O‘zbekiston | 21:42 / 28.07.2020
3159
2 daqiqa o‘qiladi

Deputatlar hukumatdan meva-sabzavotlar eksporti bo‘yicha qilinayotgan ishlar hisobini so‘raydi

Deputatlar pandemiya davrida aholi tomorqalarida yetishtirilayotgan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish, tayyorlash, saqlash va boshqa logistika xizmatlarini yo‘lga qo‘yish borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan hukumat a'zolariga savollar yuborish taklifini ma'qullashdi, deb xabar bermoqda quyi palata axborot xizmati.

Qayd etilishicha, 28 iyul kuni o‘tkazilgan Qonunchilik palatasi kengashining navbatdagi yig‘ilishida siyosiy partiyalar fraksiyalari va qo‘mitalar tomonidan parlament quyi palatasida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan navbatdagi «Hukumat soati»da muhokama qilish taklif etilgan masalalar ham ko‘rib chiqilgan.

Yig‘ilishda bugungi pandemiya sharoitida aholining oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, fermer, dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalarida yetishtirilayotgan meva-sabzavot mahsulotlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni rag‘batlantirish muhimligi ta'kidlangan.

«Muhokamalardan so‘ng kengash a'zolari tomonidan Ekologik partiya fraksiyasi hamda quyi palataning budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi ilgari surgan taklif – pandemiya davrida aholi tomorqalarida yetishtirilayotgan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish, tayyorlash, saqlash va boshqa logistika xizmatlarini yo‘lga qo‘yish borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan Hukumat a'zolariga savollar yuborish taklifi ma'qullandi», deyiladi rasmiy xabarda.

Mavzuga oid