha suvdan himoyaga ega. Smartfonlarda Exynos 990 yoki Qualcomm Snapdragon 865 chiplari qo‘llanadi. Smartfonlarning 4G tarmoqlarni qo‘llab-quvvatlovchi versiyalarida tezkor xotira 8 Gbdan 12 Gbgachani, 5G-veriyalarda esa 12 Gbdan 16 Gbgachani tashkil qiladi. Doimiy xotira hajmi 128 Gbdan 512 Gbgachani tashkil qiladi va uni microSD xotira kartalari yordamida oshirish mumkin. Smartfonlar batareyalari sig‘imi mos ravishda 4000, 4500 va 5000 mA-soatni tashkil qiladi.

Har doimgidek yangi Samsung smartfonlarining bosh jihati uning kameralari bo‘ldi. S20 va S20+ modellari 10 Mpli old kamera hamda 64 Mpli asosiy kamera bilan jihozlangan.

S20 Ultra modeli 40 Mpli old kamera va 108 Mpli keng burchakli, 48 Mpli telefoto modul hamda chuqurlik sensori va o‘ta keng burchakli moduldan iborat asosiy kamera bilan jihozlangan.

Barcha smartfonlarning kameralari 8 K sifatdagi video suratga oladi. Shuningdek, smartfonlarda ularni xakerlik hujumlaridan saqlovchi yangi Guardian Chip protsessori o‘rnatilgan.

Galaxy Z Flip/foto:AP

S20, S20+ va S20 Ultra’ning narxi mos ravishda 999, 1200 va 1399 dollarni tashkil qilishi taxmin qilinmoqda. Ular mart boshida sotuvga chiqariladi.

Shuningdek, taqdimotda bukiluvchi ekranli Galaxy Z Flip smartfoni namoyish qilingan. Smartfon 6,7 dyuymli Infinity Flex Display ekrani bilan jihozlangan. Qurilma yig‘ilgan holatda kvadrat shaklga kelib, bemalol kaftga o‘rnashadi. Smartfon asosiy ekrandan tashqari, tashqi korpusida yig‘ilgan holatda qo‘llash uchun mo‘ljallangan 1 dyuymli qo‘shimcha displey olgan. 

Samsung Galaxy S20 series
 Galaxy S20 ultra

Shuningdek, qurilma 256 Gb doimiy va 8 Gb tezkor xotira bilan ta'minlangan. Ta'kidlanishicha, Z Flip’da istalgan burchakda ochilgan ekran bilan ishlash mumkin bo‘ladi.

Janubiy Koreya kompaniyasi taqdimotda smartfonlardan tashqari, 3 mikrofonli va 2 ta polosali dinamiklarga ega Galaxy Buds Plus simsiz quloqchinlarini ham taqdim qilgan. 

IDC tadqiqot kompaniyasining baholashicha, Samsung 2019 yilda butun dunyo bo‘ylab 1,37 mlrd dona smartfon sotgan va bu borada jahon bozorining 21,6 foiz ulushi bilan yetakchi hisoblanadi. Undan keyingi o‘rinlarni Huawei (17,6 foiz), Apple (13,9 foiz), Xiaomi (9,8 foiz) va OPPO (8,3 foiz) egallagan.

Mavzuga oid