O‘zbekiston | 15:40 / 17.10.2020
16325
6 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbek animatsiyasi tuzatib bo‘lmaydigan talafot ko‘rmoqda». «Multiplikatsion filmlar studiyasi» ijodiy jamoasi ochiq xat bilan chiqdi

 «Multiplikatsion filmlar studiyasi» davlat unitar korxonasi ijodiy jamoasi ochiq xat bilan chiqdi. Unda studiyadagi hozirgi holat va «O‘zbekkino» milliy agentligi rahbariyati bilan munosabatlar haqida so‘z yuritilgan.

Foto: O‘zbekkino

Ochiq xatda aytilishicha, 2018 yilda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoniga binoan «Multiplikatsion filmlar studiyasi» barpo etildi. O‘zbekiston xalq artisti Obid Asomov studiyaning birinchi direktori etib tayinlangandi.

«Uning rahbarligi ostida studiya jadal rivojlana boshladi. Obid Asomov nafaqat ajoyib san'atkor, balki milliy animatsiya va uning ishchilari taqdiri bilan shug‘ullangan aqlli va iste'dodli rahbar edi. Uning rahbarligi ostida o‘sib kelayotgan avlod uchun vatanga muhabbat va insoniylik tuyg‘ularini shakllantiradigan bolalar filmlari yaratildi. Yosh animatorlar, rassomlar va rejissyorlarni tayyorlash uchun o‘quv kurslari tashkil etildi.

Ammo, afsuski, bularning barchasi Obid Asomovning bevaqt olamdan o‘tishi va «O‘zbekkino» Milliy agentligining hozirgi bosh direktori etib tayinlangan Firdavs Abduholiqov kelishi bilan barbod bo‘ldi.

O‘zining rahbarligi davrida bu inson ilg‘or islohotlar niqobi ostida yillar davomida yaratilgan o‘zbek animatsiyasi poydevorni barbod qilishga erishdi.

Avvaliga, bu inson studiyamizni tarqatib yuborishini va uni «O‘zbekfilm» konsernining mulsexiga aylantirishini aytdi. Undan keyin «Futurist» xususiy korxonasining egasi Bekzod Salomovni «Multiplikatsion filmlar studiyasiga» direktor etib tayinladi.

Shundan so‘ng Bekzod Salomov darhol asos va sababsiz studiyaning barcha ijodiy guruhini ishdan bo‘shatdi, bu mehnat qonunchiligini qo‘pol ravishda buzish va yuridik nuqtai nazardan noqonuniy hisoblanadi. Ammo bizning noroziligimiz va sud tahdididan keyin mulstudiya direktori hammani o‘z ish o‘rinlariga qaytarishga majbur bo‘ldi», - deyiladi ochiq xatda.

Xatda aytilishicha, «O‘zbekkino» Milliy agentligi bosh direktori buyrug‘i bilan «Milliy qahramon» haqidagi ssenariy uchun 50 000 000 so‘mlik katta mukofot va'da qilingan tanlov o‘tkazilgan.

«Bu tanlovning na rejasi, na tashkiliy ishlari mavjud edi. Shuning uchun tanlov bilan bog‘liq barcha tashkiliy ishlar mulstudiyamizga yuklatildi. Natijada, ishlab chiqarish ortga surildi, tanlov esa ishtirokchilarning tajribasi yetishmovchiligi sababli muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Internetda O‘zbekiston bilan Rossiya hamkorligida «Xo‘ja Nasriddin» haqidagi animatsion filmni ishlab chiqarish haqida tantanali ravishda xabar berildi, bu loyiha ham boshlanmasdan tugadi.

Ammo eng muhimi shundaki, 2020 yilda davlat studiyasida bironta ham animatsion film ishga tushirilgani yo‘q, garchi biz Vatanimiz tarixi va uning qahramonlari haqida ko‘p yaxshi ssenariylarni «O‘zbekkino»ga taqdim etgandik.

«Multiplikatsion filmlar studiyasi» DUKning 30 nafar xodimi - rejissyor, rassom va animatorlar tirikchilikdan mahrum bo‘lib, ishsiz qolgan. Bu bir yildan beri davom etib kelmoqda. Pandemiya paytida bu haqiqiy falokat, chunki ularning oilalari, yosh bolalari, keksa ota-onalari bor va ularni boqish, parvarish qilish kerak.

Bundan tashqari, bunday muhitda qanchadan qancha iste'dodli mutaxassis san'atkorlarimiz studiyani tark etib, o‘zbek animatsiyasi tuzatib bo‘lmaydigan talafot ko‘rmoqda. Biroq bosh direktor uchun odamlar emas, balki pul muhimdir.

Biz tijorat loyihalari va xususiy studiyalarni moliyalashtirishga qarshi emasmiz. Ammo davlat kinostudiyasi mavjud bo‘lganda birinchi navbatda uning xodimlari ishga tushirilishi kerak, deyiladi davlat korxonalari to‘g‘risidagi farmonda.

Bosh direktor davlat filmlarini moliyalashtirishning yangi qoidalarini o‘rnatdi: «Agar men multfilmingizni ishga tushirsam, uni ishlab chiqarish uchun Moliya vazirligi rejalashtirgan pulning atigi 60 foizini beraman, qolganini ko‘chada o‘zingiz topasiz!» Bu o‘zboshimchalikmi yoki nima? Biz rejissyor va rassomlarmiz. Biz qonuniy ravishda davlat tomonidan ajratilgan pullarga filmlar suratga olishimiz kerak. Pul izlab yurish bizning vazifamizga kirmaydi.

«Mulstudiya» ijodiy jamoasi o‘zbek kinoijodkorlarining joriy yil mart oyida «O‘zbekkino»ning hozirgi bosh direktorining havaskor rahbarlik uslubiga qarshi Bosh vazirga bo‘lgan murojaatiga hamfikr bo‘lib, Zulfiqor Musoqovning milliy kinomizga tahdid solayotgan falokat haqidagi nutqiga qo‘shiladilar», - deyiladi «Multiplikatsion filmlar studiyasi» DUK ijodiy jamoasi ochiq xatida.

Ochiq xatga rejissyor Nozim To‘laxo‘jayev, rejissyor Dmitriy Vlasov, rejissyor Gayane Matevosyan, rejissyor Azizbek Muhammedov, rejissyor Sergey Silka, rassom yordamchisi Hamidulla Mahmudxo‘jayev, rassom-animator Kamoliddin Abdurahmonov, rassom-animator Tatyana Korobova, rassom-animator Faina Mutigullina, rassom Nilufar Qudratullayeva, rassom Shahlo Qurbonova, rassom Shodiya Muhammadiyeva, rassom-animator Behzod Mannonov imzo chekishgan.

Kun.uz izoh so‘rab «O‘zbekkino»ga murojaat qildi. U yerda agentlik tez orada ochiq xatga javob berishi va rasmiy bayonot bilan chiqishi aytildi.

Avvalroq, O‘zbek kinosining taniqli arbobi, kinorejissyor Zulfiqor Musoqov prezident Shavkat Mirziyoyevning virtual qabulxonasiga murojaat yo‘llagani xabar qilingandi. Murojaatda u «O‘zbekkino» milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqovning rahbarlik faoliyati yuzasidan salbiy fikrlarini bildirgan.

Shu yilning aprel oyida esa kino sohasiga aloqador 109 kishi «O‘zbekkino» bosh direktori Firdavs Abduxoliqov ustidan bosh vazir nomiga shikoyat yo‘llagandi.

Mavzuga oid