Jahon | 20:19 / 03.08.2020
7440
3 daqiqa o‘qiladi

COVID-19 yuqtirgan onalar bolalarini emizishni to‘xtatib qo‘ymasligi kerak - JSST rahbari

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adanom Gebreyyesus koronavirus yuqtirib olgan onalarga chaqalog‘ini emizishda davom etishni tavsiya qildi.

Foto: Globallookpress

«Sababi – ona sutining foydasi infeksiya xavfidan ko‘ra muhimroq», – deya izoh berdi Gebreyyesus 3 avgust kungi brifingda.

Qayd etish joiz, COVID-19 bolalarda kattalarga qaraganda yengilroq kechishi kuzatilmoqda. Buning sababi hozircha noma'lum. Ayrim taxminlarga ko‘ra, bu bola immunitetining virusga javobi me'yorida bo‘lishi bilan izohlanishi mumkin. Kattalarda esa immunitet oldin uchramagan virusga qarshi haddan ortiq kuchli reaksiya hosil qilishi, bu esa bemor holatining yomonlashishiga olib kelayotgani aytilmoqda.

3 avgustdagi brifingda koronavirus vaksinasiga kuchli umid bog‘lash kerak emacligi haqida ham so‘z bordi. JSSTga ko‘ra, vaksina vaziyatni yaxshilash uchun yagona va tezkor chora emas, normal hayotga qaytish uchun esa hali ancha vaqt bor.

JSST rahbari Tedros Adanom Gebreyyesus va tashkilotning favqulodda vaziyatlar dasturi ijrochi direktori Mayk Rayan barcha xalqlar salomatlik talablariga qat'iy amal qilishlari lozimligi, jumladan, hamma uchun tibbiy niqobda bo‘lish, ijtimoiy masofa saqlash, qo‘lni tez-tez yuvish va test topshirish qoidalari doim birinchi o‘rinda turishi kerakligini ta'kidladi.

«Hukumatlar va odamlarga aytishimiz mumkin bo‘lgan narsa: «Hammasini to‘liq bajaring», deyishdan iborat. Tibbiy niqob dunyo davlatlari uchun majburiy bo‘lib qolishi kerak», – dedi Gebreyyesus brifingda.

Uning ta'kidlashicha, hozir bir paytning o‘zida qator vaksinalar 3-bosqichda klinik sinovlardan o‘tkazilmoqda. Ular orasidan samarali vaksinalar chiqishiga umid qilinmoqda. Biroq hozircha vaksina ham, vaziyatni yaxshilaydigan chora ham yo‘q.

Mayk Rayanning so‘zlariga ko‘ra, virus tarqalishi xavfi yuqori bo‘lib turgan Braziliya va Hindiston kabi davlatlar kuchli tarzda kurashga tayyor bo‘lishi kerak.

«Barchasi tugashiga hali ancha bor, buning uchun qat'iyat talab etiladi», – dedi Rayan.

Mavzuga oid