O‘zbekiston | 17:12 / 11.08.2020
2409
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston yoshlari ilk marta xalqaro norma ijodkorligida bevosita qatnashadi» - Akmal Saidov Samarqand forumi haqida

12−13 avgust kunlari videokonferensiya shaklida inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi o‘tkaziladi. 11 avgust kuni AOKAda ushbu forum oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Foto : KUN.UZ

Anjumanda Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov forum O‘zbekistonga qanday natijalar olib kelishi haqida so‘z yuritdi.

«Samarqand forumining natijalari xususida gapiradigan bo‘lsak, men 5ta natijani aytib o‘taman:

Birinchisi – O‘zbekiston Respublikasi prezidentining tashabbusini ro‘yobga chiqarishdagi xalqaro darajadagi muhim bir qadam bo‘ladi.

Ikkinchisi – O‘zbekistonning yoshlarga oid davlat siyosatining natijalarini dunyo hamjamiyatiga ko‘rsatadi. Bizning milliy ma'ruzachilarimiz O‘zbekiston tajribasini ko‘rsatib berishadi.

Uchinchisi – eng muhimi, Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya loyihasini maromiga yetkazishdagi muhim qadam bo‘ladi. Nafaqat O‘zbekiston miqyosida, balki butun dunyo miqyosida muhim qadam bo‘ladi.

To‘rtinchisi – ushbu forum O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imijini, obro‘yini va nufuzini oshirishga harakat qiladi.

Beshinchisi – birinchi marta O‘zbekiston yoshlari xalqaro norma ijodkorligida bevosita ishtirok etishadi. Yoshlarimiz milliy qonunlarni muhokama qilishda ko‘p qatnashishgan, lekin xalqaro miqyosda ushbu forum orqali ilk bor qatnashishadi», – dedi Akmal Saidov.

«Yuksalish» umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov Samarqand forumining bir necha muhim vazifalariga to‘xtaldi.

«Bir faktni tushunib yetishimiz kerak: biz Markaziy Osiyo mintaqasida eng ko‘p yoshlarga ega mamlakat hisoblanamiz. Mazkur forumning o‘tkazilishi ikkita muhim vazifani bajaradi.

Bu – global tadqiqot. Chunki mana shu forumga tayyorgarlik jarayonida va forumning o‘tkazilishida ham ko‘plab tadqiqotlar o‘tkazilmoqda. So‘rovnomalar orqali yoshlardan fikr olinyapti. Nafaqat global yoshlar siyosati, balki O‘zbekistondagi yoshlar siyosati bo‘yicha ham tadqiqotlar o‘tkazilyapti.

Ikkinchisi – global fikr almashish. Forumda ishtirok etadigan mingga yaqin ishtirokchilar bilan O‘zbekistonning davlat siyosati haqida fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Bu esa Yoshlar agentligi endi tuzilgan bir vaqtda judayam muhim.

Forum orqali yoshlar siyosatini yanada rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘lamiz», – dedi Bobur Bekmurodov.

Eslatib o‘tamiz, Samarqand forumida BMTning Yoshlar huquqlari bo‘yicha konvensiyasi loyihasi birinchi marta muhokama uchun taqdim qilinadi. Ushbu konvensiya loyihasi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasidagi taklifiga muvofiq tayyorlangan.

12-13 avgust kunlari bo‘lib o‘tadigan veb-forum YouTube orqali ham namoyish etiladi.

Раҳматилла Исроилов
Tayyorlagan Раҳматилла Исроилов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid