Yarim asrga yuzlashgan afsona. Mirjalol Qosimov bilan katta intervyu
Bundan roppa-rosa 50 yil muqaddam zamonaviy o‘zbek futbolining eng yorqin yulduzi Mirjalol Qosimov tug‘ilgandi. Kun.uz jahon, Yevropa va Osiyo chempioni bo‘lgan o‘zbekning Mirjaloli bilan intervyu uyushtirdi.
– Mirjalol aka, avvalo, bolaligingiz va futbolga kirib kelishingiz haqida gapirib bersangiz.
– Kechagidek esimda. Mahalladagi bolalar bilan yalangoyoq holda ko‘cha changitardik. Nafaqat futbol, «lanka», «eshak mindi», «yong‘oq», «chillak» o‘ynardik. Bularning orasida qo‘y ham boqardik. Oq maykamizni qoraytirib, dovuchcha uzardik, tut terardik. Qishda xokkey o‘ynardik.
Futbol maktabiga borishimdan avval 1979 yili mashina urib yuborgan. Bir kun o‘zimga kelmay, kasalxonada yotganman. O‘shanda Olloh menga umrimni qaytarib bergan. 1980 yili Chig‘atoydagi futbol maktabiga borganman. Turli musobaqalar orqali 1984 yili SSSR yoshlar jamoasiga qabul qilinganman. Shu tariqa katta futboldagi faoliyatim boshlangan.
– Futbol o‘ynash yoki tomosha qilish uchun darslardan qochganmisiz?
– «Yo‘q» desam, yolg‘onchi bo‘lib qolaman. Nafaqat darsdan qochardik, to‘p bilan maktab derazalarini sindirardik. Keyinchalik yig‘inlar tufayli ham ko‘p bor dars qoldirganman.
– Futbolchi bo‘lishingizga oila a'zolaringiz qarshilik qilishganmi?
– Bo‘lgan. Futboldan charchab kelardim, jarohat olardim. O‘shanda rahmatli buvim «Qo‘y, bolam, o‘zingni qiynab nima qilasan?» deganlar.
– 1991 yili O‘zbekiston mustaqillikka erishdi. «Agar bunday bo‘lmaganida, SSSR kattalar jamoasi tarkibida ham jahon va Yevropa chempionatlarida qatnashib, yutuqlarga erishardim» degan xayol o‘tganmi?
– Unaqa xayol o‘tmagan. Muhimi, mustaqil bo‘ldik. O‘sha vaqtda boshqa milliy jamoalardan takliflar bo‘lgan. Lekin ikkilanmaganman, o‘z yurtim uchun o‘ynashga qaror qilganman.
– 17-18 yoshli futbolchilarimiz chiqadi, ayrimlarini «yangi Qosimov» deymiz. Lekin o‘sha yoshlar 4-5 yildan so‘ng yo birinchi ligada o‘ynayotgan yoki faoliyatini tugatib, taksichilik qilayotgan bo‘ladi. 17-18 yoshingizdayoq chempionlikka erishib, qanday qilib keyinchalik ham barqarorlikni saqlab qolgansiz?
– Chindan ham iqtidorlar juda ko‘p. Ularning kelajagiga atrofidagilar ko‘proq ta'sir qiladi. Hammasi insonning o‘ziga bog‘liq. Menda ham turli holatlar bo‘lgan – to‘ylarga va boshqa turli marosimlarga taklif qilishardi. Hozirgi yosh o‘yinchilarga bir maslahatim bor: futbolni yaxshi ko‘rdingmi, u doim birinchi darajada qolsin. Futbolga hayotingni berdingmi, u ikkinchi o‘ringa tushmasin. Boshqa kasblarda ham shunaqa. Bizdan ham kuchli futbolchilar chiqishini va ular biz erisha olmagan yutuqlarni qo‘lga kiritishlarini xohlayman.
Pulni birinchi o‘ringa qo‘ymaslik kerak. Masalan, Eldor Shomurodov va Oston O‘runov yuqori maosh beradigan jamoalarga ketishgani yo‘q. Bosqichma-bosqich o‘sib borishmoqda. Mana, Oston mehnat qildi va «Spartak»ka o‘tdi.
Jasur Jaloliddinov «Lokomotiv»ga bordi. Qo‘ng‘iroq qilib, «Duo qilib qo‘ying» deganda, ta'sirlanib ketdim. Otabek Shukurov ham sabr qildi. Jarohatdan qutulib, yana yaxshi harakat qilmoqda. Bunday yigitlarni doim qo‘llab-quvvatlayman.
– Rossiya va BAA klublarida o‘ynagansiz? Legionerlik sizga nimalarni o‘rgatdi?
– 14 yoshimdayoq Moskvaga borganman. Dastlab o‘zimni yo‘qotib qo‘yganman. Keyinchalik mustaqil bo‘lishni, rus tilini o‘rgandim. Ingliz tilini ham ozroq tushunaman.
– «Paxtakor» libosida o‘ynash qanday hissiyotlar beradi?
– U vaqtda yotsang ham, tursang ham xayolda «Paxtakor» bo‘lardi. Taklif qilishlarini kutardik. Lekin o‘ylaganimdan tez taklif qilishgan. 16 yoshimdayoq Riganing «Daugava» jamoasi bilan o‘yinda zaxiradan maydonga tushib, 3 daqiqa harakat qilganman. Yoshlar o‘rtasida jahon chempioni bo‘lib kelganimizdan so‘ng jamoaga rasman qabul qilishgan. Birinchi golimni «Krilya Sovetov»ga urgandim.
– Legioner sifatida qaytganingizdan so‘ng doim «Paxtakor» safiga qo‘shilgansiz, ammo 2005 yili «Mash'al»ga. O‘shanda ham «Paxtakor» varianti bo‘lmaganmi?
– Yo‘q, faqat «Mash'al»dan jiddiy taklif tushgan.
– 2002 yilgi jahon chempionati saralashi doirasida BAA (0:1) bilan bahsda isitma bilan o‘ynagansiz. Maydonga tushishni o‘zingiz istaganmidingiz?
– Ha. Murabbiy majburlamagan, o‘zim xohlaganman. O‘yin boshida gol o‘tkazib yuborganmiz, keyin raqib himoyalangan. Bir qancha jarima to‘plari, burchak zarbalaridan foydalana olmaganman. Qiyin bo‘lgan. O‘sha kuni omadimiz kelmagandi.
– 2006 yilgi jahon chempionati pley-offi doirasida Bahrayn bilan bahs qayta o‘tkazilgan. Takroriy o‘yin o‘tishiga milliy jamoa a'zolari qanday munosabat bildirishgan? (Izoh: O‘sha o‘yinda O‘zbekiston Bahraynni 1:0 hisobida mag‘lub etadi. Yaponiyalik hakam Toshimitsu Yoshida milliy jamoamizning penaltidan urgan golini bekor qiladi. O‘zbekiston hakam ustidan FIFA`ga ariza yozadi. FIFA esa o‘yinni qayta o‘tkazishga qaror qiladi. Takroriy o‘yinda 1:1 hisobi qayd etilib, Bahrayn safardagi gol evaziga keyingi bosqichga chiqadi).
– Xohlamaganmiz, albatta. Hozirgacha FIFA`ga yozish qarori kimdan chiqqani haqida ko‘p gapiriladi. Kim yozgan bo‘lsa ham, katta xatoga yo‘l qo‘ygan. Hakamning xatosi uchun hech qachon raqib jamoa javob bermaydi. Aksi bo‘lishi ham mumkin edi.
O‘shanda yaxshi formada edik. O‘yin tugashi bilan tezda Bahraynga uchib ketganmiz. Jamoa tayyor edi. Ahil edik. Qolaversa, raqib sardori va yana bir o‘yinchisi sariq kartochkalar soni tufayli maydonga tusha olmasdi, asosiy hujumchisi jarohat olgandi. Hakam xato qilganiga qaramay, javob o‘yinida ham g‘alaba qozonishimizga ishongandik. Mashg‘ulotdan mehmonxonaga qaytganimizda o‘yin bo‘lmasligini va O‘zbekistonga qaytishimizni aytishgan. Hayron qolganmiz.
– Futbolchilikdagi asosiy yutuqlaringiz «Paxtakor» bilan bog‘liq. «Bunyodkor» bosh murabbiyi sifatida Toshkent derbilaridagi ishtirokingizga «Paxtakor» muxlislari qanday munosabatda bo‘lishgan?
– Muxlislar har xil. El og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi. Inson zoti bor ekan, gap to‘xtamaydi. Hammaga birdek yoqish ilojsiz. Gap-so‘zlar bo‘lgan. Hech qachon kek saqlamaganman. Qaysi jamoada bo‘lsam ham, bor kuchim bilan ishlaganman.
Avval faqat «Paxtakor»ga muxlislik qilinardi. «Navbahor» va «Neftchi» ham bor edi. Ammo hozir har bir viloyatning o‘z jamoasi bor. Faqat milliy jamoa yagona.
– Murabbiy bo‘lish fikri qachon tug‘ilgan? Futbolchilikdayoq maqsad qilganmidingiz?
– O‘ylab yurganman-u, jiddiy maqsad bo‘lmagan. Ta'kidlashim kerakki, futbolchilik va murabbiylik – umuman alohida yo‘nalish. Murabbiy bo‘lish qiyinroq. Futbolchi mashg‘ulotdan 5 minut oldin kelib, tugagandan keyin ketaveradi. Murabbiy esa hamma narsaga, vaqti kelsa tashkilotchilikka ham javob berishi kerak.
– Nega o‘zbek murabbiylari xorijda ishlamaydi?
– Bilmadim. O‘zbekiston baribir O‘zbekiston-da (kuladi). Uni hech nimaga almashmaymiz.
– Muxlisi kam, ammo boy klubni boshqarish yoki muxlisi ko‘p, o‘rtamiyona jamoada ishlash. Qay biri murabbiyni rivojlantiradi?
– Muxlisi ko‘p jamoa, albatta. Futbol muxlislar uchun. Masalan, pandemiya sababli tomoshabinlarsiz o‘ynayapmiz. Ularning o‘rni nafaqat bizda, hatto Yevropada ham bilindi. Muxlislarsiz futbol go‘shsiz, qazisiz oshga o‘xshab qolgan.
«Bunyodkor» boshqaruvida Eronning «Ozodi» stadionida o‘tkazgan o‘yinimizni eslayman. 59 mingdan ortiqroq muxlis bor edi. Yonimdagi murabbiy bilan gaplashsak, bir-birimizni eshita olmasdik.
– Qattiqqo‘l murabbiy sifatida ko‘rinasiz. Farzandlar tarbiyasida ham shundaymisiz?
– Albatta, uyda ham talabchanman. Bizni ham shunday tarbiyalashgan. Yanayam hozirgi yoshlar g‘isht quymaydi, beton qorimaydi. Noto‘g‘ri harakat qilsa, tanbeh beraman. Oilada ham muvozanat bo‘lishi kerak.
– Futbol va oiladan birini tanlashga qiynalgan paytlaringiz bo‘lganmi?
– Uyda biror kim kasal bo‘lganda ham telefon qilishmagan, meni ishdan chalg‘itishni istashmagan. Qandaydir muammo bo‘lsa, ayolim bildirmay hal qilishga harakat qilgan. Oilamni himoya chizig‘iga qiyoslasa bo‘ladi. Himoya yaxshi bo‘lgani uchun yarimhimoyada bemalol to‘p tepganman.
– Oilangizda ham futbol muhiti hukmronmi? Yoki uyda futbol haqida gapirishlarini istamaysizmi?
– Iloji boricha futbol haqida gaplashmaslikka harakat qilamiz. Uyga kirganda nevaralaring kulib turganini ko‘rsang, tashqaridagi ishingni unutasan.
– Murabbiylikni boshlagan davringiz bilan hozirgi paytni taqqoslasak, matbuot anjumanlaridagi farqni ko‘ramiz. Hozirgi Qosimov avvalgisidan ko‘ra gapga ustaroqdek.
– Yo‘g‘ye? Albatta, murabbiylikda o‘tgan yillar ham ta'sir qildi. To‘g‘risini aytsam, intervyulardan qochadigan insonman. Chunki bir yili Moskvada intervyu bersam, ag‘dar-to‘ntar qilib o‘zlaridan qo‘shib yozishgan. Keyin qancha ko‘p gapirsang, shuncha xato qilasan, deyishadi-ku. Qisqa, lo‘nda gapiraman. Piarni yoqtirmayman.
– Yana bir bor O‘zbekiston milliy jamoasini boshqarishni taklif qilishsa, qanday javob berasiz?
– O‘ylab ko‘raman. Yuki og‘ir. O‘xshab qolsa, sendan zo‘ri yo‘q. O‘xshamasa, sendan yomoni yo‘q.
2014 yilgi jahon chempionatiga chiqa olmaganimizdan keyin sochlarga oq tushib ketdi. Agar o‘shanda JChga chiqqanimizda, mendan va jamoadagi yigitlardan yaxshisi bo‘lmasdi. Yomon o‘yin ko‘rsatmagandik. Menimcha, hozirgacha 14 ochko olinmagan. Lekin mundialga chiqa olmaganimizdan keyin hammasi nolga teng bo‘lib qoladi.
Braziliyaga borishni juda xohlagandik. Chiqqanimizda skautlar o‘yinchilarimizni kuzatishardi. Kelajak avlod uchun ham zamin yaratgan bo‘lardik. Erkak kishi ichidan yig‘laydi, deyishadi-ku. Juda alamli bo‘lgan.
A'zamjon Izzatillayev suhbatlashdi
Tasvirchi va montaj ustasi Muhammadjon G‘aniyev
Mavzuga oid
18:08 / 08.01.2024
Shatskixning Xitoyga bormagani, Qosimov va Geynrixdan supergol va Bahrayndan alamli mag‘lubiyat. Osiyo kubogi-2004ni qanday eslaymiz?
08:03 / 22.08.2023
«Barselona» afsonalari Qirg‘izistonda o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazadi
13:00 / 12.11.2022
Poytaxt klublarining 21 yillik hukmronligi davom etadimi? Toshkentda derbi, Kapadze – Berdiyev, Qosimov Babayanga qarshi
19:24 / 10.05.2022