O‘zbekiston | 19:02 / 17.10.2020
60602
6 daqiqa o‘qiladi

Maxsus komissiya qayerda qoldi? «Qo‘lqop»ga doir qaror e'tirozlarga sabab bo‘lmoqda

Kuni kecha Transport vazirligi Toshkent shahrida jamoat transporti (avtobus, metro, yo‘nalishli taksi) xizmatidan foydalanganda yo‘lovchilarning tibbiy niqob bilan birgalikda tibbiy qo‘lqopda bo‘lish tartibi ham joriy etilishini ma'lum qildi.

Foto: Toshshahartransxizmat

Bunga qo‘shimcha ravishda, shahar jamoat transportidan foydalanganda yo‘lovchilarning sanitariya qoidalari va belgilangan karantin talablariga qat'iy amal qilishlarini ta'minlash maqsadida Transport vazirligining avtomobil tashuvlari xavfsizligini ta'minlashni nazorat qilish boshqarmasi inspektorlari va huquq-tartibot idoralari vakillaridan iborat maxsus ishchi guruh tomonidan transport infratuzilma obektlari va jamoat transportida kuchaytirilgan tartibda nazorat tadbirlari o‘tkazilishi haqida ogohlantirish berildi.

Vazirlikning ta'kidlashicha, shahar jamoat transportidan foydalanganda yo‘lovchilarning tibbiy niqobdan tashqari tibbiy qo‘lqopda ham bo‘lishlari haqidagi qat'iy talab joriy yilning 19 oktyabridan, ya'ni dushanba kunidan kuchga kiradi.

Ushbu talab joriy etilishi ma'lum qilinganidan so‘ng jamoatchilik e'tirozlariga sabab bo‘ldi.

Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 yanvardagi F-5537-sonli farmoyishiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi tashkil etildi. Maxsus komissiyaga koronavirus bo‘yicha epidemiologik vaziyatning yomonlashishi ehtimoli belgilarini o‘z vaqtida aniqlash va kasallanish xavfini kamaytirishga qaratilgan profilaktik va epidemiologiyaga qarshi kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi yuklatildi.

Vazirlar Mahkamasining “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2020 yil 23 martdagi 176-son qarorida Maxsus komissiyaga zarur hollarda qo‘shimcha, kechiktirib bo‘lmaydigan tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha qarorlar qabul qilish vakolati berilgan. Ammo bugunga qadar qabul qilingan hujjatlarda Transport vazirligiga Maxsus komissiyani chetlab o‘tgan holda mustaqil tarzda majburiy chora-tadbirlar belgilash vakolati berilmagan. Maxsus komissiya esa hali tarqatib yuborilmadi. Hamma ishni o‘zining egasi qilgani ma'qul.

Shu o‘rinda yana bir savol tug‘iladi: Transport vazirligi bunday chora-tadbirlar belgilashni kim bilandir kelishganmi? Yoki Sog‘liqni saqlash vazirligi bu haqda tavsiya berganmi?

Ushbu talabning mantiqsiz joyi shundaki, JSST qo‘lqopdan foydalanish koronavirus tarqalishiga qarshi samarasiz va aksincha virus tarqalishiga xizmat qiladi, deya ta'kidlab turgan bir damda bizda qo‘lqopning majburiy qilib belgilanayotganidir. JSST jamoat transporti va boshqa jamoat joylarida qo‘lqop o‘rniga tashrif buyuruvchilarning qo‘llarini dezinfeksiya qilishni tavsiya etgan. Talabning yana bir g‘alati jihati – uning nega boshqa hududlarda emas, faqat Toshkentda joriy etilayotganida. Vaholanki, bugungi kunda respublikaning deyarli barcha hududlarida yo‘lovchi tashishda avtobuslardan keng foydalanilmoqda.

Transport vazirligi tomonidan joriy etilgan mazkur talab jamoatchilikda norozilik uyg‘otdi. Bloger Xushnud Xudoyberdiyev ushbu holatga quyidagi savollar bilan murojaat qildi:

Birinchidan, buning qanday foydasi bor? Kimdir aniq kafolat bera oladimi bu qaror foydali ekanligiga. Ilmiy izlanishlar olib borilganmi? Aniq tadqiqotlarning xulosasi bormi? Yoki shunchaki qaysidir kottakonning xayoliga keldi, tamommi? Dezinfeksiya tunnellaridan saboq chiqarmadikmi?

Ikkinchidan, Transport vazirligining bunaqa qaror qabul qilishga vakolati bormi o‘zi? Fuqarolarga yana qo‘shimcha xarajat qildiradigan majburiy talabni qo‘yishga kim ularga huquq berdi? Yoki tekin qo‘lqop tarqatishadimi hamma yo‘lovchilarga?

Bloger Qobil Xidirov ham o‘z sahifasida ushbu tartibga nisbatan quyidagicha tanqidiy munosabatda bo‘ldi:

Bizning-cha, maqsad yo‘q, shunchaki Moskvada 16 oktyabrdan metro va avtobuslarga qo‘lqop va maskasiz kiritish to‘xtatilgan edi va buni Moskva transporti departamenti e'lon qilgan edi. O‘zlariga qulay payti o‘zimizniki, o‘zlariga kerak payti xorijnikini ma'qullashning yaqqol namunasi bu. Ayniqsa, ruslarning xatti-harakatlarini takrorlash bo‘yicha ustamiz.

Darvoqe, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirus yuqtirishning oldini olish maqsadida qo‘lqop taqib yurishni tavsiya qilmaydi. Qo‘lqop taqish aksincha infeksiyani yuqtirib olish ehtimolini oshiradi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ham o‘zimizga ma'qul payti amal qilamiz, odatda”.

Transport infratuzilma obektlari va jamoat transportida kuchaytirilgan tartibda nazorat tadbirlari o‘tkazishi aytilayotgan maxsus ishchi guruh tarkibida huquq-tartibot idoralari vakillari ham bo‘lishi qo‘lqopsiz yurgan shaxslardan jarima undirishga bo‘lgan «ishtaha»ni ko‘rsatayotgandek go‘yo. O‘z o‘rnida bu ham yuqoridagi qonunsiz amaliyotning davomi desak, xato qilmagan bo‘lamiz.

So‘zimiz yakunida mas'ullar tomonidan koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi profilaktik chora-tadbirlar ishlab chiqishda, avvalo, JSST tavsiyalariga tayanish lozimligini yana bir karra eslatishni istardik. Shuningdek, bu masalada qarorlar qaysidir vazirlik emas, aynan vakolatli organ – Maxsus komissiya tomonidan qabul qilinishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Rasmiylardan yuridik kuchi shubhali bo‘lgan mazkur qarorni bekor qilinishini so‘rab qolamiz. Zero, karantinda sillasi qurigan odamlar bu kabi ma'nisiz jarimalarni ko‘tara olmasligi mumkin.

Abbos Salaydinov

Mavzuga oid