Jamiyat | 20:16 / 18.11.2020
17034
4 daqiqa o‘qiladi

Andijondagi bozorda ro‘y bergan yong‘in bo‘yicha jinoiy ish ochildi. Zarar taxminan 1 mlrd so‘mga baholanmoqda

17 noyabr kuni soat 21:34 atrofida Andijon tumani Sultonobod mahallasi hududidagi «Yorboshi vodiy savdo» MChJga tegishli oshxona va savdo do‘konlarida yong‘in kelib chiqdi.

Biz 18 noyabr kuni ertalab hodisa joyida bo‘ldik. U yerda yong‘in oqibatlari bartaraf etilayotgan edi. Tegishli tashkilotlar xodimlari mavjud texnika vositalaridan foydalangan holda tozalov ishlarini amalga oshirib, chiqindilarni olib chiqib ketishmoqda. Yonib xarobaga aylangan savdo do‘konlarining egalari ularga yordam berishmoqda.

Andijon tumani FVB bergan dastlabki ma'lumotlarga qaraganda, yong‘inda jami 24 ta do‘kon alanga ichida qolgan. U yerdagi mahsulotlarning katta qismi yonib kul bo‘lgan.

«17 noyabr kuni soat 21:34 atrofida Andijon tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi navbatchilik qismiga «Yorboshi vodiy savdo» MChJga qarashli savdo do‘konlari yonayotgani haqida xabar kelib tushdi. Yong‘in-qutqaruv bo‘linmamiz zudlik bilan harakat qilib, yong‘in bo‘layotgan joyga 21:41da yetib keldik.

Yong‘in joyiga yetib kelganimizda, o‘zingiz ko‘rib turgan mana shu joylar alanga olib yonayotgan edi. Zudlik bilan Andijon viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga tegishli 9ta yong‘inni o‘chirish avtomobili yetib kelib, yong‘inni soat 22:55da bartaraf qildik.

Yong‘in natijasida 24 dona savdo rastalari yonib zararlandi. 3000 m.kv. maydon saqlab qolindi. Ayni paytda yong‘in sabablarini aniqlash uchun tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilib, o‘rganilmoqda. Va ko‘rib turganingizdek, tozalov ishlari olib borilmoqda, – deydi Andijon tumani FVB inspektori, leytenant Bekzodbek Qobilov.

Shu joyda jabrlangan savdogarlarni suhbatga tortdik.

«Kechqurun soat 10da qo‘ng‘iroq bo‘ldi bozor yonyapti, deb. Kelib ko‘rganimda o‘t o‘chirish xodimlari hamma joyda o‘zlarini ishlarini olib borayotgan ekan. Orada men o‘zimni do‘konimni ko‘rdim. Xudoga shukr, do‘konim saqlanib qoldi. Qolganlarga sabr tilayman.

11 noyabr kuni yong‘in xavfsizligi xodimlari kelib, ogohlantirish berib ketishgan edi. Lekin ba'zi bir insonlarning mas'uliyatsizligi hisobiga shu ko‘rgiliklar bo‘ldi. Bundan yomonidan saqlasin», – deydi 53-do‘kon egasi Mirzobobur Qosimov.

«Ulgurji bozorda oziq-ovqat bilan savdo qilardik. Ko‘rgilik ekan. Hammasi Xudodan, nima qilamiz endi. Shunaqa bir sabab bo‘larkan-da. Ehtiyot bo‘lish kerak ekan, albatta, elektr energiyaga, boshqaga.

Sababi nimaligi hozircha aniq emas. Eng achinarlisi, ko‘pchilik moddiy jabrlandi.

Vaqt ko‘rsatadi, o‘rniga kelib qolar. Keladi, Xudo xohlasa, harakatdamiz. Har qanday ish behikmat bo‘lmaydi. Bu ham behikmat emas. Xudo birini olganda o‘nini beraman, degan. Xudo xohlasa bo‘ladi, yanayam yaxshi bo‘lib ketadi, – deydi do‘kon egalaridan biri Abdumalik Valiyev.

Bosh prokuratura bergan ma'lumotga ko‘ra, yong‘in oqibatida binoning umumiy 692,9 kv metr qismi yonib, taxminan 1 mlrd so‘mlik zarar yetgan.

Holat yuzasidan Andijon tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi «b» bandi (Og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Elmurod Ermatov,
Ahrorbek Yoqubjonov.

Mavzuga oid