O‘zbekiston | 09:16 / 27.03.2020
12091
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda surishtiruv va tergov faoliyatidagi tizimli muammolar ma'lum qilindi

O‘zbekiston Respublikasida surishtiruv va dastlabki tergov organlarining faoliyati yanada takomillashtiriladi

Foto: Toshkent shahar IIBB axborot xizmati

Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasida surishtiruv va dastlabki tergov organlarining faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, o‘tgan yillar davomida mamlakatda surishtiruv va tergov faoliyatini takomillashtirish, jinoiy ta'qibni amalga oshirish jarayonida insonparvarlik prinsiplariga asoslangan holda hech bir shaxsning huquq va erkinliklari, sha'ni va qadr-qimmati kamsitilishiga hamda sodir etmagan qilmishi uchun nohaq javobgarlikka tortilishiga yo‘l qo‘ymaslikni ta'minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.

Islohotlarning samaradorligini ta'minlashda jinoyatchilikni jilovlash, jinoiy qilmishlar uchun javobgarlikning muqarrarligini ta'minlash borasidagi ishlar muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu bilan birga, surishtiruv va tergov amaliyoti tahlili jinoiy ta'qibni amalga oshiruvchi organlarining faoliyati samaradorligiga to‘sqinlik qilayotgan, jinoyatlarni fosh etishga ko‘maklashuvchi organlarning xolisligiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgan tizimli muammo va kamchiliklar mavjudligidan dalolat bermoqda.

Jumladan:

birinchidan, jinoyatlarni tergov qilish sohasida kadrlarni tayyorlash va ular malakasini oshirish, tergovchilik kasbida muhim o‘rin tutadigan “ustoz-shogird” an'analari to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan;

ikkinchidan, sud ekspertlarining sud ekspertizasini tayinlaydigan organlardan (shaxslardan) mustaqilligi yetarlicha ta'minlanmagan;

uchinchidan, jinoyatlarni fosh etishda surishtiruv va dastlabki tergov organlariga ko‘maklashuvchi shaxslarning, shu jumladan sud ekspertlari va kriminalistlarni tayyorlashning samarali mexanizmi, shuningdek ularni sohada uzoq yillar faoliyat ko‘rsatishi uchun yetarli shart-sharoitlar shakllantirilmagan;

to‘rtinchidan, surishtiruv, dastlabki tergov va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasida fosh etilmagan jinoyatlar, shaxsi aniqlanmagan murdalar, bedarak yo‘qolgan shaxslar va jinoyatga aloqador boshqa ma'lumotlarning yagona integratsiyalashgan elektron ma'lumotlar bazasi yaratilmagan;

beshinchidan, surishtiruv va dastlabki tergov organlarining faoliyatini tartibga soluvchi, surishtiruvchi va tergovchilarning huquqiy maqomi, huquq va majburiyatlari, ularni lavozimiga tayinlash va lavozimidan ozod etish tartibini belgilovchi yagona normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilmagan.

Mavzuga oid