Jahon | 22:10 / 25.02.2020
39507
14 daqiqa o‘qiladi

Husni Muborak: Misrni 30 yil boshqargan «yangi Fir'avn»

Bugun Misrning sobiq prezidenti Husni Muborak 91 yoshida vafot etdi. U mamlakatni 1981-2011 yillar davomida boshqargan. 2010 yilda Tunisda boshlangan «Arab bahori» 2011 yilda Misrga yetib kelgan va oqibatda Muborak iste'foga chiqishga majbur bo‘lgan, keyin 6 yilni qamoqda o‘tkazgandi. «Yangi Fir'avn» nomini olgan Muborak qanday inson edi?

Foto: EPA/Vostock-photo

Bolaligi va harbiy ta'lim

Muhammad Husni Sayyid Muborak 1928 yilda Nil daryosi yaqinidagi Minufiya viloyatida tug‘ilgan. Uning otasi uzoq yillar sud va hokimiyat tizimida ishlagan. Ilk sabog‘ini qishlog‘idagi maktabda boshlagan Muborak keyinchalik Shibin al-Qum shaharchasidagi maktabga ko‘chib o‘tadi va o‘rta maktabni o‘sha yerda bitiradi.

Shundan so‘ng yosh Muborak Qohiradagi harbiy akademiyada o‘qiy boshlaydi va 1949 yilda bakalavr diplomini oladi. 1959-1960 yillarda Moskvadagi Frunze nomidagi harbiy aviatsiya bilim yurtida tahsil olib, vataniga qaytgach, u Yamandagi fuqarolar urushida Misr tinchlikparvar kuchlariga qarashli harbiy-havo kuchlari eskadrilyasiga boshchilik qiladi.

1964 yilda bo‘lajak prezident yana Moskvaga qaytadi va bu safar bir yil davomida Misr harbiy delegatsiyasi tarkibida Frunze nomidagi harbiy akademiyada tahsil oladi, harbiy uchuvchilikdan saboq oladi. Bu vaqtda SSSR va Misr o‘rtasidagi siyosiy va iqtisodiy aloqalar yaxshi bo‘lgan. SSSR Misrga harbiy samolyotlar yetkazib berar, misrlik harbiy uchuvchilar asosan o‘sha samolyotlarni boshqarishni o‘rganishadi.

Misrga qaytgan Muborak Qohira yaqinida joylashgan harbiy aviabazada aviatsiya brigadiri lavozimida xizmat qila boshlaydi. U 1967 yilda Arab-Isroil urushida qatnashadi. Bu urushda Isroil harbiylari tomonidan Misr harbiy aviatsiyasi batamom tor-mor keltiriladi. Ammo Muborakning harbiy uchuvchilik mahorati tufayli Suvaysh kanali ustidan nazorat saqlab qolinadi hamda Muborak Misrda qahramonga aylanadi.

Muborak vitse-prezident bo‘lishi uchun prezidentlik sari yo‘lini ochadi / AFP

1967 yilda Misrning o‘sha paytdagi prezidenti Jamol Abdul Nosir Husni Muborakni Misr harbiy havo kuchlari shtabi boshlig‘i etib tayinlaydi. Shundan so‘ng u harbiy havo kuchlarini qaytadan tashkil qila boshlaydi.

Muborak 1970-72 yillarda davom etgan Misr-Isroil urushida muvaffaqiyatli amalga oshirilgan bir nechta harbiy amaliyotga boshchilik qiladi.

1972 yilda u Misr mudofaa vazirining o‘rinbosari va harbiy-havo kuchlari bosh qo‘mondoni etib tayinlanadi. 1973 yilda u aviatsiya marshali unvonini oladi va o‘sha yili bo‘lib o‘tgan Arab-Isroil urushining to‘rtinchisida Misr harbiy-havo kuchlarini boshqaradi.

Harbiy xizmatdan katta siyosatga

Anvar Saodat va Husni Muborak / GETTY IMAGES

1975 yil aprel oyida Misrning navbatdagi prezidenti Muhammad Anvar Saodat Husni Muborakni Misrning vitse-prezidenti etib tayinlaydi. Shu tariqa, u katta siyosatga kirib keladi.

1978 yilda Misrda Milliy demokratik partiya tuziladi va Muborak bu partiyada rais o‘rinbosari bo‘ladi. 1981 yil yanvarda u partiya raisi lavozimini egallaydi.

1981 yilgi tartibsizliklar, o‘shanda Muborak jarohatlangandi / GETTY IMAGES

1981 yil 6 oktyabrda o‘tkazilgan harbiy parad chog‘ida prezident Anvar Saodat o‘ldiriladi. Mamlakatda to‘s-to‘polon boshlanib ketmasligi uchun Muborak o‘sha zahoti mamlakat rahbarligini qo‘lga oladi va mamlakatda favqulodda holat e'lon qiladi.

Shu tariqa, sobiq harbiy mamlakat rahbariga aylanib qoladi.

Anvar Saodatning suiqasdiga u tomonidan 1979 yil Kemp-Devid qarorgohida Isroil bilan imzolangan tinchlik bitimi sabab bo‘lgandi. «Dushmanlar» bilan tinchlik bitimi tuzilishini Misrning aksariyat aholisi norozilik bilan qarshilagandi. Bu tinchlik bitimi imzolanganda Muborak ham o‘sha yerda bo‘lgan. O‘shanda, Isroil bilan tinchlik kelishuvi nafaqat Misr aholisiga, balki Arab davlatlari Ligasiga a'zo davlatlarga ham yoqmaydi va Misr bu tashkilot safidan chiqariladi.

Husni Muborak Falastin rahbari Yosir Arofat bilan / GETTY IMAGES

1981 yilda Misr prezidenti bo‘lgan Husni Muborak 1987, 1993, 1999 yillarda o‘tkazilgan prezident saylovlarida ham g‘alaba qozonadi.

Muborak prezident bo‘lgan ilk yillarida marhum prezident Anvar Saodatning yaqinlarini, shuningdek unga yaqin bo‘lgan yuqori lavozimli davlat amaldorlarini korrupsiyada ayblab mahkamaga tortadi. Ular bilan birga Anvar Saodatga suiqasd qilganlar ham jazolanishadi.

Bunga javoban jazolangan insonlarning yaqinlari prezidentning hayotiga bir necha marta suiqasd uyushtirishgan. Bir safar Efiopiyaga tashrifi davomida unga avtomatdan o‘q uzishadi. Yana bir safar unga pichoq bilan tashlanishadi. Har ikki suiqasdda ham Muborak jarohatlanmaydi.

Yaqin Sharqning bosh tinchlikparvari

Muborak Iroqqa qarshi xalqaro koalitsiyaga qo‘shilgandi / GETTY IMAGES

Hukmronlik yillarida Muborak Yaqin Sharq va arab dunyosidagi eng obro‘li davlat rahbari bo‘lgan. U ikki marta, 1989 va 1993 yillarda Arab birligi tashkilotining rahbari etib saylangan. U har doim sotsialistik va kapitalistik dunyo o‘rtasida, Arab-Isroil mojarolarida, shuningdek ayrim arab davlatlari orasida chiqqan kelishmovchiliklarda vositachi va yarashtiruvchi vazifalarini bajargan.

Shu bilan birga, u prezident bo‘lgan yillarda Misr harbiylari turli mamlakatlarda xalqaro tinchlikparvar kuchlar tarkibida turli nizolarni tinchitish va nazorat qilishda ham faol qatnashgan. Jumladan, 1991 yilda Saddam Husayn boshchiligidagi Iroq Kuvayt davlatini bosib olganida Misr qo‘shinlari ham AQSh boshchiligida xalqaro kuchlar tarafida turib Iroqqa qarshi harbiy harakatlarda qatnashadi.

Misr aynan Husni Muborakning sa'y-harakatlari bilan 1989 yilda Arab davlatlari Ligasi tashkilotiga qaytadi.

Muborak SSSRda ta'lim olganiga va rus tilini yaxshi bilganiga qaramay o‘z hukmronlik qilgan yillarda asosan G‘arb bilan yaqin munosabatlar o‘rnatadi.

Muborak davrida Misr iqtisodiyoti va aholining turmush darajasi

Muborakning qariyb 30 yillik boshqaruvi davrida Misr iqtisodiyoti ancha o‘sadi. Sayyohlik rivojlanadi. Mamlakatning xalqaro obro‘si oshadi. Masalan, 2004-2005 yillarda Misr fond birjasi rivojlanayotgan davlatlar orasida eng yaxshi natijani ko‘rsatadi. Lekin, Muborak Misr xalqining bir qismini qashshoqlikdan chiqara olmaydi va mamlakatda millionlab insonlar kuniga bir dollarlik daromad bilan yashashda davom etishadi.

Muborakka qarshi namoyishlar

2011 yilda Muborakka qarshi namoyishlar boshlandi / GETTY IMAGES

2010 yil arab dunyosida keyinchalik «Arab bahori» nomi bilan atalgan norozilik namoyishlari boshlanib ketadi. Ilk namoyishlar Tunisda bo‘lib o‘tadi, keyinchalik u Yaman va Misrda davom etadi.

Misrdagi norozilik namoyishlari 2011 yil 25 yanvarda boshlanadi. O‘shanda bu davlatda boshlangan namoyishlarni Xalqaro atom energetikasi agentligi sobiq rahbari Muhammad al-Barodaiy qizg‘in qo‘llab-quvvatlaydi. U 2010 yil fevralda MAGATE rahbari lavozimidan ketayotib Misrda muxolif harakat tuzishini e'lon qilgan edi. Barodaiy 27 yanvarda Venadan Qohiraga uchib keladi va ertasi kuni namoyishlarga boshchilik qila boshlaydi.

Hukumat avvaliga namoyishchilarning bir necha rahnamolarini qamoqqa oladi. Namoyishchilar tarqoqlashish va tarqalib ketish o‘rniga yanada ko‘paya boshlaydi. O‘shanda namoyishchilar internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali yanada ko‘proq odamlarni namoyishlarga chiqishga chaqira boshlaydi. Hukumat internetni uzib qo‘yadi. Ijtimoiy tarmoqlar to‘sib qo‘yiladi. Ammo, bu choralar hech qanday naf bermaydi. Sababi, bu paytga kelib namoyishlar keng ko‘lam olib bo‘lgan edi. Shundan so‘ng yirik shaharlarda komendantlik soatlari joriy etiladi.

Lekin namoyishlar to‘xtab qolmaydi. Namoyishchilar turli shaharlarda politsiya va hokimiyat binolari va boshqa ma'muriy binolarga hujum boshlab, ularni egallashga urinishadi. Bu orada ko‘chalarga Muborakning tarafdorlari ham chiqadi. O‘rtada qonli to‘qnashuvlar boshlanib ketadi.

29 yanvarda Misr hukumati iste'foga chiqadi. Namoyishchilar IIV binosini egallashga urinadi.

1 fevral kuni kechki payt Muborak televideniye orqali xalqqa murojat qiladi va kuzda o‘tkaziladigan prezidentlik saylovida o‘z nomzodini qo‘ymasligi, ammo ungacha prezidentlik muddatini oxirigacha yetkazib qo‘yishi haqida gapiradi.

2 fevral kuni Misrning turli shaharlarida muxolifat va Muborak tarafdorlari o‘rtasida ko‘cha janglari boshlanib ketadi. Bunda, har ikki tomon armatura bo‘laklari va «Molotov kokteyllari» bilan qurollanib, bir-biriga qarshi urush olib boradi.

Harbiylar to‘ntarishi va Muborakning hibsga olinishi

Muborak 2014 yilda yana mahkamaga tortiladi / GETTY IMAGES

2011 yil 10 fevral kuni Muborak o‘z vakolatlarining bir qismini vitse-prezident Umar Sulaymonga topshiradi, ammo butunlay iste'fo bermaydi.

11 fevralda harbiylar Muborakka qarshi bosh ko‘taradi va Misrda hokimiyat tepasiga mudofaa vaziri Muhammad Tontoviy boshchiligidagi harbiylar kelishadi. Harbiylar Muborakni oila a'zolari bilan birga uy qamog‘iga olishadi. 13 aprelda u o‘g‘illari bilan birga qamoqqa olinadi va unga nisbatan jinoiy ish ochiladi.

2011 yil 3 avgust kuni Muborak va uning o‘g‘illari ustidan ilk sud majlisi bo‘lib o‘tadi. Muborakning sog‘ligida muammolar bo‘lgani uchun uni sud zaliga maxsus kasalxona aravachasida olib kelishadi. O‘g‘illari va u o‘zlariga qo‘yilgan ayblarni tan olishmaydi.

2012 yil 2 iyunda Muborak umrbod qamoq jazosiga hukm qilinadi. Sud uni ko‘plab jinoyatlardan tashqari 2011 yil yanvar oyida bo‘lib o‘tgan namoyishlar chog‘ida halok bo‘lgan tinch aholi vakillari o‘limida ham ayblaydi. O‘shanda u 84 yoshda edi.

Oradan bir yil o‘tib, yangi saylangan Misr prezidenti Muhammad Mursiy sud qarorini bekor qiladi va Muborakning ishini qayta ko‘rib chiqish haqida ko‘rsatma beradi. 2013 yil 12 avgustda uni ozod qilishadi va qayta surishtiruv boshlanadi. 2014 yil 14 may kuni Muborak korrupsiyaga yo‘l qo‘yganlikda ayblanib uch yilga ozodlikdan mahrum etiladi. O‘sha yil oktabr oyida unga qo‘yilgan ayblar olib tashlanadi va sud qarori ham bekor qilinadi.

Shundan so‘ng ham Muborakni tinch qo‘yishmaydi va unga nisbatan bir necha marta ish ochilib, oqlanadi, qayta ish ochilib qamoq hukmi chiqariladi.

2017 yil 2 martda Misr kassatsiya sudi Muborakdan barcha ayblarni olib tashlaydi va unga qarshi boshqa hech qanday ish ochilmasligi, hukm yakuniy ekanini e'lon qiladi. 24 mart kuni u harbiy gospitalni tark etib, olti yillik tutqunlikdan so‘ng uyga qaytadi. Uning oqlanishiga keksa yoshdaligi va sog‘ligi ancha yomonlashgani ham qisman sabab bo‘ladi.

Husni Muborakning xalqaro obro‘si

Husni Muborak Misr rahbari bo‘lgan yillarda nafaqat Misrning, balki jami 40ga yaqin davlatlarning turli orden va medallariga sazovor bo‘lgan. Ular orasida Italiya, Fransiya, Yaponiya, Ispaniya, Germaniya va Buyuk Britaniya kabi jahonning yirik davlatlari ham bor.

Bundan tashqari, u ko‘plab davlatlar va xalqaro tashkilotlarning turli mukofot va unvonlariga ega bo‘lgan.

Jumladan:

  • 1998, 2002 yillarda dunyoning turli qit'alarida joylashgan 15ta (ular orasida Hindiston, Malayziya, Eron, Braziliya, Argentina, Meksika kabi davlatlar ham bor) davlatidan tashkil topgan G-15 tashkiloti raisi;
  • Ikki muddat (1988-1990, 1993-1994 yillarda) Afrika birligi tashkiloti raisi;
  • 2009-2011 yillarda Xalqaro qo‘shilmaslik harakati raisi;
  • Javoharlal Neru nomidagi xalqaro mukofot sohibi (1995 yil);
  • Moskva davlat xalqaro aloqalar instituti faxriy doktori (2004 yil);
  • 2007 yilda Ozarboyjonning Xirdalan shahrida Husni Muborakka yodgorlik o‘rnatiladi. 2011 yil iyunda Ozarboyjon hukumati uni olib tashlash haqida qaror qiladi;
  • Olmaotadagi Qozoq-Misr Islom universiteti ochilgan paytda «Nur-Muborak» deb atalgan. Muborakning boshida qora bulutlar aylana boshlanganidan so‘ng qozoqlar uning nomini «Nur» deb o‘zgartirishadi.

Husni Muborak uzoq yillar Yaqin Sharqda tinchlik ramzi bo‘lib keldi. Afrika shimoli, Fors ko‘rfazi, Yaqin Sharqning o‘zida har qanday mojaro chiqsa dunyoning ko‘plab yirik davlatlari yoki xalqaro tashkilotlari Muborakdan vositachi sifatida foydalanishgan, u bilan mojarolar yechimi bo‘yicha maslahatlashishgan. Uning o‘zi ham zimmasiga olgan vositachilikni yaxshi bajargan. Masalan, uzoq yillar davomida Falastin-Isroil mojarolarining yechimida vositachilik qilgan va tomonlarga Misrda uchrashish uchun xavfsiz sharoit yaratib bera olgan.

Ko‘pchilik tahlilchilar Muborakning xatosi Misrni juda uzoq boshqargani deb bilishadi. Uni yoqtirmaydiganlar Misrni uzoq boshqarishiga ishora qilib orqavarotdan «Yangi Fir'avn» deb atashgan.

Mavzuga oid