O‘zbekiston | 18:38 / 04.07.2020
76252
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda koronavirusga chalingan 35 yoshli ayol vafot etdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalingan buxorolik 35 yoshli ayol o‘tkir nafas va yurak yetishmovchiligidan vafot etganini ma'lum qildi.

Rasmiy xabarga ko‘ra, G‘ijduvon tumanida yashovchi 35 yoshli ayol D.Sh. 1 iyul kuni koronavirusga gumon qilinib, Buxoro viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Unga «ikki tomonlama pnevmoniya, o‘tkir nafas yetishmovchiligi 3-daraja, semizlik 2-daraja» tashxisi qo‘yilgan.

«Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan tezkor reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemor o‘tkir nafas va yurak yetishmovchiligidan vafot etdi», – deyiladi vazirlik xabarida.

Ayni paytda O‘zbekistonda rasman ma'lum qilingan koronavirus qurbonlari soni 31 nafarni tashkil etmoqda.

Bugun COVID-19`dan vafot etgan boshqa bir bemor – toshkentlik 65 yoshli erkak ham shifoxonaga 1 iyul kuni yotqizilgani xabar qilingandi. SSVning ertalabgi axborotida bemorlardan 8 nafari o‘ta og‘ir ahvolda ekani aytilgan

Ma'lumot uchun, pandemiya davrida Toshkentda 17, Namanganda 4, Samarqand, Buxoro, Surxondaryo va Jizzaxda 2tadan, Farg‘ona va Qashqadaryoda bittadan o‘lim ro‘y berdi.

Mavzuga oid