«O‘zavtomotors» ishi bo‘yicha sud boshlandi. Da'vogar ishni yopiq sudda ko‘rishni so‘rayapti
2 oktabr kuni Toshkent shahar ma'muriy sudida «O‘zavtomotors» AJning Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi maxsus komissiyasi qarorini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi shikoyat arizasini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni boshlandi. Bu haqda sud majlisida ishtirok etgan Kun.uz muxbiri xabar berdi.
Qo‘mita maxsus komissiyasi shu yil 19 avgust kuni «O‘zavtomotors» AJ faoliyatiga oid qaror qabul qilgandi. Ayni paytda uning ijrosi majburiy bo‘lib, ikkinchi tomon qarordan norozi bo‘lgan taqdirda, sudga shikoyat kiritish huquqiga ega. «O‘zavtomotors» esa ushbu huquqdan foydalanib, sudga shikoyat arizasini kiritgan.
«O‘zavtomotors» qonun buzganmi?
Ushbu kompaniya hukumatning tegishli qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning davlat reyestriga kiritilgan.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining pozitsiyasiga ko‘ra, qonunan monopol bo‘lgan «O‘zavtomotors» narxlarni shakllantirish jarayonida qonun va tegishli qonun bandlariga amal qilishi lozim, kompaniya o‘z-o‘zidan narxni belgilashi noqonuniy hisoblanadi. Monopol tashkilot xo‘jalik sub'yektlari tomonidan narxni belgilash tartibi buzilganda, vakolatli davlat organi buni tekshirishga haqli. Maxsus komissiya qarori esa ana shunday tekshiruvlardan biridan so‘ng qabul qilingan.
2 oktabr kuni boshlangan ushbu ma'muriy ish sudya G‘.Davlatov raisligida, Toshkent shahar prokurori katta yordamchisi Babayan hamda tomonlarning ishtirokida ko‘rilmoqda.
Ochiqni sudni «yopmoqchi» bo‘lgan da'vogarning iltimosnomasi
Dastlab, sud majlisida taraflarning shaxsi aniqlanib, ularning huquq va majburiyatlari tushuntirildi. Shuningdek, arizachi - «O‘zavtomotors» vakili tomonidan sudga sud majlisini yopiq tarzda o‘tkazish to‘g‘risidagi iltimosnoma kiritdi.
«Ma'muriy ishlarni yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 13-moddasiga («sud muhokamasining oshkoraligi») binoan, mazkur ishni yopiq sud tartibida ko‘rib chiqishingizni so‘raymiz», dedi arizachi.
«O‘zavtomotors» pozitsiyasiga ko‘ra, maxsus komissiya qarori asossiz chiqarilganini isbotlab berish uchun turli darajadagi maxfiy hujjatlardan ma'lumot keltirish kerak, shuningdek, xizmat doirasida foydalanish uchun chiqarilgan hujjatlar muhokama etilishi shart. Bundan tashqari, masala markazida avtomobil narxi va kompaniyaning tijoriy ishlari turar ekan, bularning barchasi tijorat siri hisoblanadi. Shu kabi vajlar bilan sudda jamoatchilik ishtirok etishi, unda audio-video fiksatsiya ishlatilishini taqiqlash so‘raldi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi yuristi Sherzod Shodmonqulovning fikricha, maxsus komissiya qarori ochiq majlisda qabul qilingan va unda maxfiy hujjatlar haqida so‘z yuritilmagan. Ayni paytda sud ishining asosiy obekti maxsus komissiya qarori ekan, sud majlisini yopiq tarzda o‘tkazishga hojat yo‘q, deb hisoblaydi u.
Prokuror Babayan esa sud majlisida maxfiy hujjatlar nomi tilga olingani bilan, undagi ma'lumot hozircha muhokama etilmayotgani tufayli ushbu iltimosnomani ochiq qoldirishni, keyinchalik maxfiy hujjatlar muhokamaga chiqqanda ishni qisman yopiq ko‘rib chiqish taklifini bildirdi.
Mazkur iltimosnoma yuzasidan taraflar fikri so‘ralganidan so‘ng, sud o‘z o‘rnida ajrim qilib, mazkur iltimosnoma ishni ko‘rish jarayonida taraflar tomonidan davlat siri bilan bog‘liq maxfiylashtirilishi lozim bo‘lgan hujjatlar sud muhokamasida ko‘rilishi uchun taqdim etilganidan so‘nggina muhokama qilinishi uchun ochiq qoldirildi va sud ishni mazmunan ko‘rib chiqishni boshladi.
«Ilk so‘zni javobgarga beraylik». Da'vogar sud tartibini o‘zgartirishni taklif qildi
Sud ishida da'vogar bo‘lmish «O‘zavtomotors» vakillari ilk so‘zni qo‘mita vakillariga berishni taklif etdi. Vakil ularning so‘zlaridan kelib chiqib, himoya pozitsiyasi bilan savol va e'tirozlarini bildirishni aytdi. Ammo qarordan norozi bo‘lgan tomon sudda o‘z vajlarini birinchi keltirishi zarurligini aytgan prokuror va javobgarning munosabatidan so‘ng, kompaniya vakillari so‘z boshladi.
«O‘zavtomotors» AJ vakili javobgar — O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan tekshirish jarayonida Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 28 oktyabrdagi 239-sonli qarori noto‘g‘ri tatbiq etilganini aytib so‘z boshladi. U «O‘zavtomotors» AJ tomonidan ishlab chiqariladigan tovarlarga narxlar shakllantirilishida Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 martdagi 249-sonli qarori tatbiq etilishi lozimligini bildirdi. Sudda jamiyat tomonidan ishlab chiqariladigan tovarlarning narxini kelishish jamiyatning Kuzatuv kengashi vakolatiga kirishi to‘g‘risidagi vajlar bildirib o‘tildi.
Shuningdek, arizachi vakili tomonidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining maxsus komissiyasi tomonidan «Raqobat, tabiiy monopoliyalar, iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ish qo‘zg‘atish va ularni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 18-bandi talablari buzilgan holda qaror qabul qilingani, chunki Maxsus komissiya yig‘ilishini o‘tkazishni boshqa kunga qoldirish to‘g‘risidagi iltimosnoma kiritilgan bo‘lsada, «O‘zavtomotors» AJga yozma fikr va dalillarni taqdim etish huquqi cheklanganini bildirdi.
Javobgar tomon vakili mazkur vajlarga qo‘shilmasligini bildirdi. Negaki, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi yurituvidagi alohida reyestrga kiritilgan «O‘zavtomotors» kompaniyasi tovar va xizmatlar uchun narxni mustaqil belgilasa-da, hukumatning tegishli qarori bilan narx shakllantirishda rioya etilishi zarur bo‘lgan tartibga bo‘ysunmagan.
Shuningdek, kompaniya vakillari maxsus komissiya ishni ko‘rib chiqishi davomida uzrsiz sabablar bilan yoxud qasddan komissiya majlisida ishtirok etmagan. Masalan, 19 avgust kuni soat 11:00da komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazilishidan xabardor bo‘la turib, uni qoldirish haqidagi iltimosnoma soat 11:00dan keyin yuborilgan. Shu tufayli, komissiyaning so‘nggi yig‘ilishi kompaniya vakillari ishtirokisiz ham davom etgan.
Sudya ishni batafsil o‘rganish, qo‘shimcha hujjatlar bilan tanishib chiqish uchun sud majlisida 2020 yil 9 oktabr kuni soat 11:00ga qadar tanaffus e'lon qildi.
Alisher Ro‘zioxunov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi – Asad Allanazarov
Mavzuga oid
17:48 / 22.11.2024
Jismoniy shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tartibi belgilandi
11:25 / 21.11.2024
2024 yilda 30 mingdan ortiq o‘zbekistonliklar tuhmat va haqorat qilgani uchun sudlandi
17:18 / 14.11.2024
Elektromobil bozorini qisish uchun oxirgi bir yilda nimalar qilindi?
20:33 / 13.11.2024