O‘zbekiston TIV Qirg‘izistondagi voqealardan xavotir bildirdi
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Qirg‘izistonda parlament saylovlaridan keyin yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan bayonot berdi.
«Qirg‘iz Respublikasida yuzaga kelgan keskin vaziyat va voqealar rivoji O‘zbekiston Respublikasida jiddiy tashvish uyg‘otmoqda.
O‘zbekiston yaqin qo‘shni va strategik sherik sifatida qardosh Qirg‘izistondagi vaziyatning mamlakat Konstitutsiyasi va milliy qonunchiligi normalariga muvofiq tez orada barqarorlashuviga umid qiladi.
O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda mustahkamlashga qat'iy sodiqligimizni yana bir bor tasdiqlaymiz.
Qirg‘izistonning barqarorligi va mustahkam rivojlanishi butun Markaziy Osiyo mintaqasi xavfsizligi va farovonligining muhim omili hisoblanadi.
Hozirgi murakkab vaziyatda biz O‘zbekistonda ko‘p asrlik tarixiy va qarindoshlik rishtalari, umumiy madaniy hamda ma'naviy qadriyatlar bilan mustahkam bog‘langan birodar Qirg‘iziston xalqiga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatishga tayyormiz», deyilgan bayonotda.
Qirg‘izistonda 4 oktabr kuni parlament saylovlari o‘tkazildi. 5 oktabr kuni dastlabki natijalar e'lon qilinishi ortidan muxolif partiyalar tarafdorlari saylov natijalarini bekor qilish talabi bilan miting boshladi. Kun oxirida namoyishchilar parlament binosi va prezident qarorgohi joylashgan Oq uy binosiga bostirib kirishdi. Keyinroq Bishkek shahridagi boshqa hukumat binolari ham egallab olindi, shuningdek, Qirg‘iziston milliy xavfsizlik qo‘mitasi binosiga bostirib kirgan namoyishchilar mamlakatning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyevni ozod qilishdi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, tungi tartibsizliklar vaqtida bir kishi halok bo‘lgan, yana 590 kishi jarohatlangan.
6 oktabr kuni prezident So‘ronbay Jeenbekov videomurojaat bilan chiqib, Qirg‘izistonda hukumatni noqonuniy egallashga urinish yuz bergani haqida gapirdi. Ayni vaqtda u qayerdaligi noma'lum.
Shu kuni Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalari haqiqiy emas deb topilganini ma'lum qildi.
Bu voqealar ortidan Qirg‘iziston bosh vaziri Kubatbek Boronov va parlament spikeri Doston Jumabekov iste'fo bergan.
Sobiq deputat, tartibsizliklar vaqtida koloniyadan ozod etilgan Sadir Japarov bosh vazir etib tayinlandi.
Mavzuga oid
21:37 / 20.11.2024
«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temiryo‘li bo‘yicha muzokaralar yakuniy bosqichda – OAV
20:34 / 20.11.2024
Qirg‘iziston o‘z fuqarolariga Ukrainani tark etishni tavsiya qildi
18:39 / 20.11.2024
2024 yilda Qirg‘izistondan O‘zbekistonga gaz eksporti 5 barobar oshdi
17:30 / 14.11.2024