Jamiyat | 16:29 / 19.10.2020
56327
6 daqiqa o‘qiladi

«U yoqqa ketayotganimda dunyo boshqacha edi...» – A'zamxon Bahromovning xotiralarini xotirlab

Hech bir amaldor yoki taniqli insonni yaxshi tanimaymiz. «Bu odam yaxshi» deb qo‘ysak, buning teskarisini isbotlaguvchilar chiqadi. «Yomon» desangiz ham shu holat.

Hammaning o‘z haqiqati bor, deganlari shudir balki…

Hozir hokim haqida gapirmoqchiman. Endi u sobiq… Ertalab vafot etgani haqida o‘qidim.

A'zamxon Bahromov Samarqand viloyatida hokim bo‘lgan. Bir necha yilga qamalgan. Turli mish-mishlar, gap-so‘zlar yurardiki, u kishi hech qachon «chiqmaydi». Yo‘q, chiqdi. Bir muddat Qo‘shrabotda va so‘nggi vaqtlarda Kattaqo‘rg‘on tumanida ishlayotgandi.

Shu odam haqida ikki og‘iz. Fikrim A'zamxon Bahromov haqida biroz iliq tuyulsa, ikkilanmang. Choy ichadigan darajada tanishligim yo‘q. Hatto u kishining hozir ham nima sababdan, qanday xastalik bilan vafot etganini bilmayman.

2007 yilning kuz oylari, Bahromov viloyatda hokim edi. Akamda diniy ilm bor, o‘sha paytlarda ham madrasada o‘qirdi, ham Samarqanddagi bir majmuada qorovullik qilardi. Yarim tunda qadamjo darvozasi qattiq taqillaydi. Akam chiqib qarasa, to‘rt-besh chog‘li odam. Qolganlari oldindagisiga hurmat ko‘rsatib turibdi.

Akamning holati hokimni qanoatlantirmaydi. Boshyalang, paypoqsiz kalishda va mulozamatni bilmaydigan odam kimga ham yoqardi.

Majmua ichiga kirgach, hokim yon-atrofga qaraydi. Kimdir tilovat qilishi kerak. «O‘qishni bilasanmi?» so‘raydi akamdan. Akam qiroat qiladi. Bahromovning qiyofasi o‘zgarib boraveradi va tilovat qilayotgan yigitchaga yaqinroq surilib kelaveradi. Majmuani tark etarkan, qorovulni «siz»lashga o‘tgandi. «Ilm egalarini, ayniqsa, madrasada tahsil olayotganlarni qo‘llashimiz, hurmat qilishimiz kerak, ishxonamga o‘ting», deb chiqib ketadi.

Shu joyga kelganda, akasi hokimning yoniga borgan ekanda keyinchalik deb o‘ylamang, akam Bahromovni keyin qaytib ko‘rmagan ham.

O‘ylayapman, hokim yarim tunda diniy majmuaga nega boradi? Nega tilovat eshitgisi keladi? 

Ikkinchi voqea. O‘tgan yili Kattaqo‘rg‘on tumanida press-tur o‘tkazildi.

To‘liq tafsilotini gapirib o‘tirmayman. Muloqot davomida Bahromov Erkin Vohidov ijodiga mansub she'rdan o‘qidi. Yoddan. Va bir gapni aytdi: «O‘lim bilan yuzlashgan odamman. O‘laman, deb o‘ylovdim. Ammo taqdir ekan, Alloh yana menga imkoniyat berdi, rahbar bo‘ldim. Endi boshqacha yashab bo‘lmaydi. Umrimning so‘ngigacha yaxshilik qilib yashashga, yordam so‘rab kelgan, muhtoj insonlarga ko‘mak berib yashashga ahd qildim» dedi u.

Yaxshi odam ekan, deb qo‘ydim.

O‘tgan oyda ham xizmat safari bilan Kattaqo‘rg‘onda bo‘ldim. Hokim qandaydir «ochilgisi» keldi. Dildan, samimiy, uzoq gapirdi.

Qisqacha shu haqda.

«Jasliqda «o‘tirdim». U yerdagilarning hammasini gapira olmayman. Ammo bir necha marta o‘lim bilan yuzlashdim. Dunyodan butunlay uzilib qoldim. Kitob o‘qidim, hadislar mutolaa qildim. Diniy bilimga ham ozmi-ko‘p ega bo‘ldim. Tafakkur qildim, hayotimni tahlil qildim, xatolarimni o‘yladim. Bular uchun hech kimni ayblamayman, taqdir», dedi hokim.

Haqiqatan ham qariyb ikki soatlik suhbat davomida hech kimni ayblamadi, nolimadi.

«Kutmagandim, Allohga shukr, ozodlikka chiqdim. Toshkent aeroportiga tushdim. Atrofga qarayman, dunyo boshqacha, o‘zgarib ketgan. Men u yoqqa ketayotganimda, mana bunaqa matohlar anqoning urug‘i edi. Aeroportda hammaning qo‘lida telefon, odamlar odamlarga qaramaydi, yuziga tikilmaydi. Hamma o‘zi bilan o‘zi, telefon bilan ovora...

Ba'zan yonimga shunday muammolar bilan kelishadiki, eshitib yashaging kelmay qoladi. Astag‘firulloh, bolasini ko‘chaga tashlab ketishyapti, sotishyapti. Mulk talashishlarniki, gapirmayman. Juda o‘zgarib ketdi dunyo, qo‘rqib ketaman», degan edi Bahromov.

«Bilasizmi, bu illatlarning zamiri nimada?» so‘radi u kishi.

Javobni ham hokimning o‘zidan eshitgim keldi, yelka qisdim.

«Diniy bilimning yo‘qligidan...» dedi A'zamxon Bahromov.

Bilganimiz shuki, OAV vakili sifatida Kattaqo‘rg‘ondan keladigan muammoli murojaatlar kamayganini sezdik. Hudud yo‘llari ravonlashgani, istiqbolli loyihalar amalga oshirilgani, ishbilarmon-u tadbirkorlarni tumanga tortgani yaqqol ko‘rindi. Hokim sifatida qanday ishlayotganini bir muddat oldin davlat rahbari ham e'tirof etdi. Prezident boshqa hududlar rahbarlarini Kattaqo‘rg‘onga borib, Bahromov tajribasini o‘rganib kelishga chaqirdi. «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirladi.

Men bu odamning mana shu qiyofasini ko‘rganman. U ham zamonaviy, ham milliy qadriyatlarni qadrlaydigan, iymonli, tafakkurli hokim edi.

Isomiddin Po‘latov

Mavzuga oid