O‘zbekiston | 18:26 / 20.08.2020
11088
2 daqiqa o‘qiladi

Sudyalar uchun o‘ziga xos imtihon bo‘lib o‘tdi

20 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi sudyalar oliy kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda besh yil va undan ortiq muddat faoliyat ko‘rsatib, vakolati nihoyasiga yetgan 19 nafar sudyaning navbatdagi muddatga tayinlash uchun imtihon o‘tkazildi.

Shu kunga qadar sudyalarni tayinlanish jarayonini kuzatish va yoritishga ommaviy axborot vositalari jalb qilinmas, yangi tayinlangan sudyalar ro‘yxat tizim nashrlarida e'lon qilish bilan cheklanilar edi.

Kengash tarixida birinchi marta sudyalarni lavozimga tayinlash jarayonini kuzatish uchun ommaviy axborot vakillari taklif etildi. Ularga jarayonni to‘liq kuzatish uchun kerakli shart-sharoitlar yaratildi.

Sinov ham o‘ziga xos tarzda bo‘lib o‘tdi va butun jarayonni onlayn tarzda kuzatish imkoniyati yaratildi. Sudyalikka nomzodlar maxsus tablo orqali elektron tarzda savol tanlab oldilar va ikki savolga javob berdilar.

Imtihon jarayonida viloyatdagi nomzodlar ham onlayn tarzda ishtirok etdilar va sinovda o‘tdilar.

Sherzod Abduqodirov, sudyalar oliy kengashi a'zosi, yuridik fanlar doktori:

Sherzod Abduqodirov

– Sinov jarayoni mutlaqo shaffof bo‘lishi bilan birga inson omili aralashmaydi. Faqat kengashning 21 a'zosi nomzodga faoliyatiga oid qo‘shimcha savol berishi mumkin. Imtihon yakuniga ko‘ra uch xil xulosadan biriga kelinadi, nomzod savollarga yaxshi javob bersa uning vakolati 10 yilga uzaytiriladi, javob qisman berilsa, u nomzod sudyalar zaxirasiga olinadi, agar sinovda qoniqarsiz ishtirok etsa, kengash nomzodni bu vazifaga noloyiq deb topadi.

Sinovdan muvaffaqiyatli o‘tganlarning vakolati kengash xulosasiga ko‘ra darhol uzaytiriladi, bu masalada ham kutishga hojat yo‘q.

Mavzuga oid