O‘zbekiston | 20:24 / 11.10.2020
20738
13 daqiqa o‘qiladi

Intervyu: Azamat Akbarov - «soxta diplom» voqeasi va oliy ta'limdagi muammolar haqida

Shu yil boshida Samarqanddagi «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universiteti sobiq birinchi prorektori Azamat Akbarovning xorijda olgan PhD ilmiy daraja diplomi qalbaki bo‘lib chiqqani aytilgan va u ishdan olingan edi. Universitet oradan 9 oyga yaqin vaqt o‘tib, bu haqdagi xabarlarga raddiya berdi va ulardagi iddaolar o‘z isbotini topmaganini ma'lum qildi.

Universitet matbuot xizmatiga ko‘ra, Azamat Akbarov diplomi soxta bo‘lgani uchun emas, balki o‘z xohishiga ko‘ra ishdan bo‘shatilgan.

«Vakolatli organlar tomonidan olib borilgan tergov harakatlari natijasida ushbu ayblov o‘z isbotini topmagan va bugungi kunda jinoyat ishi tugatilgan», — deyiladi raddiyada.

Kun.uz ushbu mavzu atrofida paydo bo‘layotgan savollarga javob olish maqsadida Azamat Akbarov bilan intervyu tashkil qildi.

Prorektor bilan intervyu davomida boshqa mavzular, xususan O‘zbekistondagi oliy ta'lim muammolari, tushunarsiz qolayotgan kredit modul tizimi, onlayn darslar, moliyaviy mustaqillik olgani da'vo qilinayotgan OTMlar haqida ham so‘z bordi.

— «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universitetiga kelishingiz, bu yerda sizga qanday vazifalar qo‘yilgani hamda qisqa ish faoliyatingiz davomida bu vazifalarning qanchasini amalga oshira olganingiz haqida gapirib o‘tsangiz.

— Chet eldaligimda tajribalarimni vatanimda joriy etishni maqsad qilgandim. Bu yerdagi maqsadim – o‘qish tizimini xalqaro andozalar asosida tashkil qilish va uni davlatning «yumshoq kuchi»ga aylantirish edi.

Masalan, hozirda dunyoning eng yaxshi universitetlari 100taligining 60ga yaqini AQShdagi universitetlar hisoblanadi. Janubiy Koreya ham butun dunyoga universitetlari bilan tanilmoqda.

«Ipak yo‘li» turizm xalqaro universitetini ochishdan maqsad – uni O‘zbekistonning «yumshoq kuchi»ga aylantirib, filiallarini xorijiy davlatlarda ham ochish va bu orqali iqtisodiy foyda topish ko‘zlangan.

Universitetda darslar 5 kun va bu kunlarda talabalar faqat 5ta fan o‘qiydi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan boshqa fanlarni internetdan o‘rganishlari mumkin bo‘ladi. Ularga dars berishda ko‘proq amaliyot va kamroq nazariya usulidan foydalanish kerak. Universitetning maqsadi talabalarga O‘zbekistondan chiqmay turib, xorijiy universitetlar ta'limini berish.

— Keling, endi o‘sha siz xorijda, ya'ni Bosniya va Gersegovinada olgan diplomning Samarqandda qalbaki deb topilishi va ishdan ketishingiz bilan bog‘liq voqealar haqida gaplashsak. Ayting-chi, o‘zi nima bo‘lgan edi? Ya'ni sizning diplomingiz soxta ekanligi bo‘yicha nafaqat Oliy attestatsiya komissiyasi, balki Bosniya tomoni ham xulosa bergan edi.

— O‘zi umuman, 2018 yilda universitetda 10ga yaqin tajribasiz, ingliz tilini bilmaydigan, hatto ayrimlari muqaddam sudlangan xodimlardan iborat jamoa o‘z faoliyatini boshlagan.

Universitet o‘quv rejasi ham mahalliy andozalarga tushib qolgandi. 2019 yil avgust oyida ishga chiqqanimda, menga yuklatilgan vazifalarni bajarishni boshladim.

Bu jarayonda tabiiyki, eskirgan bo‘limlarni qisqartirib, kadrlar, jamoa masalasini qayta ko‘rib chiqdim. Birinchidan, universitetdagi kadrlarning ko‘pchiligi egallab turgan lavozimiga javob bermasdi.

Ikkinchidan, ularning ingliz tilini bilmasligi xalqaro universitet uchun katta muammo edi. Chunki chet tilini bilmaydigan o‘qituvchi o‘z tizimiga yangilik kiritolmaydi. Uning yangiliklarni olish imkoniyatlari cheklangan bo‘ladi. Natijada men Ispaniya, Angliya, Janubiy Koreya, Shvetsiyadagi vatandosh mutaxassislarni, shuningdek, xorijiy o‘qituvchilardan jami 15ga yaqin mutaxassis taklif qilishga majbur bo‘ldim. Bu paytda universitetning 60ga yaqin mahalliy o‘qituvchilari ham bor edi.

Shu orada universitetning sobiq prorektori bu ishlardan norozi holda ijtimoiy tarmoqlarda turli tuhmat va bo‘htonga to‘la intervyularni tarqatishni boshladi.

Shuningdek, universitetni turli radikal kuchlardan, chetdan keladigan kuchlardan himoya qilish uchun 1-bo‘lim xodimi javob beradi. Ammo u ham o‘ziga yuklatilgan vazifani bajarish o‘rniga, o‘qish jarayonlariga jiddiy aralasha boshladi. U shuningdek, jamoani menga qarshi boshqara boshladi.

Ish bunday davom etishi mumkin emasdi. Va men 6 yanvar kuni o‘z xohishim bilan ariza yozishga qaror qildim. Bu universitetga, ilm tug‘iladigan joyga va talabalarga hurmatim uchun edi. Bu jarayonlar universitetga ziyon yetkazishini xohlamadim. Bu talabalar va xodimlarga zarar yetkazishi kerak emasdi.

Qiziq jihati, men 6 yanvar kuni ariza yozgan bo‘lsam, 7 yanvar kuni bu haqda negativ fikrlar bilan yozilgan maqola e'lon qilinyapti. Bundan ko‘rinadiki, bu ish oldindan puxta o‘ylab, amalga oshirilgan.

Shuningdek, men ishdan bo‘shashim bilan mening tashabbusim bilan chetdan olib kelingan o‘qituvchilar ham tazyiqqa olina boshladi, maoshlari to‘lab berilmadi. Bu maoshlar hamon to‘lanmagan holda qolmoqda. Bunga Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi e'tibor qaratishini xohlardim.

— Ayblovlar e'lon qilingan paytda nega ijtimoiy tarmoqlarni tark etdingiz, shuningdek, bu holatlar bo‘yicha o‘zingiz biror izoh bermadingiz? Nega universitet endi raddiya beryapti? Bu holatlarni ertaroq aniqlashning iloji yo‘qmidi?

— Raddiya borasida qo‘mitaning o‘zi fikr bildiradi, deb o‘ylayman (Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi nazarda tutilmoqda. — tahr).

Men Vatanga yaxshi niyatda ta'limni rivojlantirish uchun qaytgandim. Aynan universitetga kelishim ham shartnoma bilan, 5 yil ichida bir qator vazifalarni bajarish, tizimni yo‘lga qo‘yib berish uchun edi.

Rosti, shu voqealardan keyin biroz tanaffus olishni xohladim. Shuningdek, ish jarayonidan ham uzilib qolmadim. Oila ham tebratish kerak. Shuning uchun bu paytda onlayn tarzda turli xorijiy universitetlar o‘quvchilariga dars berdim.

— O‘zbek ta'lim tizimiga yaqin yillardan boshlab kredit-modul tizimi degan tushuncha kirib keldi. Bu yil universitet va institutlardan 35tasi mana shu tizimga o‘tgani e'lon qilindi.

Lekin ko‘pchilik hali bu tizimni to‘g‘ri tushungani, anglab olgani yo‘q. Biz yangi tizimga o‘tdik deyayotgan universitetlarning hatto ko‘pchilik o‘qituvchisida tayinli tushuncha yo‘q. Qolaversa, qanchalik g‘alati tuyulmasin,  kredit-modul tizimi uchun hali birorta ham hujjat yo‘q ekan.

Xo‘sh, juda sodda tilda tushuntirganda, bu qanday tizim va nimasi bilan an'anaviy o‘qish tizimidan farq qiladi? U bizga nima uchun kerak?

 — Kredit tizimi ustunlikni talabaga beradi. Hozirgi an'anaviy tizimda esa ustunlik universitetlarda bo‘lib turibdi. Ular bir tizimga 12ta fan qo‘yadi.

Talaba 12tadan bittasini olmasa ham sessiyadan yiqilishi mumkin. Kredit modul tizimi esa talabaga o‘zining 4 yillik jadvalni mustaqil tanlash imkoniyatini beradi. Talaba istasa, ta'limni 4 yilda yoki 7 yilda yoki aksincha 3 yilda ham bitirishi mumkin. Masalan, «Ipak yo‘li» universitetida 1 semestrda 5ta fan, ya'ni 30ta kredit bor.

Talaba universitetning 240ta kreditini o‘zlashtirishi kerak. Ta'limning necha yil davom etishi ahamiyatsiz. Talaba 1 semestrda 20 kredit, boshqasida 40 kredit olishi mumkin. Ya'ni talaba o‘z vaqti va imkoniyatidan kelib chiqib, ta'limi vaqtini o‘zi belgilaydi.

— Prezident Mirziyoyev shu yil qatnashgan bir yig‘ilishda oliy ta'lim muassasalarida nomutaxassislik fanlarini qisqartirish haqida gapirgandi. Endi bu faqat prezident gapirgani uchun emas, eng rivojlangan davlatlarda ham shunday, universitetlarda fanlar soni ko‘p bo‘lmaydi.

Xo‘sh, bu tizimga bizda qanday o‘tilyapti? Eshityapmizki, hozir OTMlarda 3-4 ta fanni olib tashlash o‘rniga birlashtirib yuborilyapti. Yani fanlar nomi shunchaki umumiylashyapti. 

Xo‘sh, sizningcha bu tizim aslida qanday bo‘lishi kerak?

Har bir fan kerak, ammo mutaxassislikka aloqasi bo‘lmagan fanlarni umuman o‘qitmaslik kerak. Hatto bitta fanni tanish-bilishchilik qilib, 2ga bo‘lib 2 nafar domlaga berish holatlari ham bo‘ladi.

XXI asrda nomutaxassislik fanlarini o‘qitishdan kimga foyda?! 10-15 yilda universitetlar konsepsiyasi o‘zgarib ketadi. Talaba o‘zi istasa, boshqa fakultetlardan ham ma'lum bir fanlarni o‘qishi mumkin. Bu mutaxassisliklararo hamkorlik deyiladi. Chunki har bir talabaning turli xil jihatlarini rivojlantirish kerak. Hozir ko‘ryapmizki, ma'lum sohani bitirgan talaba ishsiz qolib ketishi ham mumkin.

— Universitetlarning o‘zini o‘zi moliyalashtirishi borasida fikrlaringizni bilmoqchi edim. Ayting-chi, rivojlangan davlatlar universitetlari bu tizimni qanday tashkillashtiradi?

— G‘arbda, rivojlangan davlatlarda universitetlar ishlab chiqarish korxonalaridek ishlaydi. Rektor, dekanlarning maqsadi universitetga imkon qadar foyda keltirish hisoblanadi.

Shuning uchun g‘arb korxonalari moliyaviy inqirozga uchrasa, tizimni birinchi tashlab ketadigan ularning rahbarlari bo‘ladi.

Ular o‘z mas'uliyatini sezgan holda korxonadan ketadi yoki o‘z oyligini qisqartiradi. Shuning uchun 1-navbatda har bir rektor, dekan tijorat qoidalarini juda yaxshi bilishi kerak.

O‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimi, avvalo, kafedralardan boshlanadi. Ya'ni har bir kafedraning tushumi va chiqimi ko‘rib chiqiladi. O‘zini o‘zi moliyalashtirishda o‘quv rejalarining raqobatbardoshligini ta'minlash kerak. Shuningdek, universitetlar 5 yillik biznes rejasi: qancha talaba qabul qiladi, qancha xorijlik professor jalb qiladi, qancha elektr energiyasi ishlatishi kabilarni qamrab oladigan dasturni yaratishi kerak.

— Pandemiya davrida butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham ta'lim shakli, jumladan oliy ta'limda onlayn shaklga o‘tdi. Lekin bu darslarning o‘tilishi, talabalar tomonidan o‘zlashtirish darajasi haqida ochiqcha gaplashadigan bo‘lsak, hech kim deyarli sifatli ta'lim olayotgani yo‘q.

Bu tizim sinovdan o‘tolmadi hisob. Xo‘sh, mutaxassis sifatida ayting-chi, nega bizda bu tizim bunchalik sifatsiz tashkil qilinmoqda, o‘zi onlayn darslarda sifatni ta'minlash mumkinmi?

— Onlayn ta'limning kamchiliklari ko‘p. Birinchidan, oylab uyda qolib ketgan talabada stress boshlanadi. Ikkinchidan, onlayn ta'lim inklyuziv ta'limga zarba beradi. O‘quv jihozlaridan talabaning foydalanolmasligi kabi. Uchinchidan, onlayn o‘qish insonlar orasida tengsizlik, tabaqalanishni kuchaytirib, adolatsizlikni ko‘paytiradi.

Oliy ta'lim mutasaddilariga bu boradagi xalqaro tajribani o‘rganishlarini, xorij universitetlari bilan o‘rtada hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni so‘rab qolardim.

— Suhbat yakunida kelgusi rejalaringiz haqida to‘xtalsangiz. Yuqoridagi voqealardan keyin ham «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universitetidan sizga taklif bo‘ldimi yoki taklif bo‘lsa, u yerga qaytish niyatingiz bormi?

— Hozirda universitetdan taklif bo‘lgani yo‘q, agar taklif bo‘lsa, universitetni O‘zbekistonning «yumshoq kuchi»ga aylantirish uchun qaytish niyatim bor.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid