O‘zbekiston | 15:31 / 21.07.2020
13779
5 daqiqa o‘qiladi

Xitoydan 30 tonna makkajo‘xori urug‘i olib kelgan «tadbirkor»ning hiylasi ish bermadi - bojxona xabarlari

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati bojxona organlari tomonidan so‘nggi kunlarda aniqlangan qonunbuzilish holatlari haqida Kun.uz`ga ma'lumot berdi.

Xitoydan keltirilgan makkajo‘xori urug‘i nega hujjatlarda yemga aylanib qoldi?

Buxoro viloyatida joylashgan MChJ tomonidan Xitoy Xalq Respublikasining «Urumqi Perfect International Trading Co.Ltd» korxonasidan 30 tonna makkajo‘xori urug‘i tovari olib kelinadi. Ushbu tovar uchun bojxona to‘lovini davlat budjetiga to‘lash o‘rniga, qing‘irlikka qo‘l uriladi.

Ya'ni MChJ mansabdorlari bojxona to‘lovlarini kamroq to‘lash maqsadida hujjatlarda o‘zlari olib kelgan tovarlarni bojxona yuk deklaratsiyasida boshqa Tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasi (TIF TN) kodi bilan ko‘rsatib, go‘yoki hayvonlar uchun makkajo‘xori yemi olib kelganliklarini qayd etadi.

Qizig‘i shundaki, MChJ rahbari xorijdagi hamkor bilan aynan ekish uchun mo‘ljallangan makkajo‘xori urug‘larini sotib olish haqida oldi-sotdi shartnoma tuzgan bo‘lsa-da, ushbu shartnoma asosida xorijdan jamiyat nomiga olib kelingan makkajo‘xori urug‘lari invoys hujjatida hamda bojxona yuk deklaratsiyasida birdaniga hayvonlar uchun mo‘ljallangan makkajo‘xori yemiga aylanib qolgan.

Ammo uning bu nayrangi ish bermadi. «Ark-buloq» TIF bojxona postiga tovarlar ushbu nom bilan taqdim etilgan bojxona yuk deklaratsiyasi Davlat bojxona qo‘mitasining «Xavfni boshqarish» avtomatlashtirilgan axborot tizimi tomonidan «qizil» yo‘lakka yo‘naltirildi.

Davlat bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan ko‘zdan kechirilgan ushbu tovarlarning qadoqlaridagi mavjud yorliqlar mutaxassislar tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilinganda, ushbu tovarlar bojxona yuk deklaratsiyasida ko‘rsatilgan hayvonlar uchun makkajo‘xori yemi emas, balki ertapishar bir boshoqli makkajo‘xori urug‘lari ekani aniqlangan.

Shuningdek, tayinlangan ekspertiza jarayonlarida bojxona yuk deklaratsiyasidagi tovarlarning TIF TN kodi aslida boshqa raqam bilan tasniflanishi o‘z tasdig‘ini topdi.

Natijada korxona mansabdor shaxslari TIF TN kodini o‘zgartirish orqali 89,6 mln so‘m bojxona to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlaganliklari ma'lum bo‘ldi.

Hozirda holat yuzasidan Surishtiruv va ma'muriy amaliyot boshqarmasi tomonidan korxona mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 182-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tegishli tergov organiga yuborildi.

 

«Lacetti»ga yashirilgan tamaki va parfyumeriya mahsulotlari

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari Davlat xavfsizligi xizmati vakillari bilan hamkorlikda tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbir o‘tkazdi.

Tadbir davomida, fuqaro S.V. boshqaruvidagi «Lacetti» rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib, belgilangan tartibda xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.

Natijada, transport vositasining saloni va yukxonasida karton qutilar va qora rangli xo‘jalik sumkalariga joylangan, xorijda ishlab chiqarilgan va aksiz markalari bilan markalanmagan umumiy qiymati 187,5 million so‘mlik turli nomdagi jami 12 470 quti tamaki mahsulotlari va 42,8 million so‘mlik jami 204 dona parfyumeriya mahsulotlari borligi aniqlandi.

Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

 

«Damas»ni tashlab qochish naf bermadi

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari Davlat xavfsizligi xizmati chegara qo‘shinlari bilan hamkorlikda Pskent tumanida tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbir o‘tkazishdi.

Tadbir davomida, fuqaro X.M. boshqaruvidagi «Damas» rusumli avtotransport vositasi o‘rnatilgan tartibda to‘xtatildi.

Biroq avtoulov haydovchisi huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillarini ko‘rishi bilanoq, avtoulovni orqaga harakatlantirib, chamasi 200 metr masofadan so‘ng, avtoulovni yo‘lning o‘rtasida qoldirib, o‘zi noma'lum tomonga qochib ketadi.

Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur yo‘ldan harakatlanib kelayotgan 6 nafar fuqaro to‘xtatilib, ular bilan suhbatlashilganda, mazkur fuqarolar chegara hududiga yaqin joydan xo‘jalik qoplariga solingan qutilarni tashib kelib, «Damas» rusumli avtotransport vositasiga ortganliklari ma'lum bo‘ldi.

Tashlab qochilgan «Damas»da umumiy qiymati 278,6 million so‘mlik jami 19 230 quti tamaki mahsulotlari ortilgani aniqlandi.

Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid