Jamiyat | 20:30 / 15.05.2020
9995
4 daqiqa o‘qiladi

Beruniy tumani yoshlarining ishsizlik muammosiga noan'anaviy yechim topildi

Qoraqalpog‘istonda karantin sharoitida ishsiz qolgan yoki muntazam ish bilan ta'minlanmagan yoshlar bandligini ta'minlashning noa'nanaviy yechimi topildi.

Barcha shahar va tumanlarda boshlangan ushbu loyiha doirasida “Mo‘ynoq kelajagi bunyodkorlari” mas'uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi. Jamiyatga 20 ming gektar yer maydoni ajratilib, ishsiz yurgan ming nafarga yaqin yoshlarning bandligi ta'minlandi.

Ayni paytda ular hosildor maydonlarga makkajo‘xori, beda, poliz ekinlarini ekmoqda. Birgina Beruniy tumanida “Mo‘ynoq kelajagi bunyodkorlari” mas'uliyati cheklangan jamiyatiga ajratilgan 500 gektarlik yer maydonida 44 nafar yosh mehnat qilayotir. Bundan tashqari, tumandagi “Sarkop”, “Navoiy”, “Tinchlik”, “Beruniy”, “Biybozor”, “Abay”, “Do‘stlik”, “Oltinsoy” ovul fuqarolar yig‘inida meva-sabzavot, qishloq xo‘jaligi kooperativini tashkil etish uchun hokimlikdagi zaxira yerlar hisobidan ham ishsiz yoshlarga yer ajratib berilmoqda.

Ular uchun qishloq ho‘jaligi birlashmalari tashkil etilib, ustav fondiga ulush sifatida kiritish uchun yanvar oyidan aprel oyigacha 50 nafar yoshga Bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan 2 million 230 ming so‘mdan subsidiyalar ajratildi. Natijada “Madatboy Nurumbetov shirkati” ishlab chiqarish kooperativi ish boshladi. Bu yerda har bir kooperativ a'zosiga 0,20 gektar yer ajratilib, yoshlar bandligi ta'minlandi. Hozir karantin qoidalariga to‘liq amal qilgan holda dalada agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida olib borilmoqda.

Yangi yirik loyiha doirasida Beruniy tumanida zardo‘zlik bilan shug‘ullanuvchi yoshlar uchun ham imkoniyatlar yaratildi. Shu bilan birga, yosh tadbirkor Zoir Qalandarov o‘zining uy issiqxonasida pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri, ko‘katlar ekib va limonariya tashkil qilib, yetishtirgan mahsulotlarini bozorda arzon narxda sotishni yo‘lga qo‘ygan. Yosh tadbirkorning “Har bir oila tadbirkor” Davlat dasturi asosida olingan kredit mablag‘lari hisobiga tashkil qilingan issiqxonada 8ta ish o‘rni yaratildi.

Loyiha aholining kam ta'minlangan va boquvchisini yo‘qotgan oilalar holidan xabar olishdek maqsadni o‘z ichiga oladi. Beruniy tumani hokimi A.Saparbayev, Yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi, senator A.Daniyarov va tuman prokurori R.Xolmuratovlar “Sarkop” OFY hududidagi ikki nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj oilaning har biriga bir boshdan qoramol topshirdi. Ularning uylari atrofidagi tomorqa yerlaridan unumli foydalanishi bo‘yicha zarur ma'lumotlar berildi.

Karantin davrida yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ularni kasbga yo‘naltirib, foyda olishi maqsadida tashkil qilingan “Uyda qoling, foyda oling” chellenjida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 100dan ortiq yosh tadbirkor va hunarmandlar o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etdi va g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ikki nafar yoshlarga 1 million so‘m pul mukofoti topshirildi.

Mavzuga oid