O‘zbekiston | 15:29 / 17.08.2020
27461
3 daqiqa o‘qiladi

Deputat: «Compliance tizimi bo‘lganda, avto sanoat hozirgi holatga duch kelmasdi»

Shu yilning 29 iyul kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga «O‘zavtomotors» AJning avtomashinalar narxi yuzasidan deputatlik so‘rovi yuborilgan. So‘rovga javoban, agentlik tomonidan ish qo‘zg‘atilgani va kompaniya faoliyati o‘rganib chiqilayotgani ma'lum qilindi. So‘rov mualliflari «O‘zLiDep» fraksiyasi a'zolari Nodir Jumayev, Rasul Kusherbayev hamda Doniyor G‘aniyev deputatlarning maqsadi va kompaniya faoliyati xususida fikr-mulohazalarini Kun.uz'ga bildirishdi.

Deputat, iqtisod fanlari doktori Nodir Jumayevning ta'kidlashicha, avto sanoat tarmog‘ida compliance tizimi joriy etilganda, narxlar bo‘yicha hozirgi vaziyat yuzaga kelmasdi.

«Biz monopoliyaga qarshi kurash emas, demoqchimasman. Lekin bizning maqsad tabiiy monopoliya ishlasin, ammo u ham narxni belgilashda raqobat mexanizmi, talab va taklif asosida, qiymat qonuni asosida, pul muomalasi qonunini inobatga olishi kerak.

Davlat rahbarimiz ham ushbu tizimni joriy etish vaqti kelganini aytdi. Mamlakatimiz xalqaro biror iqtisodiy tashkilotga a'zo bo‘lish masalasini ko‘rganda, u YeOII bo‘ladimi, JSTmi, umuman boshqa yo‘nalishdagi tashkilotmi, ertaga talablar bir xil bo‘lib, raqobatni ko‘tara olmay qolamiz. Negaki, transmilliy korporatsiyalar narx siyosatini bir xil yuritishi lozim. Chegaralar ochilganda, bunga majbur bo‘lamiz.

Compliance nima o‘zi? Inglizcha u «muvofiqlik, muvofiq kelish» ma'nosini anglatadi. Demak, raqobat muhitini sog‘lomlashtirish, risklarni kamaytirish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarni oldini olish uchun o‘rnatilgan tartibga rioya etib ishlash kerak, harakatlar shunga muvofiq kelishi kerak», — deydi Jumayev.

Deputatlar suhbat davomida UzAutoMotors tomonidan yillar davomida iste'molchilar huquqlari, O‘zbekiston qonunlari talablari buzib kelinayotganini tanqid qilishdi.

Deputat Doniyor G‘aniyevga ko‘ra, so‘rov natijasida, agar Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mita o‘rganishlari kutilgan tahlillarni tasdiqlasa, ya'ni «O‘zavtomotors» tomonidan narxlash siyosati asossiz amalga oshirilayotgan, iste'molchilarni huquqlarini buzilishi qo‘pol tarzda aks etayotgan bo‘lsa, tegishli tarzda qo‘mita xulosasini taqdim etgan holda ularga nisbatan chora ko‘rilishi kerak.

Mavzuga oid