O‘zbekiston | 20:48 / 14.09.2020
39518
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyati bosh infeksionistiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi kuchda qoldirildi

Foto: KUN.UZ

8 sentyabr kuni hibsga olingan Toshkent viloyati bosh infeksionisti – viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan qamoqda saqlash bilan bog‘liq ehtiyot chorasini o‘zgartirish bo‘yicha berilgan appellyatsiya shikoyati 14 sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudida ko‘rib chiqildi.

Prokuror Aziz Ismailov hamda Guljahon Yo‘ldoshevaning advokati Xushnid Ahrorov ishtirokida o‘tgan sud majlisida sudya Dilshod Izzatov ayblanuvchiga nisbatan qo‘llangan qamoqda saqlash bilan bog‘liq ehtiyot chorasini o‘zgartirishsiz qoldirishga ajrim chiqardi.

Sud majlisidan so‘ng Guljahon Yo‘ldoshevaning advokati Xushnid Ahrorov Kun.uz muxbiriga bergan izohida sudya chiqargan ajrimdan noroziligini bildirdi. Uning fikricha, qamoqda saqlash – mazkur holatda nomutanosib chora, jumladan, ayblanuvchining ko‘p bolali ona ekani hisobga olinmagan.

Eslatib o‘tamiz, Guljahon Yo‘ldosheva Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori lavozimida ishlab kelgani holda bir kishining COVID-19dan vafot etishiga va 250,8 mln so‘m budjet mablag‘lari rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilinishida gumon qilinib ushlangan.

Mavzuga oid