O‘zbekiston | 17:37 / 04.07.2020
4754
3 daqiqa o‘qiladi

Tanqidga tezkor munosabat: Asakadagi 44-maktab binosining bir qismi xususiylashtirilmaydigan bo‘ldi

3 iyun kuni Kun.uz`da Andijon viloyati Asaka tumanidagi 44-umumta'lim maktabi binosining bir qismi xususiylashtirilib, tadbirkorga berib yuborilayotgani, bunga qishloq aholisi qarshilik bildirayotgani haqida maqola va videolavha e'lon qilingan edi.

Ma'lum bo‘lishicha, Andijon viloyati hokimligi va viloyat xalq ta'limi boshqarmasi muammoli vaziyatga tezkorlik bilan e'tibor qaratib, masalani hal qilgan.

Xalq ta'limi vazirligi va Andijon viloyat xalq ta'limi boshqarmasi matbuot xizmati holat bo‘yicha ma'lumot taqdim qildi.

«Maqolada keltirilgan holatlar viloyat xalq ta'limi boshqarmasining soha mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi tomonidan joyida o‘rganildi.

O‘rganish natijasida, Andijon viloyati Asaka tumani «Qurama» MFY hududida joylashgan sobiq 11-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internatning foydalanilmayotgan bino va inshootlari davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat umumta'lim muassasasi tashkil etilishi hamda belgilangan talablar bajarilishi sharti bilan 30 yil muddatga beg‘araz foydalanish uchun Xalq ta'limi vazirligi, Andijon viloyati hokimligi va «Asaka bilimdonlari» HTM o‘rtasida Bitim imzolanib, 2019 yil 30 dekabr kuni 011/19-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgani aniqlandi.

Mazkur bitimga ko‘ra, 1 mlrd 300 ming so‘mlik investitsiya jalb qilish (shundan qurilish-ta'mirlash ishlari uchun 520 mln so‘m, maktabni jihozlash ishlari uchun 480 mln 300 ming so‘m) ko‘zda tutilgan bo‘lib, muassasaning joriy yil, ya'ni 2020/21 o‘quv yilida ishga tushirilishi belgilangan.

Hozirgi kunda tadbirkor tomonidan 11-DIMIning faydalanilmasdan bo‘sh turgan bino va inshootlarida ta'mirlash va qurilish ishlarini boshlash uchun birinchi navbatda foydalanilmasdan turgan isitish qozonxonasi va eski qo‘rg‘on devori buzishga kirishilgan. Bu esa o‘z navbatida fuqarolar tomonidan davlat mulki talon-taroj qilinmoqda, degan fikr bilan norozilik kelib chiqishiga sabab bo‘lgan.

Shuningdek, o‘rganish jarayonida karantin sharoitlari sababli, mazkur loyihaga sarf qilinishi ko‘zda tutilgan mablag‘larni tadbirkor tomonidan kiritish imkoniyati yo‘qligi ma'lum bo‘ldi.

Ishchi guruh xulosasi va ushbu hududda yashovchi fuqarolar fikrlarini inobatga olgan holda, tadbirkorning roziligi bilan 11-DIMIning bo‘sh turgan bino va inshoatlari 44-umumiy o‘rta ta'lim maktabiga qaytarib beriladi», deyiladi rasmiy axborotda.

Элмурод Эрматов
Tayyorlagan Элмурод Эрматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid