Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Microsoft hakerlar yana saylovga aralashayotganini aytdi. Moskva yana barchasini rad etdi
Microsoft kompaniyasi Rossiya harbiy razvedkasiga aloqasi bo‘lgan «Strontium» (shuningdek, Fancy Bear deb ham ataladi) deb nomlanuvchi xakerlar guruhi shu yilning 3 noyabr kuniga belgilangan AQSh prezidentlik saylovlariga ta'sir o‘tkazishga urinayotgani haqida xabar berdi.
«2016 yilgi saylovlarga ham o‘z ta'sirini o‘tkazgan rossiyalik hakerlar bu safar ham yana shunday ishga qo‘l urmoqchi», deyiladi Microsoft bayonotida.
Bayonotda bu harakatlar saylovga qaratilgani aytib o‘tilgan. Amaldagi prezident Donald Tramp va uning saylovlardagi asosiy raqibi demokrat Jo Baydenning kampaniyalari kiberhujumlarning asosiy nishoni bo‘lib turibdi.
Microsoft bayonotida aytilishicha, shu kunga qadar «Strontium» guruhi a'zolari 200dan ortiq tashkilotga hujum qilishgan. Xususan, respublikachilar va demokratlar partiyasi ta'minot tizimiga ham. Ular Britaniya siyosiy partiyalarini ham nishonga olgani aytilmoqda.
Moskva va Pekin reaksiyasi
Rossiya va Xitoy bu xabarlarni rad etdi. Juma kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kreml hech qachon boshqa davlatlarning saylovlariga aralashishga urinmaganini ta'kidlab o‘tdi.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Chao Lijian esa Microsoft Xitoyga yo‘q joydan bunaqa ayb qo‘ymasligi kerakligi haqida gapirdi.
Microsoft kompaniyasining xavfsizlik masalalari bo‘yicha vakili Tom Burt o‘z blogidagi xabarida hujumlar 2019 yil sentyabrida boshlangani va shu kungacha davom etayotganini yozgan.
«2016 yildagiga o‘xshab «Strontium» foydalanuvchilarning nomlari va parollarini yig‘ish maqsadida ularning akkauntlarini buzish uchun harakatlarni boshlashmoqda. Ehtimol, bu razvedka ma'lumotlarini yig‘ish yoki ularga aralashish uchun boshlanayotgan operatsiyalaridir», deb so‘zlarini davom ettiradi Burt.
Biroq kompaniyaga ko‘ra, kiberhujumlarning aksariyati muvaffaqiyatli bo‘lmagan.
Microsoft, shuningdek, xitoylik kiberguruhlar Bayden kampaniyasiga aloqador bo‘lgan shaxslarning shaxsiy elektron pochtalariga va avval Tramp ma'muriyatiga aloqador bo‘lgan kamida bitta taniqli shaxsga ham kiberhujumlar uyushtirganini ma'lum qildi.
Shu bilan birga, Xalqaro aloqalar hamjamiyati, akademik institutlar va siyosiy tashkilotlarning taniqli shaxslari ham Xitoyning «Strontium» nomi bilan tanilgan hakerlik guruhi tomonidan nishonga olinganini aytgan.
Microsoft’ning qo‘shimcha qilishicha, Eronning «Fosfor» nomli guruhi shu yilning may va iyun oylari oralig‘ida Oq uy rasmiylari va prezident Trampning saylovoldi shtabining akkauntlarini buzib kirishga uringan, ammo buning uddasidan chiqa olishmagan.
Kompaniya Rossiya, Xitoy va eronlik hakerlarning aniq maqsadlarini aniqlay olmadi. Iyun oyida Google Xitoy va Eron tomonidan AQShdagi ta'minot tizimlariga kiberhujumga urinishlar amalga oshirilganini ma'lum qilgan.
Tramp kampaniyasi matbuot kotibi o‘rinbosari T. MakDonald bu borada shunday dedi: «Biz katta nishonmiz, shuning uchun kampaniyaga yoki bizning xodimlarimizga qaratilgan zararli harakatlarni ko‘rish ajablanarli holat emas».
Bayden kampaniyasining rasmiy vakili esa avvaldanoq kampaniyaning bu kabi hujumlarga duchor bo‘lishini bilgani va ularga tayyorligini bildirgan.
Ikki partiyaviylik sayloviga aralashish
Nada Tavfik tahlili. BBC’ning Shimoliy Amerika bo‘yicha muxbiri.
2016 yilda Rossiyaning saylovga ta'sir o‘tkazishga bo‘lgan urinishlari tezda siyosiylashtirilib, prezidentning ba'zi tarafdorlari tomonidan bu harakatlar tan olinmagandi. Microsoft’ga ko‘ra, saylovlarga aralashish ikki partiya – ham respublikachilarni, ham demokratlarni xavf ostida qoldiradi. Bu esa demokratik jarayonga bo‘ladigan tahdidlarning oldini olish choralarini ko‘rib chiqish kerakligini anglatadi.
Tom Burt o‘z postida saylovlar infratuzilmasini himoya qilish uchun davlat tomonidan qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi kerakligiga ishora qildi. Shuningdek, u mamlakatlarni global tashabbuslar, jumladan, BMT amalga oshirilayotgan ishlar orqali kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish va xavfsizlikni ta'minlashga barchani da'vat qildi.
Tramp ma'muriyati qanday javob qaytardi?
Ichki ishlar vazirligining yuqori darajadagi amaldori Kristofer Krebsning aytishicha, Microsoft’ning ushbu ogohlantirishlaridan AQSh razvedkachilari allaqachon xabardorligini aytib o‘tdi.
«Shuni ta'kidlash kerakki, hech bir harakat ovoz berish jarayoniga va saylov tizimlariga ta'sir ko‘rsata olmaydi», dedi Krebs.
Avvalroq, Tramp ma'muriyati Rossiya fuqarosini AQSh siyosiy jarayonlariga aralashishni rejalashtirishda ayblagan edi. AQSh razvedkasi vakillari esa avgust oyida Xitoy, Rossiya va Eron noyabrdagi prezidentlik saylovlariga aralashishga faol ravishda urinishayotganini aytib o‘tgan edi.
2016 yilda nima bo‘lgandi?
AQSh razvedkachilari 2016 yilda Hillari Klintonning saylov kampaniyasiga Rossiya tomondan ta'sir o‘tkazilganini ma'lum qilishgandi.
Tom Burtning so‘zlariga ko‘ra, «Rossiya ishi»ni surishtirgan maxsus prokuror Robert Myuller o‘z hisobotida hakerlar guruhi 2016 yilgi prezidentlikka nomzod Hillari Klintonning elektron pochtasini buzib kirganini aytgan. Hakerlar kampaniyadan o‘n minglab elektron pochta xabarlarini olib, tarqatishga muvaffaq bo‘lishadi. Facebook hisob-kitoblariga ko‘ra, saylov arafasida 126 million amerikalikning akkauntiga hujum uyushtirilgan.
Kreml rad etdi
Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Microsoft’ning AQShdagi saylovlarga Rossiyaning aralashuvi haqidagi topilmalari aniq dalillarga ega emas. «Afsuski, bu kabi gaplarni birinchi bor eshitmayapmiz. Yana takrorlashim mumkin, Rossiya hech bir davlatning ichki ishlariga yoki saylov jarayonlariga aralashmagan, aralashmaydi va aralashmoqchi emas», deya Peskovning so‘zlarini keltirgan TASS.
Mavzuga oid
00:16 / 24.05.2025
Microsoft aniq ob-havo bashoratlari uchun Aurora sun’iy intellekt modelini taqdim etdi
18:01 / 05.05.2025
Microsoft kompaniyasi Skype’ni yopdi. Messenjer 20 yildan ortiq faoliyat yuritdi
20:55 / 09.04.2025
Microsoft dunyoning eng qimmat kompaniyasiga aylandi
14:18 / 02.03.2025