O‘zbekiston | 19:01 / 08.05.2020
31009
3 daqiqa o‘qiladi

Humo bank plastik kartalari faoliyatidagi uzilishlar bo‘yicha izoh berildi

Milliy banklararo protsessing markazi (MBPM) Humo to‘lov tizimi faoliyatida kuzatilgan uzilishlar bo‘yicha izoh berdi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda barcha pensiya oluvchilarining HUMO kartalariga o‘tkazilishi to‘g‘risidagi xabarlar faol tarqalmoqda. Ammo aytish joizki, qay turdagi kartani chiqarish va uni kimga berishga oid qarorlar bank faoliyati doirasida qabul qilinadi. Milliy banklararo protsessing markazi kartalarni faqatgina bank tomonidan berilgan buyurtmadagi miqdorga asoslanib chiqaradi.

Bugungi kungacha, «Xalq banki» ma'lumotiga ko‘ra, pensiya oluvchilar uchun jami 1 228 000 (bir million ikki yuz yigirma sakkiz ming) karta chiqarilgan, ulardan faqat 391 000tasi, ya'ni 32 foizi HUMO kartalaridir.

7 va 8 may kunlari, soat 11:00dan soat 13:00gacha POS terminallari orqali to‘lovlarni amalga oshirishda qiyinchiliklar kuzatildi. Bunga pul mablag‘larini pensiya kartalariga o‘tkazish operatsiyalarining shiddatli ravishda o‘sishi, shuningdek bank kassalari va bankomatlari orqali pul mablag‘larini naqdlashtirish xizmatlariga talab yuqoriligi sabab bo‘ldi.

Bularning barchasi keskin va qisqa muddatli nosozliklarga, ya'ni natijasiz bank operatsiyalari soni o‘sishiga sabab bo‘ldi. Ammo bu vaziyat bankomatlar yoki elektron to‘lov tizimlari faoliyatiga ta'sir ko‘rsatmadi», deyiladi xabarda.

Ayni damda protsessing markazi quvvatlarini kengaytirish va dasturiy ta'minotni yaxshilash bo‘yicha uzluksiz ish olib borilayotgani qayd etilgan.

Karta egalariga qo‘shimcha qulayliklar yaratish uchun MBPM «Xalq banki» bilan hamkorlikda pensiya oluvchi mijozlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ishlar yanada takomillashtirilmoqda: bankomatlar hududiy qayta o‘rnatilmoqda, qo‘shimcha kassalar ochilmoqda.

«Karta egalariga yuzaga kelgan vaziyat uchun uzrlarimizni bildiramiz. HUMO – nisbatan yangi tizim, uni takomillashtirish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. Biz bor kuchimiz bilan mijozlarimiz ishonchini oqlashga va bu tizimni imkon qadar qulay va ishonchli qilishga harakat qilyapmiz», deya ta'kidlaydi «Milliy banklararo protsessing markazi» MChJ direktori Shuhratbek Qurbonov.

Mavzuga oid