Jahon | 19:52 / 05.08.2020
3856
2 daqiqa o‘qiladi

SpaceX yangi raketasi Starship’ning ilk sinov parvozini amalga oshirdi  

AQShning SpaceX kompaniyasi fazogirlarni orbitaga yetkazish uchun mo‘ljallangan o‘ta og‘ir raketa Starship’ning prototipini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi. Raketa sinov parvozi davomida 150 metr balandlikka ko‘tarilib, so‘ngra start maydonchasiga qo‘ngan.

Sinovlar SpaceX’ning Boka-Chika aholi punktidagi kosmodromida o‘tgan.
      
Bungacha raketani uchirishga 4 ta urinish muvaffaqiyatsiz yakunlangan: prototip yoki portlab ketgan, yoki havoga ko‘tarilishigacha bo‘laklanib ketgan. SpaceX asoschisi Ilon Maskning ta'kidlashicha, kelgusida kompaniya raketaning yana bir nechta sinovini o‘tkazadi.

Starship raketasi Falcon raketalari o‘rniga ishlab chiqilmoqda. U ikkita to‘liq ko‘p marotabalik pog‘onadan iborat bo‘lib, 2-pog‘ona bir vaqtning o‘zida yo‘lovchi yoki yuk kemasi bo‘ladi. Raketa orbitaga 100 tonnadan ko‘proq yuk olib chiqa oladi. Yuk orbitaga chiqarilgach, raketaning ikkala pog‘onasi kosmodromda yoki dengizda o‘rnatilgan platformaga qo‘nadi.  

Raketaning yakuniy versiyasining ilk to‘laqonli parvozi 2021 yilga rejalashtirilgan. SpaceX raketani nafaqat fazoga parvozlar, balki qit'alararo suborbital yo‘lovchi parvozlar uchun qo‘llamoqchi. Bu dunyoning turli burchaklaridagi megapolislar orasidagi parvoz vaqtini bir necha o‘n daqiqagacha qisqartirish imkonini berishi mumkin. Kompaniya buning uchun raketaning 2-pog‘onasi va shaharlar yaqinida dengizda joylashtiriladigan platformalardan foydalanadi.

Mavzuga oid