Jahon | 20:43 / 07.05.2020
18602
3 daqiqa o‘qiladi

JSSTning Tojikistondagi vakili o‘z lavozimini tark etadi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Tojikistondagi vakili Galina Perfileva uning shartnomasi nihoyasiga yetayotganini va shu sababli o‘z lavozimini tark etishini ma'lum qildi.

moh.tj

Perfilevaning ta'kidlashicha, u o‘z lavozimini vaqtinchalik egallagan va ayni vaqtda JSST uning o‘rniga odam qidirmoqda. “Men JSSTda anchadan beri pensiyadaman, shu sababli shartnomam nihoyalamoqda”, deb aytgan JSST vakili. U jurnalistlardan JSSTning respublikadagi ishiga xalaqit qilmaslikni iltimos qilgan. “Hozir eng asosiysi – siz zudlik bilan bilishingiz kerak bo‘lgan masalalar emas, balki missiyaning ishidir”, deb ta'kidlab o‘tgan Perfileva.

U uzoq vaq Tojikiston sog‘liqni saqlash vazirligining respublikada koronavirus yo‘qligi haqidagi rasmiy pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlab kelgan. U bu uchun qattiq tanqidlarga ham uchragan. Biroq JSSTning missiyasi Tojikistonga koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganish uchun kelishi ma'lum bo‘lgandan keyin Perfileva tojikistonliklarning sanitar-epidemiologik osoyishtaligi haqida ta'kidlamay qo‘ygan.              

“JSSTning vazifasi virusni topish emas, balki shifokor hamkasblarimizga unga qarshi kurashda yordam berishdan iborat. Biz missiya kelib yordam beradi, deb umid qilamiz. Mintaqadagi davlatlar koronavirusga tayyor bo‘lmaganlari, qurilmalar, jihozlar yo‘qligi ayon narsa edi. Biz donor va hamkorlar yordamiga umid qilamiz”, deb aytgan mutaxassis JSST missiyasi kelishi oldidan.

Shu bilan birga Perfileva 21 apreldagi intervyularidan birida Tojikistonda koronavirus yo‘qligini qat'iyan aytib bo‘lmasligini ma'lum qilgan. “Ma'lumki, koronavirusning alomatsiz shakllari ham bor. Tojikistonda boshqa ko‘pchilik davlatlardagi kabi, virusni aniqlash uchun butun aholini tekshirishga imkoniyat yo‘q”, deb aytgan Perfileva.

Tojikiston hukumati respublikada koronavirusga chalinishning ilk holatlari haqida 30 aprelda ma'lum qilgan. Aprel boshidan mamlakatda zotiljamdan kasallanish holatlari soni o‘sishi qayd qilingan. Biroq hukumat Tojikistonga virus kirib kelganini rad etgan va bemorlar ko‘payganini noqulay ob-havo bilan tushuntirgan. 

5 may kuni koronavirus bilan bog‘liq vaziyat ortida Tojikiston sog‘liqni saqlash vaziri Nasim Olimzod iste'foga chiqarildi.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Tojikistonda koronavirusga chalinganlar soni 461 nafarga yetdi, undan vafot etganlar soni 12 nafarni tashkil qilmoqda.  

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid