Jahon | 10:54 / 16.08.2020
15011
2 daqiqa o‘qiladi

Yapon tankeri Mavrikiy sohillari yaqinida ikkiga bo‘laklanib ketdi

25 iyulda Mavrikiy marjonqoyalarida sayozlikka o‘tirib qolgan MV Wakashio yapon tankeri ikkiga bo‘laklanib ketdi. 4 ming tonna neft mahsulotlari olib ketayotgan tanker Hind okeanida ekologik falokatga olib kelish bilan xavf solgan. 

Foto: REUTERS

Ta'kidlanishicha, 15 avgust mahalliy vaqt bilan soat 16.30 atrofida kemaning tumshuq qismi aniqlagan. Mutaxassislar tavsiyasiga ko‘ra uni shatakka olish rejasi tuzilgan. Ma'lum qilinishicha, shatakchi kemalar tankerning tumshuq qismini shatakka olib, uni Mavrikiydan ming kilometrcha olisda cho‘ktirib yuborish uchun olib ketgan. Biroq tankerning ikkinchi bo‘lagi ayni vaqtda marjonqoyada qolmoqda. 

Tanker 25 iyulda marjonqoyalarga urilgan. Natijada okeanga undan ming tonnaga yaqin mazut oqib ketgan va hududdagi marjonqoyalar, baliqlar va boshqa dengiz jonzotlarini xavf ostiga qo‘ygan. Olimlar ushbu hodisani Mavrikiy iqtisodiyotiga o‘nlab yillar davomida ta'sir qilishi mumkin bo‘lgan ekologik falokat deb atashgan. O‘zining plyajlari, maqjonqoyalari bilan mashhur bo‘lgan orol-davlat asosiy daromadni sayyohlikdan oladi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, kemadagi aksariyat neft tortib olingan bo‘lib, unda 166 tonnaga yaqin mazut qolgan. Mutassaddi idoralar uni bartaraf etish bo‘yicha ishlar olib borgan.  

Yaponiyaning atrof-muhit vaziri Sindziro Koidzumi Tokio zararni baholash uchun voqea joyiga o‘z mutaxassislarini yubormoqchiligini ma'lum qilgan. Tanker Nagashiki Shipping yapon kompaniyasiga tegishli bo‘lgan.

Shuningdek, Fransiya falokat hududiga ifloslanishni bartaraf etish uchun maxsus qurilmaga ega bo‘lgan harbiy samolyot jo‘natgan. Yaponiya ham fransuzlarga yordam berish uchun Mavrikiyga o‘z guruhini jo‘natgan.

 

Mavzuga oid