O‘zbekiston | 17:14 / 11.12.2020
8826
3 daqiqa o‘qiladi

Muzaffar Komilov «Vaqf» fondining shaffofligi haqidagi tanqidlarga munosabat bildirdi

«Tez kunlarda fond shaffofligi nuqtayi nazaridan yangi sifat ko‘rsatkichiga o‘tiladi», – dedi diniy sohadagi vakolatli organ rasmiysi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Komilov «Vaqf» fondi daromad va xarajatlarini shaffoflashtirish haqidagi savolga javob qaytardi.

«Haqiqatan ham «Vaqf» fondi haqida turli gap-so‘zlar ko‘payib ketdi. Bu narsalarga chek qo‘yish kerak. Ikki tomonga turib olib, bir-biriga tosh otishmas, bir-birini qo‘llab-quvvatlash kerak.

Fond haqidagi gap bekorga emas. Bekorga urg‘u bermadim. 100 yildan keyin tiklangan diniy va milliy qadriyatga aylangan ushbu yo‘nalishimizni rivojlantirishimiz kerak. Shuning uchun ham fond tarkibida o‘zgarishlar bo‘ldi. Hozir joylardagi fond filiallari xodimlarini ham ko‘rib chiqyapmiz. Bu – kimdir aybdor degan nuqtayi nazardan emas, balki bu davr talabi va fondning ishini takomillashtirish ehtiyoji paydo bo‘lgani uchun.

Fondni obro‘sizlantirish borasida, bilmadim… kimlarningdir qo‘li bordir bu borada yoki boshqacha holatmi. Shaffoflik masalasida topshiriqlar berilgan, aslida hozir ham fondning saytiga kirib ko‘rsa, u yerdagi moliyaviy harakatlarni, kunlik tushumlarni ko‘rib borish mumkin.

Shunday bo‘lsa ham talabdan kelib chiqqan holda, saytni takomillashtirib qo‘shimcha dasturlar orqali har kim o‘zi taqdim qilgan mablag‘ harakatini ham kuzatib borishi imkonini beradigan dasturlar yuklanyapti. Tez kunlarda fond shaffofligi nuqtayi nazaridan yangi sifat ko‘rsatkichiga o‘tiladi», – dedi Muzaffar Komilov 10 dekabr kungi matbuot anjumanida.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi «Vaqf» xayriya jamoat fondi 2018 yilda tashkil etilgan edi. Diniy-ma'rifiy sohada ko‘maklashish, masjidlarni obodonlashtirish, imom-xatiblar va noiblarni moddiy qo‘llab-quvvatlash fondning asosiy vazifalaridan sanaladi.

Noyabr oyida fondga yangi rahbar tayinlandi. Shayxontohur tumanidagi «Shayx Zayniddin» jome masjidi imom-xatibi Yahyo Abdurahmonov «Vaqf» xayriya jamoat fondi boshqaruv kengashi raisi vazifasida ish boshladi.

Mavzuga oid