O‘zbekiston vizalarini rasmiylashtirish va berish tartibi tasdiqlanadi
Yo‘riqnoma chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga kirish, chiqish va tranzit vizalarni rasmiylashtirish tartibini belgilaydi.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining “O‘zbekiston Respublikasi vizalarini rasmiylashtirish va berish tartibi to‘g‘risidagi Yo‘riqnomani tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i loyihasi e'lon qilindi.
Chet el fuqarolariga O‘zbekiston Respublikasiga kirish vizalari xorijiy muassasalar, TIVning hududiy bo‘linmalari va TIVning aeroportlardagi bo‘linmalari tomonidan rasmiylashtiriladi.
Xorijiy muassasa bo‘lmagan hollarda, O‘zbekiston Respublikasiga kirish vizasi muayyan konsullik funksiyalarini bajarish to‘g‘risida TIVning ikki tomonlama bitimi mavjud bo‘lgan boshqa davlatlarning diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari tomonidan rasmiylashtirilishi mumkin.
TIV va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan chet el fuqarolarining quyidagi toifalari uchun O‘zbekiston Respublikasidan chiqish (kirish-chiqish) vizalarining berilishi va amal qilish muddatini uzaytirilishi amalga oshiriladi:
a) TIVda akkreditatsiya qilingan xorijiy davlatlarning doimiy vakolatxonalari, xalqaro hukumatlararo tashkilotlar va xorijiy davlatlarning hukumat tashkilotlari vakolatxonalari, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazilgan xalqaro va xorijiy nodavlat (hukumatga qarashli bo‘lmagan) notijorat tashkilotlarning vakolatxonalari va filiallari xodimlariga (va ularning qaramog‘ida bo‘lgan ularning oila a'zolariga), shuningdek TIVda akkreditatsiya qilingan matbuot vakillariga va ularning qaramog‘ida bo‘lgan ularning oila a'zolariga;
b) rasmiy va parlament delegatsiyalari a'zolariga;
v) diplomatik maqomga ega boshqa shaxslarga;
g) mazkur bandning “a” kichik bandida ko‘rsatilgan chet el fuqarolarining taklifi bo‘yicha kelganlarga, biroq ko‘pi bilan 2 marta kelganlarga.
Viza muddatini uzaytirish, yangilangan amal qilish muddatli viza berish yo‘li bilan, shuningdek, chet el fuqarosi akkreditatsiyadan o‘tgan holda esa, viza turini o‘zgartirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Mazkur bandning “a” kichik bandida ko‘rsatilgan chet el fuqarolari oila a'zolarining akkreditatsiya muddati, ular 18 yoshga to‘lganligi munosabati bilan tugagandan so‘ng, pasport turidan qat'iy nazar, viza TIV tomonidan, ularning ota-onalari (yoki vasiylari)ning akkreditatsiya muddatiga mos ravishda uzaytiriladi.
90 kungacha bo‘lgan muddatga berilgan ko‘p martalik vizalar Yo‘riqnomaning 2-bandi “a” kichik bandida ko‘rsatilgan chet el fuqarolariga xorijiy muassasalar, TIVning hududiy bo‘linmalari, shuningdek, TIVning aeroportlardagi bo‘linmalari tomonidan beriladi va ular keyinchalik TIV tomonidan akkreditatsiya muddatiga, Yo‘riqnomaning 3-bandi “b”, “v” va “g” kichik bandlarida ko‘rsatilgan boshqa fuqarolarga – bir yilgacha muddatga uzaytiriladi.
O‘zbekiston Respublikasiga kirish vizasi, tranzit vizasidan tashqari O‘zbekiston Respublikasining barcha hududida haqiqiy hisoblanadi, chet el fuqarolari borishlari uchun yopiq bo‘lgan joylar, obektlar bundan mustasno.
Chet el fuqarolarining O‘zbekiston Respublikasiga kelishlari va ketishlari tartibi, ularga vizalar berish hamda ularning amal qilish muddatlari, konsullik yig‘imlari va haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan undiriladigan yig‘imlardan ozod qilish O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bilan tenglik asosida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining alohida qarorlari bilan o‘zgartirilishi mumkin.
Chet el fuqarolari rasmiylashtirilgan viza amal qilishining qolgan muddatiga uni yangi milliy pasportga (almashtirilgan taqdirda) yoki harakatlanish hujjatiga qayta yopishtirish uchun xorijiy muassasa yohud TIVga, shuningdek, uning hududiy bo‘linmalariga murojaat etishi mumkin.
Vizani qaytadan yopishtirish uchun faqat haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imlar undiriladi.
O‘zbekiston Respublikasiga kirishga viza berish uchun chet el fuqarolaridan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, O‘zbekiston Respublikasi Konsullik yig‘imlari Tarifiga muvofiq belgilangan tartib va miqdorlarda konsullik yig‘imi hamda haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imlar undiriladi.
Rasmiylashtiriladigan vizalarning quyidagi turlari mavjud:
kirish;
kirish-chiqish;
chiqish;
chiqish-kirish;
tranzit.
O‘zbekiston Respublikasining kirish, chiqish va tranzit vizalarining toifalari Yo‘riqnomaning 1-ilovasida keltirilgan.
Yozma iltimosnomani (talabnoma) ko‘rib chiqish muddati u taqdim etilgan kundan boshlab (hujjat taqdim etilgan kundan tashqari) 4 ish kunini tashkil etadi (qo‘shimcha ko‘rib chiqish zarurati bilan bog‘liq alohida hollarda – 10 ish kuniga qadar).
Mavzuga oid

08:10 / 19.04.2025
O‘zbekiston va Janubiy Koreya viza talablarini soddalashtirish masalasini muhokama qilmoqda

23:47 / 18.04.2025
AQShda bir oy ichida minglab talabalarning vizalari bekor qilindi

16:56 / 15.04.2025
Turkmanistonda xorijliklarning kirishini soddalashtirish bo‘yicha qonun loyihasi tayyorlanmoqda

12:52 / 08.04.2025