Jahon | 13:22 / 09.05.2020
13824
7 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus pandemiyasi Koreyadagi o‘zbek muhojirlariga qanday ta'sir ko‘rsatdi?

Kun.uz Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Janubiy Koreyadagi vakolatxonasi rahbari Alisher Sulaymonov bilan suhbat uyushtirdi. Suhbat davomida Janubiy Koreyada koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat, O‘zbekiston fuqarolarining vizalarini uzaytirish, shuningdek, Koreyadagi o‘zbek mehnat muhojirlari faoliyati hamda boshqa qator muammolarga atroflicha to‘xtalib o‘tildi.

Vakolatxona rahbarining ma'lum qilishicha, ayni damda Janubiy Koreyada bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining umumiy soni 73706 nafar (31 mart holatiga), shundan, mehnat muhojirlarining soni 35 mingdan ortiq bo‘lib, ro‘yxatdan o‘tmagan muhojirlar - (ID kartaga ega emas) 18 540,  noqonuniy mehnat muhojirlari soni 13 500 ga yaqin nafarni tashkil etadi.

- Mart oyi boshlarida Janubiy Koreya koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha Xitoydan keyingi o‘ringa joylashdi. Bu esa Koreyadagi hamyurtlarimizning xavotirlariga sabab bo‘ldi. Hozir esa vaziyat anchayin yumshagan. Koreya hukumati ushbu infeksiyaga qarshi qanday kurashdi?

- Koronavirus Janubiy Koreyada ilk marta 21 yanvar kuni qayd etilganidan keyin hukumat tomonidan ushbu virusga qarshi kurashish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshida maxsus guruh tashkil etildi va fuqarolarni so‘nggi yangiliklardan xabardor qilib boruvchi internet sahifasi ishga tushdi. 29 fevralda esa koronavirusga chalinganlar soni keskin oshib, shu kunning o‘zida 900dan ortiq kishida virus alomatlari aniqlandi. Shu kuni mamlakatda koronavirus katta epidemik xavf sifatida e'lon qilindi.

Koreya fuqarolarining davlat tomonidan joriy etilgan favqulodda qarorlariga mas'uliyat bilan itoat etib, epidemiyaga qarshi bir yoqadan bosh chiqarib, harakat qilishgani mening e'tiborimni tortdi. Hukumat kasallik tarqalish tezligini kamaytirish uchun ikki muhim tamoyil ostida ish olib bordi: shaffoflik, ya'ni koronavirus bilan bog‘liq barcha zarur ma'lumotlar (kasallanganlar, sog‘ayganlar, vafot etganlar soni (shaxsini oshkor etmagan holda), ularning yashash manzili, koronavirus yuqish ehtimoli mavjud bo‘lgan hududlar va h.k.)ni ochiq-oydin o‘z vaqtida aholiga yetkazish hamda virusga chalinishi ehtimoli mavjud bo‘lgan insonlarni ommaviy tarzda erta test sinovidan o‘tkazish. Koreya aholisi “ijtimoiy masofalanish” qoidasiga mas'uliyat bilan yondashgan holda izolyatsiya rejimidan muvaffaqiyatli o‘ta oldi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining
Janubiy Koreyadagi vakolatxonasi rahbari Alisher Sulaymonov

- Hozirda koronavirus sababli O‘zbekistonga qayta olmagan fuqarolarimizning vizalari muddatini uzaytirish masalasi qanday hal bo‘lmoqda?

Normativ hujjatlarni takomillashtirish hamda koronavirus tarqalishi bilan vujudga kelgan vaziyatni nazoratga olish maqsadida Koreya hukumati tomonidan bir qancha chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ko‘plab davlatlarda pandemiya tufayli aviaqatnovlar to‘xtatilgani bois bu Koreyaga ham o‘z ta'sirini o‘tkazdi. Mamlakat Adliya vazirligi qoshidagi migratsiya xizmati hamda Koreya bandlik va mehnat vazirligi tomonidan tezkor choralar ko‘rilmoqda. O‘z navbatida,Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Janubiy Koreyadagi vakolatxonasi O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi bilan birgalikda mutasaddi tashkilotlarga viza bilan bog‘liq masalalar yuzasidan murojaatlar yo‘lladi.

2020 yil 9 aprel kuni e'lon qilingan yangilikka ko‘ra, 9maydan 31mayga qadar viza muddati tugaydigan fuqarolar o‘z vizalarini migratsiya xizmatiga murojaat qilish orqali 3 oy muddatga qadar uzaytirishi mumkin. Bunda ayrim toifadagi viza turlari avtomatik tarzda uzaytirilmoqda, ba'zi fuqarolar esa migratsiya xizmatiga murojaat qilish orqali vizalarini cho‘zdirish imkoniga ega bo‘lishadi. Fuqarolar immigratsiya ofisiga borishdan avval viza tugash muddatini http://www.hikorea.go.kr sayti orqali tekshirib ko‘rishlari mumkin. Agar viza avtomatik tarzda uzaytirilgan bo‘lsa, immigratsiya ofisiga borishga hojat qolmaydi.

Shuningdek, Ye9 vizasiga ega bo‘lgan fuqarolarning vizalari ham joriy yilning 14aprelidan boshlab uch oy davomida vizasi tugayotganlarga 50 kunga uzaytirib berildi.

- Ayni damda Koreyadagi mehnat muhojirlari duch kelayotgan eng katta muammolar nimalardan iborat?

- O‘zbekiston fuqarolarining Koreya Respublikasida vaqtinchalik mehnat qilishi davomida duch kelayotgan muammolarni sanab o‘tadigan bo‘lsak, ulardan eng asosiysi fuqarolarimizning koreys tilini  bilmasligi muammosidir. Boshqa muammo va qiyinchiliklarni keltirib chiqaradigan birinchi sabab mana shu til muammosi sanaladi. Buning natijasida, ish beruvchilar bilan ziddiyatlar, tushunmovchiliklar, o‘z huquqlarini yetarlicha himoya qila olmaslik holatlari kelib chiqadi. Undan tashqari, vakolatxonaga kelib tushayotgan murojaatlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, ish haqi to‘lanishi bilan bog‘liq ko‘plab muammolar kuzatilmoqda. Lekin bu muammolarni hal etish Koreya hukumati tomonidan qonuniy hujjatlar asosida himoya qilinadi.

Bundan tashqari, maoshning noto‘g‘ri hisoblanishi, ish yakunidagi hisob-kitoblarda kamchiliklar, ish beruvchilarning asossiz ravishda mehnat shartnomasini muddatidan avval bekor qilishi kabi holatlar ham mavjud. Ammo bu kabi vaziyatlarni bartaraf etish uchun Koreyaning tegishli tashkilotlari va huquqiy organlari bilan hamkorlikda muammolar hal etib kelinmoqda.

Shuningdek, Alisher Sulaymonov 2017 yilning noyabrida Janubiy Koreyaga vaqtinchalik mehnat qilish uchun kelgan va 2018 yilning 27 iyul kuni koma holatiga tushib, shifoxonada davolanib kelayotgan Abram Oqilov haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

Ma'lum bo‘lishicha, 26 mart kuni Koreya Respublikasi Bandlik va mehnat vazirligi Xorijiy fuqarolar bilan ishlash bo‘limi mas'ul xodimi Che Nang Ju bilan muzokaralar olib borilib, Abram Oqilovni boshqa shifoxonaga ko‘chirish masalasi bo‘yicha Ishlab chiqarishdagi baxsiz hodisalar oqibatida yetkazilgan zararlarni qoplash xizmati bosh ofisi va Ujongbu shahar filiali bilan hamkorlikda shifoxonalarda joy borligini aniqlashtirish yuzasidan ishlar olib borildi.

Biroq  koronavirus tufayli davom etayotgan karantin sabab shifoxonalarda joy yo‘qligi uchun ayni paytda shifoxonalar tomonidan Abram Oqilovni qabul qilish imkoni yo‘qligiga qaramay, elchixona hamda vakolatxona tomonidan bemorni boshqa shifoxonaga o‘tkazish yuzasidan harakatlar amalga oshirilmoqda.

Intervyu davomida noqonuniy mehnat muhojirlari sonini kamaytirish bo‘yicha vakolatxona tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, koronavirus pandemiyasining o‘zbek mehnat muhojirlari hayoti va ish faoliyatiga ko‘rsatgan ta'siri haqida ham suhbat olib borildi.

Feruza Avazova suhbatlashdi

Феруза Авазова
Tayyorlagan Феруза Авазова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid